Ob’yekt qurilishida QQS qanday hisobga olinadi

preview

Yangi tashkil etilgan korxona - foyda soligʻi va QQS toʻlovchisi qurilish tugagandan keyin binolarni ijaraga berish niyati bilan ma’muriy bino qurmoqda. Agar QQS boʻyicha aylanmalar keyinroq - ob’yekt foydalanishga kiritilgandan keyin boʻlsa, qurilish davri davomida QQSni hisobga olish bilan qanday yoʻl tutiladi? Buxgalter.uz iltimosiga binoan savolga DSQ Soliq nazorati metodologiyasi va sifatini baholash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Ulugʻbek DADAXONOV javob berdi:


– Korxona QQSni hisobga olish huquqiga ega, agar :

  • sotib olingan tovarlar (xizmatlar) realizatsiya qilish boʻyicha aylanmasiga soliq solinadigan tovarlarni ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish (xizmat koʻrsatish)da foydalanilganda;
  • olingan tovarlarga (xizmatlarga) soliq summasi alohida ajratib koʻrsatilgan hisobvaraq-faktura olingan hamda tovarlarni (xizmatlarni) yetkazib beruvchi soliq toʻlovchi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilganda. Bunda QQSni faqat elektron hisobvaraq-fakturalar boʻyicha hisobga olish mumkin ;
  • tovarlar olib kirilgan (import qilingan) taqdirda soliq byudjetga toʻlanganda.

Agar korxona kelgusida oʻz asosiy vositalari sifatida foydalanish uchun moʻljallangan aktivlarni yaratish uchun tovarlar (xizmatlar)ni sotib olsa, sotuvchi tomonidan korxonaga taqdim etilgan soliq summasini hisobga olish toʻliq hajmda amalga oshiriladi .

E’tibor bering!     

Soliq organlari hisobga olishni bekor qilishga yoki tuzatish kiritishga haqlidir, agar:

  • hisobga olish huquqi qalbaki yoki koʻzboʻyamachilik uchun tuzilgan bitim natijasida vujudga kelganligiga oid dalillar mavjud boʻlsa ;
  • yetkazib beruvchi tomonidan taqdim etilgan hisobvaraq-faktura haqiqiy emas deb e’tirof etilganda .

Natijada korxonada realizatsiya qilish boʻyicha aylanmalar hozircha mavjud emas, hisobga olinadigan QQS esa - mavjudligi kelib chiqadi.

QQS toʻlovchisi boʻlgan holda korxona QQS boʻyicha hisobot taqdim etadi, unda aylanmalar mavjud boʻlmaydi, biroq bunda hisobga olinadigan QQS koʻrsatiladi. Ya’ni qoplanishi lozim boʻlgan QQSning salbiy summasi hosil boʻladi.

E’tibor bering!
QQSni hisobga olish shartlari haqida bu yerda batafsil oʻqing.


QQSni qoplash

Oʻrni qoplanishi lozim boʻlgan soliq summasi soliq boʻyicha kelgusi toʻlovlar hisobidan hisobga olinadi .

Shuningdek, korxona ushbu summani soliq organlariga soliq summasini qaytarish toʻgʻrisida berilgan arizaga asosan qaytarish huquqiga ega .

Qoplanishi nazarda tutilgan soliq summasining asoslanganligi yuzasidan soliq organi kameral soliq tekshiruvini oʻtkazadi .

Kameral tekshiruvni oʻtkazish davrida soliq organi :

  • hududni va binolarni koʻzdan kechirish;
  • zarur hollarda sayyor soliq tekshiruvini tashkil etgan holda TMBni inventarizatsiyadan oʻtkazish;
  • oʻrganib chiqish uchun zarur hujjatlarni talab qilib olish;
  • uchinchi shaxslardan axborotni talab qilib olishga haqli.

Kameral soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha soliq organi rahbari (rahbar oʻrinbosari) soliq summasini oʻrnini (toʻliq yoki qisman) qoplash yoki oʻrnini qoplashni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.


Hisobga olishga tuzatish kiritish

Hisobga olish uchun qabul qilingan QQS summasiga tuzatish kiritiladi, agar :

  • bino QQSdan ozod etilgan aylanmalar uchun foydalanilsa;
  • qurilish uchun sotib olingan tovarlar buzilganda yoxud tabiiy kamayish normalaridan ortiqcha yoʻqotilgan taqdirda;
  • korxona QQS toʻlovchi maqomini yoʻqotganda (yoki ozod qilinganda).

Bino boʻyicha tuzatish kiritilishi lozim boʻlgan soliq summasi qayta baholash hisobga olinmagan, ushbu ob’yektlarning balans qiymatiga toʻgʻri keladigan, ilgari bu ob’yektlar boʻyicha hisobga olingan soliq summasidan kelib chiqqan holda aniqlanadi .

Soliqqa tuzatish kiritish summasi binoning balans qiymatining koʻpayishiga olib boriladi” .

E’tibor bering!
Qanday hollarda AV va NMA boʻyicha hisobga olingan QQSga tuzatish kiritish zarurligi; qanday qilib QQSga uni ob’yekt qiymati yoki xarajatlarga olib borgan holda tuzatish kiritishni aks ettirish haqida bu yerda oʻqing.

 

QQS: soliq hisobi — maslahatlar QQS QQS (soliq hisobi) — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text168392_obekt_qurilishida_qqs_qanday_hisobga_olinadi