1 apreldan nimalar oʻzgaradi

preview

Norma.uz portali 2021 yil 1 apreldan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgarishlar haqida yozdi. Biz ulardan soliqlar yoki tadbirkorlik faoliyatiga taalluqlilarini tanlab oldik: 


Bir qator soliq imtiyozlarining amal qilish muddati tugaydi
 

Prezidentning 14.03.2007 yildagi «Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlashni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PF-3860-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotadi. Unda nazarda tutilgan quyidagi soliq imtiyozlarining amal qilishi toʻxtatiladi:

  • xoʻjalik yurituvchi sub’yektlarning 5 yil mobaynida ishlab chiqarishni kengaytirishga, ushbu maqsadlar uchun berilgan kreditlarni soʻndirish xarajatlariga hamda lizing ob’yekti qiymatini toʻlashga yoʻnaltirilgan investitsiya summalariga foyda soligʻi boʻyicha soliq bazasini kamaytirish huquqiga doir imtiyoz;
  • soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qoʻllaydigan yuridik shaxslarning 5 yil mobaynida yagona soliq toʻlovi bazasini yangi sotib olingan texnologik asbob-uskunalar qiymatiga, biroq soliq solinadigan bazasining 25%idan koʻp boʻlmagan miqdorda kamaytirish huquqiga doir imtiyoz.


Elektr texnikasini ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilarga – soliq imtiyozlari

  • 1.01.2024 yilga qadar muddatga hisobot davri yakunlari boʻyicha elektrotexnika mahsulotlarini sotishdan tushgan tushumi miqdori umumiy tushumining 80%idan kam boʻlmagan elektrotexnika tarmogʻi korxonalariga foyda soligʻi va mol-mulk soligʻi boʻyicha stavkalarni 50%ga kamaytirish tarzida soliq imtiyozlari beriladi.
  • Mis xom ashyosini birja savdolari orqali xarid qilishda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish jarayonini joriy etgan tarmoq korxonalari tomonidan toʻlovning 25%ini avans tarzida va qolgan 75%ini mis xom ashyosi olinganidan soʻng 90 ish kuni ichida har oyda teng ulushlarda amalga oshirish tartibi joriy etiladi. Bunda «Olmaliq KMK» AJ tomonidan ishlab chiqarilgan mis katodini birja savdolariga qoʻyishda uning boshlangʻich narxi QQSsiz London metall birjasi narxidan 1.04.2021 yildan 8% miqdoridagi chegirmalar bilan belgilanadi.


Davlat funksiyalari xususiy tashkilotlarga oʻtkazilishining keyingi bosqichlari

  • Toshkent shahri va Toshkent viloyatida oʻtkaziladigan tajriba doirasida malaka shahodatnomasiga ega koʻchmas mulk boʻyicha kadastr muhandislariga koʻchmas mulk ob’yektlariga birlamchi kadastr yigʻmajildini tayyorlash huquqi beriladi.
  • Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha nodavlat ta’lim xizmatlari koʻrsatish faoliyati uchun litsenziyaga ega boʻlgan tadbirkorlik sub’yektlariga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni oʻtkazish huquqi beriladi. 


Import mahsulotni nazorat qilish. Eksport qiluvchilarga kompensatsiya toʻlash

  • Oliy nav bugʻdoy uni mikronutriyentlar bilan boyitilgan taqdirda respublika hududida realizatsiya qilishga ruxsat etiladi. Shu munosabat bilan unni boyitish uchun mikronutriyentlar boʻyicha (TIF TN kodi 2106 90 980 3) import bojxona bojining nol darajali stavkasi joriy etiladi.
  • Xorijiy mamlakatlardan mahsulotlarni olib kirgan transport vositalari yuk xonalarini karantin nazoratidan oʻtkazish va «detektor – xizmat it»laridan foydalanish hamda zarur hollarda fumigatsiya qilish (zararsizlantirish) tizimi joriy qilinadi.
  • Mahalliy eksportchi korxonalarning savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, shuningdek reklama kampaniyalarini tashkil qilish bilan bogʻliq chet eldagi xarajatlarining 50%i Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.


Qishloq xoʻjaligidagi oʻzgarishlar

  • Tuman hokimliklari zaxirasidagi yaxlit holda 300 gektargacha yer maydonlarida plantatsiya usulida intensiv bogʻ va tokzorlar barpo etish va 7 yil muddatda toʻlash sharti bilan aholiga sotish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
  • Respublika «Qorakoʻlchilik» uyushmasi a’zolariga oʻzlari tomonidan import qilingan qoʻy bosh sonining 50%idan oshmagan qismini tirik va xom goʻsht koʻrinishida (TIF TN boʻyicha 0104 va 0204 kodlari) eksport qilishga ruxsat etiladi. 


