9 oyni xatolarsiz yopamiz:
QHTBTda Prezidentning “Oʻrta korxonalarni ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy etish va ularni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi joylashtirilgan. Hujjat kichik, oʻrta va yirik biznes jumlasiga kiritish mezonlarini aniqlashtiradi:
Xususan:
a) kichik tadbirkorlikka:
- yakka tartibdagi tadbirkorlar;
- mikrofirmalar – oʻrtacha yillik xodimlar soni 10 tagacha va yillik tovar (ish, xizmatlar) realizatsiyasidan sof tushum miqdori 1 mlrd soʻmgacha boʻlgan tadbirkorlik sub’yektlari;
- kichik korxona – oʻrtacha yillik xodimlar soni 100 tagacha va yillik tovar (ish, xizmatlar) realizatsiyasidan sof tushum miqdori 5 mlrd soʻmgacha boʻlgan tadbirkorlik sub’yektlarini kiritish taklif qilinmoqda;
b) oʻrta korxona – yillik xodimlar soni 250 tagacha va yillik tovar (ish, xizmatlar) realizatsiyasidan sof tushum miqdori 15 mlrd soʻmgacha boʻlgan tadbirkorlik sub’yektlari;
v) yirik korxona – yillik doimiy xodimlar soni 250 tadan ortiq va yillik tovar (ish, xizmatlar) realizatsiyasidan sof tushum miqdori 15 mlrd soʻmdan ortiq tadbirkorlik sub’yektlari kiradi;
g) oʻrtacha yillik xodimlar soni va sof tushum miqdoridan qa’tiy nazar davlat unitar korxonalari hamda ustav fondida davlat ulushi 50% va undan yuqori boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari oʻrta korxonalar toifasiga kirmaydi.
Oʻrta biznes korxonalari statistika hisobotlarini faqatgina choraklik asosda taqdim etadilar.
Loyiha bilan oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda. Boshqalar qatorida:
- jalb etiladigan chet ellik mutaxassislar uchun qilinadigan xarajatlarning va davlat mulki ijarasi uchun xarajatlarning bir qismini qoplash;
- mahsulotlarni eksport qilishda transport bilan bogʻliq xarajatlarning bir qismini kompensatsiya qilish;
- fond birjasida obligatsiyalarni joylashtirish orqali jalb qilingan mablagʻlar summasiga foyda soligʻi boʻyicha soliq solish bazasini kamaytirish.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Norma.uz materiallari asosida