Agar ob’yektiv sabablarga binoan kechikkan boʻlsangiz, EHF qanday taqdim etiladi?

preview

10 sanaga qadar hisobvaraq-faktura taqdim etishlari kerak boʻlgan, biroq buni amalga oshirishga ulgurmagan buxgalterlar, noyabrda ularni umuman taqdim eta olmadilar. 17 noyabrda elektron hisobvaraq-fakturalar tizimidagi tegishli cheklovlar vaqtincha olindi. Muhim soʻz – “vaqtincha”. Keyin nima boʻladi?

Buxgalter.uz iltimosiga binoan vaziyatni soliq maslahatchisi Gulnora ERGAShEVA sharhlab berdi.

- Soliqchilar hozircha texnik taqiqni bekor qilishdi. Bilishimcha, bunday cheklovni – soliq toʻlovchilarni tartib

-intizomga solish uchun – butunlay joriy etishni xohlashgan. Binobarin, masala hali yana bir necha marotaba koʻtariladi. Bunda biz hozircha uni hal qilishga tayyor emasmiz. Muammoni hal qilish yoʻlidagi birinchi qadam normativ hujjatlarga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish boʻlishi kerak.

- Aynan qanday tuzatishlar zarur?

- Hisobvaraq-fakturalarning shakllari hamda ularni toʻldirish, taqdim etish va qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizomda quyidagi normalar mavjud:

  • “elektr va (yoki) issiqlik energiyasi, suv, gaz, kommunal xizmatlar, aloqa xizmatlari, temir yoʻlda tashish, transport-ekspeditorlik xizmati realizatsiya qilinganda, quvurlar tizimi orqali yuklarni tashishga doir xizmatlar realizatsiya qilinganda, shuningdek, tovarlar (xizmatlar) doimiy (uzluksiz) asosda realizatsiya qilinadigan boshqa xollarda tovarlar yetkazib berilganda (xizmatlar koʻrsatilganda) hisobvaraq-faktura kalendar oyning soʻnggi kunida mazkur oy davomida jami yetkazib berilgan tovarlar (koʻrsatilgan xizmatlar) hajmi boʻyicha bir marta taqdim etiladi. Bunda, hisobvaraq-faktura tovarlar (xizmatlar) realizatsiya qilingan oydan keyingi oyning 10 kuniga qadar, tovarlar (xizmatlar) realizatsiya qilingan oyning oxirgi kunidagi sana bilan taqdim etiladi ;
  • ob’yektlar qurilishida, shu jumladan, ob’yektlarni foydalanish uchun tayyor holda qurishda, shuningdek, uzoq (bir soliq hisoboti davridan ortiq) texnologik davriylikdagi uzoq muddatli shartnomalar boʻyicha, agar tuzilgan uzoq muddatli shartnomalar shartlarida xizmatlarni har oyda topshirish nazarda tutilmagan boʻlsa, hisobvaraq-faktura har bir kalendar oyning oxirgi kuni taqdim etiladi. Bunda, hisobvaraq-faktura xizmatlar realizatsiya qilingan oydan keyingi oyning 10 kuniga qadar, xizmatlar realizatsiya qilingan oyning oxirgi kunidagi sana bilan taqdim etiladi ;
  • Nizomning 3-bandiga asosan tovarlar (xizmatlar) hisobvaraq-faktura taqdim etmagan holda realizatsiya qilinganda yetkazib beruvchi har kalendar oy yakuni bilan bir marta umumlashtirilgan holda bir tomonlama elektron hisobvaraq-fakturani shakllantiradi, tovarlar eksporti boʻyicha BYuD rasmiylashtirilgan holatlar bundan mustasno. Umumlashtirilgan holdagi bir tomonlama elektron hisobvaraq-faktura tovarlar (xizmatlar) realizatsiya qilingan kalendar oydan keyingi oyning 5 kuniga qadar, tovarlar (xizmatlar) realizatsiya qilingan kalendar oyning oxirgi kunidagi sana bilan shakllantiriladi .

