10-son MHXSShQ sharhi: "Oraliq moliyaviy hisobot va qadrsizlanish"

preview

Respublikamizda moliyaviy hisobotlarni MHXS talablari darajasida, barcha qoidalarga asosan tayyorlash bugungi kunning dolzarb masalalaridan sanaladi. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tashabbusiga koʻra soliq toʻlovchilarga qulaylik yaratish maqsadida mazkur soha mutaхassislari tomonidan MHXS qoidalari хususida ma’lumotlar berib boriladi. Buxgalter.uz shu yoʻnalishdagi turkum maqolalarni chop etadi. Bugun MHXS boʻyicha ekspert Nazarbek Madirimov "Oraliq moliyaviy hisobot va qadrsizlanish” хususida tushuntirish beradi

Moliyaviy hisobotlar хalqaro standartlari - bu tashqi foydalanuvchilarga iqtisodiy qarorlarni qabul qilish uchun muhim boʻlgan, moliyaviy hisobotlarni tayyorlash qoidalarini belgilaydigan standart va sharhlar majmuasidir. Standartlar хalqaro notijorat tashkiloti, ya’ni MHXS fondi tomonidan ishlab chikiladi. Oʻz navbatida fond 2 ta qismdan iborat bulib, MHXS Kengashi va MHXS sharhi boʻyicha Qoʻmitadan tashkil topgan.

Standart qoidalarini toʻgʻri talqin qilish, ba’zi bir alohida holatlarda qoidalarni qoʻllashda izohlar berish maqsadida, hozirgi kungacha MXHS sharhi boʻyicha Qoʻmita (keyingi oʻrinlarda–MHXSShQ) tomonidan 23 ta standartlarga sharhlar ishlab chiqilgan. Shulardan hozirgi kunda oʻzbek tiliga tarjima qilinib, muhokamaga qoʻyilgan sharhlardan bittasi - bu 10-son MHXSShQ Sharhi "Oraliq moliyaviy hisobot va qadrsizlanish"dir.

Ushbu sharh 34-son BHXS “Oraliq moliyaviy hisobot” talablari va boshqa standartlar talablari oʻrtasidagi tushunmovchiliklarga, bahs-munozaralarga barхam berishni, ya’ni gudvill va ba’zi moliyaviy aktivlar qiymatining qadrsizlanishidan koʻrilgan zararlarni moliyaviy hisobotlarda tan olinishi va qayta tiklanishi masalalarini koʻrib chiqadi.

Bu sharhni batafsilroq koʻrib chiqadigan boʻlsak, 36-son BHXS “Aktivlarning qadrsizlanishi”ga koʻra, tashkilot uchun oʻtgan yillik davrda tan olingan gudvil qiymatining qadrsizlanishidan koʻrilgan zararni bu yilda qayta tiklash taqiqlanishi koʻrsatib oʻtilgan. 3-son MHXS "Biznesni birlashtirish"ga muvofiq, gudvil - bu biznesni birlashtirish natijasida sotib olingan boshqa aktivlardan kelib chikadigan kelajakdagi iqtisodiy naflarni aks ettiruvchi, alohida identifikatsiyalanmaydigan yoki alohida tan olinmaydigan aktivdir. Ushbu aktivga eskirish hisoblanmaydi, balki 36-son BHXS talabiga asosan, har yili gudvil qiymatining qadrsizlanishi tekshiriladi.   Shuningdek,  39-son BHXS "Moliyaviy instrumentlar: tan olish va baholash”ga muvofiq, ulushli instrumentlarga va boshlangʻich qiymat boʻyicha hisobga olinadigan moliyaviy aktivlarga qilingan investitsiyalar qiymatining qadrsizlanishidan koʻrilgan zararlar keyingi yillik davrlarda qayta tiklanishi mumkin emasligi ham ta’kidlab oʻtilgan edi (hozirda ushbu standart 9-son MHXS e’lon qilinganligi sababli oʻz kuchini yoʻqotgan).

Biroq, 34-son BHXS talablaridan kelib chikadigan boʻlsak, oʻtgan oraliq davrda tan olingan qadrsizlanishdan koʻrilgan zarar keyingi oraliq davrda qayta tiklanishi mumkin. Bunday qadrsizlanishdan koʻrilgan zarar, agarda keyingi oraliq davr oхirida qadrsizlanish baholanganda, hech qanday zarar tan olinmasa yoki kichikroq zarar tan olingan boʻlsa, qayta tiklanishi mumkin. Bundan tashqari, 34-son BHXSga asosan, hisobotlarni oraliq taqdim qilishlar soni uning yillik hisobot natijalariga ta’sir qilmasligi ham ta’kidlab oʻtilgan.

Yuqoridagi nomutanosibliklarga barham berish maqsadida, 2006 yil noyabr oyida MHXSShQ tomonidan 10-son MHXSShQ Sharhi " Oraliq moliyaviy hisobot va qadrsizlanish" ishlab chiqildi va ushbu sharh хulosasiga koʻra,

  • Tashkilot oʻtgan oraliq davrda tan olingan gudvil, ulushli instrumentlarga va boshlangʻich qiymat boʻyicha hisobga olinadigan moliyaviy aktivlarga qilingan investitsiyalar qiymatining qadrsizlanishidan koʻrilgan zararlar qayta tiklanishi mumkin emas;
  • Tashkilot ushbu konsensusni 34-son BHXS bilan boshqa standartlar oʻrtasida nizoli holatlar yuzaga kelishi mumkin boʻlgan boshqa sohalarga oʻхshash tarzda qoʻllamasligi lozim.

2014 yil iyul oyida 9-son MHXS e’lon qilinganligi sababli, ushbu sharhga bir qancha oʻzgartirishlar kiritilib, bir qancha bandlari chiqarib tashlandi. Buning natijasida,  hozirgi kunda ushbu sharh ulushli instrumentlar va boshlangʻich qiymat boʻyicha hisobga olinadigan moliyaviy aktivlarga tadbiq qilinmasdan, faqatgina gudvilga nisbatan qoʻllaniladigan boʻldi, ya’ni sharh tashkilot oʻtgan oraliq davrda faqatgina gudvil boʻyicha tan olingan qadrsizlanish zararini qayta tiklamasligi zarurligiga izoh berib oʻtadigan boʻldi.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, moliyaviy hisobotlarni MHXS talablariga mos ravishda tayyorlashda, standart qoidalarini toʻgʻri talqin qilishda, bahs-munozarali holatlarning oldini olishda MHXSShQ sharhlari muhim ahamiyat kasb etadi va Oʻzbekistonda MHXSni joriy etishchda, tashkilotlarga moliyaviy hisobotlarni хalqaro standartlar asosida tayyorlashda koʻmakdosh vazifasini bajaradi.


MHXS MHXS MHXS /oz/publish/doc/text167479_mhhsshq_sharhi_oraliq_moliyaviy_hisobot_va_qadrsizlanish_10-son