9 oyni xatolarsiz yopamiz:
2021 yil 20 yanvardan boshlab QQS toʻlovchilar uchun soliqlarni toʻlash boʻyicha hisobvaraqlar oʻzgardi. Toʻlovni toʻgʻri amalga oshirish uchun
my.soliq.uz da soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetida toʻlov topshiriqnomasi shaklini toʻldirgan holda “Soliq turlarini yangilash” tugmasiga bosing. Va faqat shundan keyin tartib-taomilni yakunlang. Buxgalter.uz tafsilotlarni aniqlashtirdi:
Vaziyat shaxsiy kabinet orqali Toshkent shahar DSBning 19.01.2021 yildagi 15-06306-son xatini olgan QQS toʻlovchilarga taalluqli.
Soliq idorasida aniqlashtirishdi: oʻtgan yilning iyul oyida QQS toʻlovchilar xizmat koʻrsatish uchun tuman DSIlaridan shahar soliq boshqarmasiga oʻtkazilgan edi. Joriy yilning 20 yanvaridan boshlab Moliya vazirligi ularga soliqlarni toʻlash uchun alohida gʻaznachilik hisobvaraqlarini ochdi.
Xatoga yoʻl qoʻymaslik va toʻlovni boshqa manzilga yubormaslik uchun DSB tavsiya qiladi:
- soliqlarni soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali toʻlang;
- toʻlov topshiriqnomasini shakllantirishda “Soliq turlarini yangilash” tugmasiga bosing.
Agar soliqlarni toʻlashda siz soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti servislaridan foydalanmasangiz, balki, masalan, «Bank-kliyent» orqali toʻlasangiz, dastlab shaxsiy kabinetda soliqlarni toʻlash uchun amaldagi hisobvaraqni koʻchirib olish lozim.
Agar boshqa joyga toʻlab boʻlgan boʻlsangiz, nima qilish lozim?
Agar toʻlov 20 yanvardan boshlab ushbu yangilikni inobatga olmasdan oʻtkazilgan boʻlsa, siz imkon qadar tezroq:
- tuman DSIga xato tarzda toʻlangan mablagʻlarni qaytarish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilishingiz;
- soliqlarni amaldagi hisobvaraqlarga SKda belgilangan muddatlarda toʻlashingiz zarur.
Oleg GAYeVOY tayyorladi