Bepul berishda QQS qanday hisoblab chiqariladi

preview

Tovarlarni (xizmatlarni) bepul berishda, bundan shunday berish iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlaydigan hollar mustasno, QQS ushbu tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi. Ushbu qiymatni qanday aniqlash va qanday hollarda bepul berish iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlaydigan hisoblanishi haqida Moliya vazirligining bilvosita soliqlar va bojxona toʻlovlari metodologiyasi boʻlimi boshligʻi  Bahodir BOYQABILOV buxgalter.uz uchun maxsus soʻzlab berdi:

- Tovarlarni bepul berish (xizmatlar koʻrsatish) – bu QQSni hisoblab chiqarish maqsadida realizatsiya qilish boʻyicha aylanmadir. Bundan tovarlarni shunday berish, xizmatlar koʻrsatish iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlaydigan hollar mustasno .

Bepul berish quyidagi shartlardan hech boʻlmaganda biriga rioya etilganda iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlaydi deb e’tirof etiladi :

1) daromad olishga qaratilgan faoliyatni amalga oshirish maqsadida ishlab chiqarilgan boʻlsa;

2) shunday tadbirkorlik faoliyatini saqlash yoki rivojlantirish uchun zarur boʻlsa va xarajatlarning tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliqligi asoslantirilgan boʻlsa;

3) qonun hujjatlarining qoidalaridan kelib chiqsa.

Misol
Iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlaydigan tovarlarni bepul berish
QQS toʻlovchisi boʻlgan savdo korxonasi reklama maqsadida xaridorlarga oʻz tovarlarining namunalarini va oʻzining logotipi tushirilgan yodgorliklarni (futbolkalar, ruchkalar, paketlar) bepul tarqatadi. Bu korxonaning tovarlariga mijozlar e’tiborini jalb qilish, mavjudlarini saqlash va yangi mijozlarni topish uchun amalga oshiriladi.
Bunday berish - iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlaydi, sababi daromad olishga qaratilgan faoliyatni amalga oshirish maqsadida amalga oshiriladi, bunday faoliyatni saqlash va rivojlantirish uchun zarur. Binobarin, mazkur vaziyatda QQS solish ob’yekti yuzaga kelmaydi.

Korxonaning soliq agenti sifatidagi xarajatlari soliq toʻlovchilar – reklama kampaniyasi doirasida tovarlar va yodgorliklarni oluvchilarning daromadi hisoblanmaydi .

Iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlash shartlariga javob bermaydigan tovarlarni (xizmatlarni) bepul berishda QQS boʻyicha soliq bazasi ushbu tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlanadi .

QQS boʻyicha soliq bazasini tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymatidan kelib chiqib aniqlash tartibi maxsus Nizom bilan belgilanadi.

Bepul beriladigan tovarlarning (xizmatlarning) bozor narxi qanday aniqlanadi?

Tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymati - tovarlarning (xizmatlarning) ehtimolga eng yaqin va adolatli qiymati, shu jumladan, vakolatli organlar, baholash tashkilotlari tomonidan aniqlanadigan va (yoki) belgilangan, tovarlar (xizmatlar) bozorida realizatsiya qilinishi (koʻrsatilishi) mumkin boʻlgan qiymat. Uni aniqlashda quyidagi ma’lumotlardan foydalanish mumkin:

