9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Kontragent – byudjet tashkiloti elektron hisobvaraq-fakturani qabul qilmayapti, buni ERIga(elektron raqamli imzoga) ega emasligi bilan asoslamoqda. Bunda hamkor hujjatni qogʻoz shaklda imzolashga rozi. Bunday vaziyatda tijorat tashkiloti – tovarlar va xizmatlarni yetkazib beruvchi qanday yoʻl tutishi lozim? Tijorat tashkilotida soliqlarning hisobi va ularni toʻlash uchun asos – qogʻoz shaklda hisobvaraq-faktura va taqdim etilgan, biroq imzolanmagan EHFning mavjudligi yetarlimi?
Buxgalter.uz iltimosiga binoan savolga Kameral soliq tekshiruvi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Muzaffar MUHAMADSAIDOV javob berdi.
- Hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirish va saqlash tartibi 14.08.2020 yildagi 489-son VMQning 2-ilovasiga muvofiq belgilangan va barcha uchun majburiydir.
Hisobvaraq-fakturalarning shakllari hamda ularni toʻldirish, taqdim etish va qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizomning 10-bandiga asosan hisobvaraq-fakturalar elektron shaklda rasmiylashtiriladi va ularning saqlanishi hamda hisobi yuritilishi elektron axborot tizimida amalga oshiriladi.
Ushbu hujjatning 12-bandida istisno koʻrsatilgan. Hisobvaraq-faktura davlat siriga taalluqli boʻlgan xoʻjalik operatsiyalari amalga oshirilganda qogʻoz shaklda rasmiylashtirilishi mumkin.
Nizomning 10-bandi 2-qismiga ham e’tibor qaratish muhim. Unda tovarlarni (xizmatlarni) sotib oluvchi faqat elektron shaklda qabul qilingan hisobvaraq-fakturalarda aks ettirilgan QQS summasini hisobga olishga haqli ekanligi aytilgan.
Nizomning 63-bandiga asosan yetkazib beruvchi tomonidan taqdim etilgan elektron hisobvaraq-faktura 10 kalendar kun ichida sotib oluvchi tomonidan ERI (elektron raqamli imzo) bilan tasdiqlanishi yoki sababi koʻrsatilgan holda rad etilishi shart. Ushbu muddatda tasdiqlanmagan yoki rad etilmagan elektron hisobvaraq-faktura tasdiqlangan hisoblanadi.
Agar tashkilotda yuridik shaxsning ERI (elektron raqamli imzosi) boʻlmasa, uni olish uchun hech narsa halal bermaydi. Buning uchun tashkilot vakili Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilishi zarur. Byudjet tashkilotlari uchun ERIni (elektron raqamli imzosini) rasmiylashtirish – bepul.
Eslatib oʻtish oʻrinli boʻladi: agar qandaydir sabablarga binoan hisobvaraq-faktura kechiktirib rasmiylashtirilgan boʻlsa, soliq hisobotini qayta topshirish zarur”.
Tahririyatdan:
Agar muddatida koʻrib chiqilmagan EHFni avtomatik tarzda e’tirof etish normasi amaliyotda roʻyobga chiqarilganda edi, muammo bunchalik keskin boʻlmasdi. Muammo haqida biz bu yerda yozgandik.
Byudjet tashkilotlari bilan hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirishda ayrim xususiyatlarni inobatga olish zarur. Bu haqda DSQ huzuridagi «Yangi texnologiyalar» IAM mutaxassislari bu yerda gapirib berishgan.
Oleg GAYeVOY tayyorladi