Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
MHXSga oʻtishda buxgalteriya hisobini xalqaro va milliy standartlar boʻyicha parallel tarzda yuritish zarurmi? Buxgalter.uz iltimosiga binoan «TRI-S-AUDIT» auditorlik tashkiloti direktori Svetlana GOLOSOVA ushbu masala yuzasidan professional fikri bilan oʻrtoqlashdi:
- Birinchi qarashda - agar masalaga rasman yondashilsa - hisobni darhol MHXS asosida yuritish zarur. “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-moddasiga asosan buxgalteriya hisobi barcha xoʻjalik operatsiyalarini yaxlit, uzluksiz, hujjatlar asosida hisobga olish yoʻli bilan buxgalteriya axborotini yigʻish, qayd etish va umumlashtirishning tartibga solingan tizimidan, shuningdek uning asosida moliyaviy va boshqa hisobotni tuzishdan iboratdir. 24.02.2020 yildagi PQ-4611-son qarordan MHXSga oʻtgan korxonalar MHXS asosida buxgalteriya hisobini yuritishlari va moliyaviy hisobot tuzishlari kerakligi kelib chiqadi. SKning 76-moddasiga asosan esa soliq hisobi buxgalteriya hisobi ma’lumotlariga asoslanadi. Statistika hisobotida moliyaviy hisobot va buxgalteriya hisobi ma’lumotlaridan foydalaniladi, ya’ni - yana MHXS bazasida.
Oʻtishda birinchi ish bilan inventarlash oʻtkazish va oldingi uch yil uchun MHXS boʻyicha hisobot tuzish - ya’ni kiruvchi ma’lumotlarni shakllantirish, shuningdek MHXS asosida korxonaning hisob siyosatini ishlab chiqish zarur. Va faqat shundan keyin MHXS boʻyicha hisob yuritishni boshlash mumkin.
Biroq qachonki ushbu masalaga chuqur kirib borsangiz, hammasi shunchaki oson va bir ma’noda boʻlib chiqmaydi.
Koʻp amaliyotchilar MHXSga oʻtishda hech boʻlmaganda dastlabki vaqtda BHMS boʻyicha buxgalteriya hisobini saqlab turish maqsadga muvofiqligini dalillar bilan isbotlashmoqda. Va - 2021 yil 1 yanvarga qadar boʻlganidek, undan soliq hisobi maqsadlarida foydalanish. Bunday pozitsiya BHMS va MHXS boʻyicha hisob tafovutga egaligi bilan asoslanadi.
Masalan, BHMSdan farqli oʻlaroq, MHXS boʻyicha import qilinadigan tovarlar va xizmatlar uchun berilgan boʻnaklar (jumladan asosiy vositalar uchun berilgan boʻnaklar) balansning monetar moddalari hisoblanmaydi va binobarin, valyuta kursi oʻzgarganda tuzatish kiritilishi (qayta baholanishi) lozim emas. Bu esa import qilinadigan AV, TMZ va xizmatlar summalari, keyinchalik esa - realizatsiya qilingan mahsulotning tannarxi va davr xarajatlari MHXS boʻyicha buxgalteriya hisobida BHMS boʻyicha hisobdan farq qilishini anglatadi.
Eksportga ham xuddi shu taalluqli.
Bundan tashqari, boʻnakni olishda milliy standartlar boʻyicha tushum MHXS boʻyicha tan olinadigan tushumdan farq qiladi. Oʻz navbatida soliq hisoboti import boʻyicha realizatsiya qilishdan olingan tushumni boshqacha tan olishni talab etadi. Bu yerda tovar Oʻzbekiston chegarasini kesib oʻtganligi fakti asos uchun qabul qilinadi. Bundan kelib chiqadiki, bu umuman hisobning uchinchi turi. Biroq agar hisob mulohazalarga emas, balki boshlangʻich hujjatlarga va ularni aynan aks ettirishga asoslansa, soliq hisobotini tuzish va oʻzining haqligini isbotlash osonroq boʻladi.
Nima qilish lozim?
Men shoshilib qaror qabul qilishdan ehtiyot boʻlish va shakllangan hisob yuritish amaliyotidan hozircha voz kechmaslikni ma’qul koʻrardim. Mamlakatda katta kadrlar tanqisligi sezilmoqda. MHXS boʻyicha hisobni soliq hisobotiga bogʻlash yuzasidan talay savollar mavjud, ular hozircha qonuniy yechimga ega emas.
Endigina MHXSga oʻtgan korxonada MHXS boʻyicha hisobning sifati qanday boʻlishini aniqlashning mutlaqo imkoni yoʻq. Hisob yuritishning avtomatlashtirilgan dasturi ham koʻpchilik - hatto yirik korxonalar uchun ham erishish qiyin boʻlgan hol.
Parallel hisobni yuritish - bu oʻzi xos kafolat. Ancha tushunarli buxgalterlik ish hujjatlari qoʻl ostida boʻladi, zarurat boʻlganda ularga murojaat qilish mumkin.
Yil oʻtgandan keyin sizning MHXS boʻyicha hisobingiz auditorlar tomonidan tekshirilib, ular oʻz xulosalarini berishgandan keyin - kelasi yilda MHXS va BHMS boʻyicha hisobni parallel ravishda yuritish yoki yuritmaslik haqida qaror qabul qilsa boʻladi. Mening fikrimcha, koʻpchilik keyinchalik ham hisobni parallel ravishda yuritishga qaror qilishadi.
MHXSga oʻtish jarayoni - bir yillik ish emas. Barcha masalalarni hal qilish uchun qancha vaqt talab etilishi aytish hozircha murakkab.
Birinchi yili siz koʻp e’tiboringizni kadrlarni maxsus kurslarda tayyorlash, buxgalterlik dasturlarini sozlash, hisob siyosatining yangi tahririni ishlab chiqishga qaratishingizga toʻgʻri keladi. Ushbu jarayonlarga tajribali maslahatchilar va auditorlarni jalb qiling. Mazkur jarayonlarda ma’lum tajribaga ega boʻlgan va keyinchalik korxonada MHXM boʻyicha hisob yuritadigan yoki yuritishga yordam beradigan mutaxassislarning ishtirok etishi muhimdir.
Yana bir bor takrorlayman: BHMS boʻyicha hisob siz uchun oʻziga xos ehtiyot qilish va kafolat berish vazifasini oʻtaydi. Juda boʻlmaganda mutaxassislar sizga BHMS boʻyicha yigʻilgan ma’lumotlarni MHXS boʻyicha hisobotga transformatsiya qilishda yordam berishadi. Va bu - yil oxirida MHXS boʻyicha yigʻilgan ma’lumotlarda koʻplab xatolar va nomuvofiqliklar aniqlanganda hisobot davri uchun boshlangʻich hujjatlarning butun massivini koʻtarib, hisob-kitoblarni noldan shakllantirishga qaraganda eng yaxshi variantdir.
Oleg GAYeVOY tayyorladi