Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Xizmatlar importi qismida mazkur tartib-taomilning oʻziga xos jihatlari Hisobvaraq-fakturalarning shakllari hamda ularni toʻldirish, taqdim etish va qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda bayon etilmagan. Va boshqa normativ hujjatlarda ham ushbu masala yuzasidan maxsus aniqlashtirishlar mavjud emas. Buxgalterlar uchun yordam tariqasida buxgalter.uz soliq maslahatchisi Gulnora ERGAShEVAdan yoʻriqnoma oldi.
- Bunday vaziyatlarda import qiluvchi xorijiy hamkorning nomi, uning mamlakati, bank rekvizitlarini koʻrsatgan holda – bir tomonlama hisobvaraq-faktura taqdim etishi kerak. “Yetkazib beruvchi” ustunida xorijiy hamkorning rekvizitlari, “buyurtmachi” ustunida esa – tashkilot – xizmatlarni oluvchining ma’lumotlari toʻldiriladi.
SKning 255-moddasiga asosan realizatsiya qilish joyi Oʻzbekiston hisoblangan xizmatlar importida soliqlarni hisoblab chiqarish va toʻlash majburiyati soliq agenti sifatida xizmatlarni olgan rezident zimmasida boʻladi. Bunda xizmatlarni realizatsiya qilish joyini toʻgʻri aniqlash muhimdir, sababi QQSni (29-kodli) ushlab qolish, hisoblab chiqarish va toʻlash shunga bogʻliq. Bu masalada SKning 241-moddasiga moʻljal oling.
Agar Oʻzbekiston xizmatlarni realizatsiya qilish joyi deb e’tirof etilsa va SKning 243-245-moddalarida nazarda tutilgan imtiyozlar va ozod etishlar mavjud boʻlmasa, QQSni 15% stavka boʻyicha toʻlash va buni EHFda aks ettirish zarur.
Agar Oʻzbekiston xizmatlarni realizatsiya qilish joyi boʻlmasa, QQSni siz toʻlamaysiz.
Shundan kelib chiqib EHF ustunlari toʻldiriladi, ularda QQS stavkasi va summasini, shuningdek xarid qiymatini koʻrsatish zarur.
Xarid qiymati koʻrsatilishi lozim boʻlgan ustun xizmatlar importi boʻyicha shartnoma ma’lumotlari asosida rasmiylashtiriladi, shu bois uni tuzish chogʻida QQS qismida shartlarga e’tibor qaratish zarur.
Kontraktlar shartlariga muvofiq xizmatlar chet ellik shaxslar tomonidan yoki QQS bilan yoxud usiz taqdim etiladi.
Agar QQS kontraktda kelishilgan boʻlsa, u shunchaki ushlab qolinadi va byudjetga toʻlanadi. Agar – kelishilmagan boʻlsa, soliq agentining oʻzi QQSsiz koʻrsatilgan xizmatlar qiymatidan kelib chiqib soliq bazasini aniqlaydi, tegishli soliq summani hisoblab chiqaradi va byudjetga toʻlaydi.
Ham birinchi, ham ikkinchi holda QQS toʻlanganligini tasdiqlovchi toʻlov hujjati SKning 37-bobiga muvofiq toʻlangan soliq summasini hisobga olish huquqini beradi.
Misol uchun, xorijiy hamkor Oʻzbekiston kompaniyasiga oʻz mamlakatining 20% QQS stavkasini inobatga olgan holda 120 sh.b. miqdorida elektron xizmatlar koʻrsatdi va shu summaga invoys taqdim etdi. Oʻzbekiston xizmatlar koʻrsatish joyi hisoblanadi. Voqealarning ikkita ssenariysi boʻlishi mumkin:
1-variant: shartnoma boʻyicha 120 sh.b.ga 15% (18 sh.b.) “bizning QQS” qoʻshiladi, Oʻzbekiston kompaniyasi uni ushlab qoladi va byudjetga oʻtkazadi.
2-variant: shartnoma boʻyicha xizmatlar qiymati “bizning QQS”siz 120 sh.b.ga teng (15% – 18 sh.b.). Bu holda Oʻzbekiston kompaniyasi uni oʻzi hisoblab chiqaradi va byudjetga toʻlaydi.
Oleg GAYeVOY tayyorladi