Tovarlar shartli chiqarib yuborilganda – toʻliq boʻlmagan BYuD

preview

Bojxona yuk deklaratsiyasini toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi . Tuzatishlar 3 oy oʻtgach kuchga kiradi. Batafsil – “Norma”ning yuridik masalalar boʻyicha eksperti Oleg ZAMANOVning sharhida:

- Shartli chiqarib yuboriladigan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirishda toʻliq boʻlmagan bojxona yuk deklaratsiyasi (BYuD) qoʻllanilishiga ruxsat beriladi. Mazkur holatda rasmiylashtiruv ikki bosqichda amalga oshiriladi:

  • birinchi bosqichda bojxona postiga toʻliq boʻlmagan BYuD taqdim etiladi. U import qilinadigan tovarlarni rasmiylashtirishga oid umumiy qoidalar boʻyicha toʻldiriladi, biroq quyidagi oʻziga xos jihatlar inobatga olinadi:

a) «Deklaratsiya turi» deb nomlangan 1-grafaning birinchi boʻlmasida «ND» harfli kodi qoʻyiladi, ikkinchi boʻlmasida Bojxona tasniflagichiga muvofiq bojxona rejimining ikki raqamli kodi koʻrsatiladi, uchinchi boʻlmasi toʻldirilmaydi;

b) «Ishonch bildirgan shaxs» deb nomlangan 50-grafada quyidagilar uchun javobgar boʻlgan shaxslarning F.I.O., lavozimi, telefon raqami (mavjud boʻlganda) va STIRi koʻrsatiladi:

- taqdim etilgan hujjatlar va ma’lumotlar uchun («Taqdim etilgan hujjatlar va ma’lumotlar uchun javobgar...» deb yoziladi);

- toʻliq BYuDni taqdim etish uchun – uni muayyan sanagacha taqdim etish majburiyatini olgan holda («Toʻliq BYuDni XX.XX.XXXXgacha taqdim etish majburiyatini olaman» deb yoziladi, bunda XX.XX.XXXX tegishlicha kun, oy, yilni anglatadi).  

Javobgar etib deklarant yoki u ishonch bildirgan shaxs tayinlanadi. Ikkinchi holatda deklarant ishonch bildirgan shaxsning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatning (shartnomaning, ishochnomaning) raqami, sanasi va amal qilish muddati koʻrsatiladi;

  • ikkinchi bosqichda bojxona postiga toʻliq BYuD taqdim etiladi, u umumiy qoidalarga koʻra toʻldiriladi. Bunda 1-«Deklaratsiya turi» grafasining birinchi boʻlmasida tovarlarni olib oʻtish yoʻnalishi – «IM», ikkinchi boʻlmasida – Bojxona rejimlari tasniflagichiga muvofiq kod, uchinchi boʻlmasida – «PND» harfli kodi koʻrsatiladi. Toʻliq BYuDga toʻliq boʻlmagan BYuDga berilgan roʻyxat raqami beriladi.

Bundan tashqari, quyidagi oʻzgartirishlar kiritilishi ham nazarda tutilgan:

  • keyinchalik sotish uchun farmatsevtika mahsulotlari (TIF TN tovar guruhi 30) va tibbiy buyumlar (TIF TN tovar pozitsiyasi 9018) import qilinganda ham BYuDda ularning konsentratsiyasi, oʻramdagi birliklar soni va oʻramlar soni koʻrsatiladi;
  • bojxona organi tomonidan BYuD toʻldirilganda, unda hisob-kitob tafsilotlari aks ettiriladi – buning uchun maxsus «V» grafasi kiritiladi. Grafada Bojxona toʻlovlari tasniflagichiga muvofiq toʻlov kodi hamda mazkur kod boʻyicha ushbu BYuD ma’lumotlariga koʻra deklaratsiyalanayotgan barcha tovarlarga oid toʻlovlarning yigʻindisidan iborat boʻlgan  toʻlovlarning umumiy summasi koʻrsatiladi. Bojxona toʻlovlaridan ozod etilgan holatda grafada qoʻshimcha ravishda tasniflagichga muvofiq toʻlov kodi, mazkur kod boʻyicha hisoblangan imtiyozlarning umumiy summasi koʻrsatiladi va «toʻlanmaydi» belgisi qoʻyiladi;
  • BYuDda foydalanish uchun yangi kodifikatsiya joriy etilmoqda:

