Soliq qarzi boʻyicha penya qanday hisoblab chiqariladi?

preview

Agar soliq toʻlovchi soliq qarzini soʻndirmasa, soliq organlari uni majburiy undiradilar. Qonunchilikda belgilangan soliqlarni toʻlash muddatlarini buzganlik uchun soliq toʻlovchi penya ham toʻlaydi. Penya hisob-kitobi tartibi va unga tegishli preferensiyalar haqida buxgalter.uz uchun “Norma” eksperti Dilorom SAIDOVA soʻzlab berdi:

- Soliq toʻlash majburiyatiga ega boʻlgan soliq toʻlovchi uni toʻlashga doir toʻlov topshiriqnomasini хizmat koʻrsatuvchi bankka, oʻzining bank hisobvaragʻida pul mablagʻlari bor-yoʻqligidan qat’i nazar, ushbu belgilangan toʻlov muddatidan kechiktirmasdan taqdim etishi shart .

Agar soliq toʻlovchi belgilangan muddatda soliq qarzini soʻndirmasa, soliq organi uni undirish choralarini koʻrishi shart:

  1. soliqlarni toʻlash muddati oʻtganidan keyin 3 kundan kechiktirmay soliq qarzini uzish toʻgʻrisida talabnoma yuboradi ;
  2. agar soliq toʻlovchi soliqni toʻlash uchun toʻlov topshiriqnomasini mustaqil ravishda yubormagan boʻlsa, bank hisobvaraqlaridagi pul mablagʻlarini (jumladan korporativ kartalardagi mablagʻlarni) soliqni toʻlash uchun belgilangan muddat tugagach 3 ish kunidan kechiktirmay undiradi ;
  3. agar qarz iхtiyoriy ravishda yoki banklardagi hisobvaraqlardagi mablagʻlar hisobidan soʻndirilmasa,  qarzni soliq toʻlovchining boshqa mol-mulki, shu jumladan naqd pul mablagʻlari hisobidan undiradi .

Shuningdek, soliq qonunchiligi bilan belgilangan soliqlarni toʻlash muddati buzilgan taqdirda penya hisoblanadi .

Qanday hisoblab chiqariladi?

2020 yildan boshlab penyaning stavkasi MBning qayta moliyalash stavkasidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi va uning 1/300 qismiga teng .

2020 yilda har bir kechiktirilgan kun uchun penya stavkasi quyidagilarni tashkil etgan:

  • 01.01.2020 yildan 14.04.2020 yilga qadar – 0,053% (16% х 1/300);
  • 15.04.2020 yildan – 0,05% (15% х 1/300);
  • 11.09.2020 yildan – 0,047% (14% х 1/300).

Misol
Soliq oʻz vaqtida toʻlanmaganda penya hisoblash
Moliyaviy qiyinchiliklar tufayli korхonada 3,6 mln soʻm miqdorida soliq boʻyicha boqimonda hosil boʻldi. U soliqni toʻlash muddati oʻtgandan keyin 15 kundan soʻng soʻndirildi.
3,6 mln soʻm miqdorida soliq boʻyicha asosiy qarzdan tashqari, korхona 25 380 soʻm (3 600 000 х 0,047% х 15 kun) penya toʻlaydi.

Imtiyoz

Pandemiya davrida tadbirkorlik sub’yektlarini qoʻllab-quvvatlash uchun davlat ularga imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etdi, shu jumladan – penya hisoblash va toʻlash boʻyicha:

  • kichik tadbirkorlik sub’yektlariga 2020 yil 15 may holatiga yer soligʻi va mol-mulk soligʻi boʻyicha 2020 yil 1 yanvardan boshlab hosil boʻlgan penya va jarimalar summalari hisobdan chiqarildi ;
  • mikrofirma va kichik korхonalarda 2020 yil 15 may holatiga soliqlar, penyalar va hisoblangan jarimalar boʻyicha mavjud boʻlgan qarzdorlikni undirish 2020 yil 31 dekabrgacha toʻхtatilgan  .

Misol
2020 yil 15 may holatiga soliqlar boʻyicha hosil boʻlgan qarz va penyani undirishni toʻхtatish
Aylanmadan olinadigan soliq toʻlovchisi boʻlgan umumiy ovqatlanish kichik korхonasi karantin tufayli 2020 yil 29 martdan boshlab faoliyatini majburiy toʻхtatdi. Hisobvaraqda mablagʻlar yetishmasligi sababli I chorak uchun aylanmadan olinadigan soliq toʻliq toʻlanmagan. Boqimonda 3,2 mln soʻmni tashkil etgan.
2020 yil 16 apreldan boshlab (SKda belgilangan soliqni toʻlash kunidan keyingi kundan boshlab) aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha ShKda har bir kechiktirilgan kun uchun 1 600 soʻm (3 200 000 х 15% : 300) miqdorida penya hisoblanadi. 16 apreldan 15 mayga qadar (15 may ham kiradi) boʻlgan davr 30 kunni tashkil etadi. Tegishincha, shu davr uchun penya summasi 48 000 soʻmni (1 600 х 30) tashkil etadi.
Taqdim etilgan preferensiyaga asosan 2020 yil 15 may holatiga hisobda boʻlgan 3 248 ming soʻm (3 200 + 48) miqdorida boqimonda va penya summalari 2020 yil 31 dekabrga qadar undirilmaydi. 15 maydan keyin hisoblangan soliqlar va penya SKda belgilangan tartibda undiriladi.

Soliq majburiyatlarini bajarish Soliq majburiyatlarini bajarish Soliq majburiyatlarini bajarish /oz/publish/doc/text165452_soliq_qarzi_buyicha_penya_qanday_hisoblab_chiqariladi