  • oʻzining narxga doir ma’lumotlari (prays-varaqlar);
  • axborot-narx agentliklari ma’lumotlari;
  • OAVdan olingan ma’lumotlar;
  • birja xabarlari;
  • Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan e’lon qilinadigan yoki soʻrovga koʻra taqdim etiladigan tashqi savdoning bojxona statistikasi;
  • qonun hujjatlarida belgilangan hollarda narxlarni belgilash uchun normativlarni oʻrnatadigan vakolatli organlarning ma’lumotlari.
E’tibor bering
Agar tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymati koʻrsatib oʻtilgan manbalarda turlicha boʻlsa, soliq solish maqsadlarida ularning oʻrtacha qiymati inobatga olinadi.
Misol
Bepul berishda bozor qiymatini aniqlash – 1
QQS toʻlovchisi boʻlgan savdo korxonasi boshqa korxonaga tovar turkumini bepul beradi. Uni sotib olish qiymati vositachining xizmatlarini inobatga olgan holda QQSsiz 12 000 ming soʻmni tashkil etadi. Realizatsiya qilish qiymati korxonaning prays-varaqlariga asosan – 18 000 ming soʻm QQSsiz.
Ushbu operatsiya boʻyicha hisoblangan QQS 2 700 ming soʻmni (18 000 x 15%) tashkil etadi.
Misol
Bepul berishda bozor qiymatini aniqlash – 2
QQS toʻlovchisi boʻlgan korxona boshqa korxonaga bepul foydalanish uchun ombor binosini beradi. Bunday berish realizatsiya qilish boʻyicha aylanma deb e’tirof etilishi bois, korxona xizmatning bozor qiymatini aniqlashi va undan QQS hisoblashi kerak.
Korxona binoni ijaraga tijorat asosda bermaydi. OAVdan olingan ma’lumotlarga binoan ushbu tumanda shunga oʻxshash binoni ijaraga berishning oʻrtacha qiymati oyiga 600 ming soʻmga teng.
QQS boʻyicha soliq bazasi aksiz soligʻini (aksiz toʻlanadigan tovarlar, xizmatlar uchun) hisobga olib, unga QQSni kiritmagan holda, bitim taraflari tomonidan qoʻllanilgan narxdan (tarifdan) kelib chiqqan holda realizatsiya qilinadigan tovarlarning (xizmatlarning) qiymati sifatida aniqlanadi .
Bitim narxi berilayotgan tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymatiga toʻgʻri kelishi lozimligi bois, korxona 78,3 ming soʻm (600 : 115 x 15) miqdorida QQS hisoblashi zarur.

Tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymatini koʻrsatilgan manbalar boʻyicha aniqlashning imkoniyati boʻlmagan taqdirda, baholovchi tashkilot jalb qilinadi yoxud xarajatlarni indeksatsiyalash usulidan foydalaniladi.

 

Eslatib oʻtamiz

Tovarlarni (xizmatlarni) oluvchida hadya qiluvchi tomonidan hisoblangan QQS hisobga olinmaydi . Oluvchi quyidagilarni olishda QQS toʻlashi shart boʻlgan hollar bundan mustasno:

  • tovarlarni import qilishda;
  • OʻzR soliq organlarida soliq toʻlovchi sifatida hisobga olinmagan chet ellik shaxsdan Oʻzbekiston reaizatsiya qilish joyi hisoblanadigan tovarlarni (xizmatlarni) olishda.

Ushbu hollarda toʻlangan QQSni hisobga olish mumkin.

 

 

E’tibor bering

Agar soliq organlari bepul berishda QQS tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymatidan ancha past yoki yuqori boʻlgan narxdan kelib chiqqan holda hisoblanganligini aniqlashsa, ular QQS boʻyicha soliq bazasiga xuddi u bozor qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblangan kabi tuzatish kiritishga haqli.

Soliq organlarining soliq bazasiga tuzatish kiritish toʻgʻrisidagi qarori soliqning kamaytirilganligi yoki toʻliq toʻlanmaganligi uchun moliyaviy sanksiyalarga olib kelmaydi . Bunda soliq tekshiruvlari natijalariga binoan qoʻshimcha hisoblangan soliqlar foyda soligʻi hisob-kitobida chegirilmaydigan xarajatlar hioblanadi .

 

QQS: soliq hisobi — maslahatlar QQS QQS (soliq hisobi) — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text165261_bepul_berishda_qqs_qanday_hisoblab_chiqariladi