Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
Yillik hisobotlar davri ham yaqinlashmoqda, buxgalterlar juda e’tiborli boʻlishlari va SK-2020 yangiliklarini unutmasliklari lozim. Jumladan, maqsadli mablagʻlarni oluvchi tashkilotlar birinchi marta ulardan foydalanish boʻyicha hisobot topshirishlari kerak. Soliq maslahatchisi Gulnora ERGAShEVA buxgalter.uz oʻquvchilariga bu haqda maxsus gapirib berdi:
- Soliq hisoboti shakllari tayyor va my.soliq.uz da joylashtirilgan. Ularni yil yakuni chiqarilganda 2021 yilning yanvar-fevral oylarida toʻldirish zarur boʻladi.
Ushbu majburiyatlarni bajarish uchun tashkilotlar (byudjet tashkilotlari bundan mustasno) maqsadli mablagʻlardan foydalanish doirasida olingan daromadlar (qilingan xarajatlar) hisobini alohida-alohida yuritishi shart
.
Alohida-alohida hisob yuritish qoidalari SKning 80-moddasida belgilangan:
- soliq solish ob’yektlarining va soliq solish bilan bogʻliq ob’yektlarning alohida-alohida hisobi buxgalteriya hisobi ma’lumotlari asosida yuritiladi;
- faoliyatning muayyan turiga taalluqli barcha daromadlar va xarajatlar tegishli hisob hujjatlari bilan tasdiqlanishi kerak;
- soliq solish ob’yektlarining va soliq solish bilan bogʻliq ob’yektlarning alohida-alohida hisobi mutanosib usul yoki toʻgʻridan-toʻgʻri hisobga olish usuli yordamida yuritilishi mumkin.
Ushbu qoidalarga rioya qilmaslik korxona uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi: SKning 297-moddasiga muvofiq maqsadli mablagʻlarni jami daromadga kiritish va ular boʻyicha soliq toʻlashga toʻgʻri keladi.
Agar qandaydir sabab bilan korxonada SKning ushbu talablarini e’tibordan qochirishgan boʻlsa, nima qilish lozim?
Yil yakuniga qadar yana ozgina vaqt bor, undan xatolarni tuzatish va buxgalteriyani qonunchilik talablariga muvofiq keltirish uchun foydalaning.
Buni qanday amalga oshirishni men «Norma» oʻquv markazi bilan birgalikda tayyorlayotgan: “Notijorat tashkilotlar va ijtimoiy sohada xizmatlar koʻrsatuvchi korxonalarga soliq solish, buxgalteriya hisobi xususiyatlari” nomli vebinar doirasida gapirib berishni rejalashtiryapman. E’lonlarni kuzatib boring!
Vebinar doirasida biz nodavlat notijorat tishkilotlari uchun hisob siyosatini shakllantirish xususiyatlarini batafsil koʻrib chiqamiz. Unda daromadlar hisobi yuritiladigan usulni yozish shart. SKning 80-moddasiga muvofiq ular ikkita:
1) mutanosib usul. Bu holda daromadlar, xarajatlar va soliq solishning boshqa ob’yektlari yoki soliq solish bilan bogʻliq ob’yektlar realizatsiya qilishdan olingan tushumning umumiy summasida faoliyatning muayyan turlari boʻyicha, QQS va aksiz soligʻini hisobga olmagan holda realizatsiya qilishdan olingan tushum ulushiga mutanosib tarzda shu muayyan faoliyat turlariga kiritiladi;
2) toʻgʻridan-toʻgʻri hisobga olish usuli. Bu holda daromadlar, xarajatlar va soliq solishning boshqa ob’yektlari yoki soliq solish bilan bogʻliq ob’yektlar faoliyatning qaysi turi amalga oshirilishi bilan bogʻliq boʻlsa, shu turiga kiritiladi. Bunda faoliyatning faqat bitta aniq turiga kiritish mumkin boʻlmagan daromadlar, xarajatlar va soliq solishning boshqa ob’yektlari yoki soliq solish bilan bogʻliq ob’yektlar hisobga olishning mutanosib usuli orqali faoliyatning amalga oshirilayotgan barcha turlariga kiritiladi.
Har bir usulning xususiyatlari haqida ham vebinarda gaplashamiz.
Oleg GAYeVOY tayyorladi