9 oyni xatolarsiz yopamiz:
QHTBTda “Banklarning soliq nazorati bilan bogʻliq axborotlarni taqdim etish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi VMQ loyihasi muhokama qilinmoqda. Buxgalter.uz gap nima haqida borayotganligini aniqlashtirdi.
NHH loyihasi banklarning soliq nazorati bilan bogʻliq majburiyatlarini bajarish va soliq axborotini almashish tartibini takomillashtirishga qaratilgan. Uning doirasida quyidagi ikkita nizom tasdiqlanadi:
1) banklar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari toʻgʻrisidagi axborotlarni soliq organiga ma’lum qilish tartibi va shakllari toʻgʻrisidagi nizom;
2) soliq organlari tomonidan banklarga soʻrov yuborish va banklar tomonidan soʻrovlarga binoan axborot taqdim etish tartibi va shakllari toʻgʻrisidagi nizom.
Banklar va soliq organlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik markazlashtirilgan tartibda avtomatlashtirilgan “Bank-soliq” maxsus moduli orqali amalga oshiriladi. Soʻrovlar va axborot yuridik va jismoniy shaxslarning barcha hisobvaraqlariga nisbatan tatbiq etiladi.
Bank soʻrov olingan kundan e’tiboran 3 kun ichida soliq organiga quyidagilarni yuborishi kerak:
- mijozning bankda hisobvaraqlari toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni;
- ulardagi pul mablagʻlarining qoldiqlari haqidagi ma’lumotlarni;
- operatsiyalarga doir koʻchirmalarni;
- soliq toʻlovchining soliq majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq boshqa ma’lumotlarni.
Loyiha Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan va muhokama uchun taqdim etilgan. Siz 12 martga qadar oʻz takliflaringizni kiritishingiz mumkin.
![]()