a) savdo qiluvchi taraf offshor zona hisoblansa, 11-grafaning oʻng boʻlmasida «1» kodi, bunday zona boʻlmagan taqdirda – «2» kodi koʻrsatiladi;

b) qoʻshimcha ravishda qoʻllaniladigan hisob-kitob shaklining quyidagi kodlari joriy etilmoqda: «60» – konsignatsiya boʻyicha, «70» – barter operatsiyasi, «80» – begʻaraz asosda yetkazib berish (hozir bunday holatlarda 20-grafaning uchinchi boʻlmasi toʻldirilmaydi, tahr. izohi);

v) tovarlarni joʻnatish shaklining kodi – 20-grafaning uchinchi boʻlmasida qoʻllaniladigan hisob-kitob shaklining kodidan keyin «/» belgisi bilan koʻrsatiladi:

  • «01» – shartnoma tuzuvchi shaxs tomonidan (eksport qilishda) yoki shartnoma tuzuvchi shaxs tomonidan (import qilishda) tovar toʻgʻridan-toʻgʻri joʻnatilayotgan boʻlsa;
  • «02» – boshqa holatlarda;

g) sochilgan, uyumlangan, quyilgan holatda oʻramsiz olib oʻtiladigan tovarlarni belgilash uchun BYuDning 31-grafasida quyidagi kodlar qayd etiladi: «01» – sochilgan holda, «02» – uyumlangan holda, «03» – quyilgan holda;

d) 31-grafada 11 raqami ostida import qilinayotgan tovar davlat xaridlari doirasida boʻlsa - «01» kodi, import qilinayotgan tovar davlat xaridlari doirasida boʻlmasa - «02» kodi koʻrsatiladi. Tovarlarning bir qismi davlat xaridlariga aloqador boʻlmagan hollarda ular alohida tovar sifatida deklaratsiyalanadi;

ye) tovarlar vaqtinchalik saqlash va bojxona ombori bojxona rejimlariga joylashtirilganda 44-grafada 905 tartib raqami ostida tovarlarning saqlanish sabablari koʻrsatiladi. Tovarlarning saqlanish sabablariga qarab quyidagi kodlar qayd etiladi:

  • tegishli sertifikat olish bilan bogʻliq boʻlsa – «001», ruxsatnoma va litsenziya olish bilan bogʻliq boʻlsa – «002», bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyoz olish bilan bogʻliq boʻlsa – «003»;
  • tegishli shartnoma bilan bogʻliq boʻlsa – «004»;
  • moliyaviy mablagʻlar yoʻqligi bilan bogʻliq boʻlsa – «005»;
  • tovar Oʻzbekistondan qaytarib olib chiqib ketilishi kutilayotganligi bilan bogʻliq boʻlsa – «006», tovar boshqa shaxsga oʻtkazilishi kutilayotganligi bilan bogʻliq boʻlsa – «007»;
  • tovarga nisbatan taqiq qoʻyilganligi bilan bogʻliq boʻlsa – «008» kodi;

j) yangi Bojxona toʻlovlari tasniflagichi tasdiqlandi – unga, jumladan yagona bojxona toʻlovi («30» kodi) va utilizatsiya yigʻimi («79» kodi) va boshqalar kiritildi. 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 3.02.2021 yildan kuchga kiradi.

Norma.uz materiallari asosida

Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text164606_tovarlar_shartli_chiqarib_yuborilganda_-_tuliq_bulmagan_byud