Amaliyotda turli ob’yektiv va sub’yektiv sabablar tufayli buxgalterlar har doim ham belgilangan muddatlarda ulgurisholmaydi va hisobvaraq-fakturalarni keyinroq taqdim etadilar.

EHF tizimiga texnik cheklovlar joriy qilgan holda soliqchilar intizomni oshirishni xohlashgan: belgilangan muddatlarda hisobvaraq-fakturani taqdim etishga ulgurmadingizmi, demak, uni faqat keyingi oyda taqdim etishingiz mumkin.

Biroq bunday yondashuv savollar tugʻdiradi.Birinchidan, u qonunchilikda yozilmagan. Ikkinchidan, bu biznes nuqtai nazaridan hech ham eng yaxshi yechim emas.

Soliqchilar Nizomning 63-bandida qoʻllanilgan xuddi shu tamoyil asosida masalani tartibga solishni istashgani tushunarli: yetkazib beruvchi tomonidan taqdim etilgan EHF 10 kalendar kun ichida sotib oluvchi tomonidan ERI bilan tasdiqlanishi yoki sababi koʻrsatilgan holda rad etilishi shart. Sotib oluvchi tomonidan belgilangan muddatda tasdiqlanmagan yoki rad etilmagan EHF tasdiqlangan hisoblanadi.  Binobarin, soliqchilarda texnik cheklov qoʻyish uchun huquqiy asoslar mavjud. Va amaliy nuqtai nazardan bu maqsadga muvofiq: hisobvaraq-fakturani faqat QQSni hisobga olishi shart boʻlmaganlar muddatida koʻrib chiqmaydilar.

Biroq shuni nazarda tutingki, Hisobvaraq-fakturalar toʻgʻrisidagi nizomning 6-7 va 59-bandida ular taqdim etilishi lozim boʻlgan muddatlar aytib oʻtilgan. Biroq hech qayerda – Nizomning oʻzida ham, boshqa NHHda ham ushbu muddatlarni buzish qanday oqibatlarga olib kelishi aytib oʻtilmagan. Binobarin, huquqbuzarlarga qandaydir choralar koʻrish uchun buni qonunchilikda belgilash zarur.

- Vaziyatdan chiqishning qanday yoʻlini maqbul deb hisoblaysiz?

- Kechikib EHF taqdim etishga texnik taqiq qoʻyish – bu butunlay notoʻgʻri yondashuv. Hujjat joriy oyda hisobga qabul qilinishi uchun buxgalter kechikib boʻlsa ham, biroq uni oqilona muddatlarda taqdim etish imkoniyatiga ega boʻlishlari kerak.

Hisobvaraq-fakturalarni kechikib taqdim etish qoidaga aylanib qolmasligi uchun, qonunchilikda javobgarlikni nazarda tutish zarur. Har bir kechiktirilgan kun hisobida jarima sanksiyalarini maqbul variant deb hisoblayman.

Bugungi kunda qonunchilikda nazarda tutilgan bitta jarima turini ham mazkur vaziyatga qoʻllab boʻlmaydi. Masalan, Nizomning 59-bandiga muvofiq hisobvaraq-faktura taqdim etmagan holda umumlashtirilgan holda tovarlar (xizmatlar) realizatsiya qilingan kalendar oydan keyingi oyning 5 kuniga qadar bir tomonlama (“oʻziga oʻzi”) taqdim etiladigan hisobvaraq-faktura, rasmiylashtirilishi buzilganligi uchun qonunchilikda jarimalar nazarda tutilgan boshlangʻich buxgalteriya hujjati ham, har qanday boshqa buxgalteriya hujjati ham hisoblanmaydi.

Oleg GAYeVOY suhbatlashdi

EHF: EHA — maslahatlar EHF EHF (EHA) — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text164890_agar_obektiv_sabablarga_binoan_kechikkan_bulsangiz_ehf_qanday_taqdim_etiladi