Zargarlik sanoatidagi oʻzgarishlar

  • Zargarlik buyumlariga asillik darajasi tamgʻasi va ishlab chiqaruvchining shaxsiy tamgʻasi mexanik (zarb) yoki lazer usullari yordamida tushirishga ruxsat etiladi.
  • Affinaj faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslarga oʻzlari ishlab chiqargan oʻlchovli yombilarni jismoniy va yuridik shaxslarga sotishga ruxsat beriladi.
  • Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho (yarim qimmatbaho) toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini ichki va tashqi bozorlarda elektron tijorat orqali sotishga ruxsat beriladi.
  • Quyidagi hollarda qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlar bilan bogʻliq boʻlgan operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslar tomonidan mijozni, uning vakilini va benefitsiar mulkdorni tekshirish talab etilmaydi:

- naqd pulda oʻzaro hisob-kitob amalga oshirilganda operatsiyaning umumiy summasi 600 BHMdan oshmagan taqdirda;

- operatsiyaning umumiy summasidan qat’i nazar, oʻzaro hisob-kitob naqd pulsiz va jismoniy shaxslarning plastik kartalari orqali amalga oshirilganda. 


Intellektual mulk

  • Tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisining faqat tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs nomiga roʻyxatdan oʻtkazilishiga nisbatan qonunchilikdagi mavjud cheklovlar bekor qilinadi.
  • Intellektual mulk ob’yektlarini davlat roʻyxatiga olish muddatlarini keskin qisqartirish imkoniyatlarini yaratuvchi tezkor ekspertiza tartibi joriy etiladi. Bunda intellektual mulk ob’yektini muhofazaga olish uchun topshiriladigan talabnoma boʻyicha dastlabki qidiruv tomonlarning kelishuviga muvofiq amalga oshiriladi.


NNT faoliyatining ochiqligi 

NNTlar faoliyatining ochiqlik indeksi joriy qilinadi. U Prezident huzuridagi Jamoatchilik palatasi, OʻzNNTMA va Adliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladi. Natijalar ushbu organlar va muassasalarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi. 


Uy-joy narxlarini maqbullashtirish

  • Koʻp kvartirali turar joylarni qurish uchun geologiya va tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish jihatidan eng optimal variantlar hisobga olingan holda hududlar qurilishi loyihalariga mos keladigan butun daha shaklidagi yer uchastkalari tanlab olinadi;
  • Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlariga shaharlarda (Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlaridan tashqari) koʻp qavatli uy-joylarni qurish uchun yer maydonlarini elektron auksionlarni oʻtkazmasdan taqdim etish huquqi beriladi;
  • Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan aholi punktlarini istiqbolli rivojlantirish hududlarida joylashgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻorilmaydigan yer uchastkalarini koʻp kvartirali uy-joylar qurish uchun ajratilishiga ruxsat beriladi;
  • Uy-joy quruvchi tashkilotlar uchun moʻljallangan sement hamda metall prokati boʻyicha alohida birja savdo seksiyasi joriy qilinadi;
  • 2021 yil 1 oktyabrga qadar sement mahsulotini (TIF TN kodi 2523) respublika hududiga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi  qoʻllaniladi. 


Seysmik xavfsizlikni ta’minlash

Respublikaning seysmik faol hududida joylashgan mavjud bino va inshootlar, koʻp qavatli turar joylarning seysmik zaifligini baholash uchun elektron texnik pasportlar bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi.


Ayrim mutaxassislarning ish haqi oshiriladi

  • Quyidagilarning:

- Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi metodistlarning ish haqi miqdori – oliy toifali oʻqituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga;

- kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari uslubchi-maslahatchilarining ish haqi miqdori – bosh oʻqituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi.

  • Quyidagilarning:

- XTV huzuridagi Respublika ta’lim markazi direktorining bazaviy lavozim maosh miqdori oliy ta’lim muassasasi rektorining lavozim maoshiga tenglashtiriladi;

- direktorning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlarining lavozim maosh miqdori – oliy ta’lim muassasasi prorektorining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi;

- tarkibiy boʻlinmalar boshliqlarining lavozim maosh miqdori – fakultet dekanining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi.

  • Ot sportini rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadigan «zootexnik», «veterinar-shifokor», «feldsher-veterinar», «usta-chavandoz»,
    «ot parvarishlovchi», «taqachi» mutaxassisliklari uchun shifokor, hamshira, trener va sportchilarga tenglashtirilgan darajada oylik maoshlar toʻlanadi.


Pochta xizmatlari – autsorsing asosida

Olis va chekka hududlarda joylashgan pochta aloqasi ob’yektlarida kamida 13 ta turdagi davlat xizmati autsorsing asosida tashkil etiladi. Bunda pochta aloqasi xizmati haqi koʻrsatilgan davlat xizmatlari uchun toʻlanadigan davlat bojlari, yigʻimlari va barcha turdagi toʻlovlar summasining 10%i miqdorida belgilanadi va Davlat xizmatlari agentligi tomonidan mablagʻlarning oʻziga yoʻnaltiriladigan qismi hisobidan toʻlab beriladi.


Norma.uz
materiallari asosida

Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text168473_1_apreldan_nimalar_uzgaradi