Chiqib ketgan ta’sischi bilan hisob-kitoblarda QQS

preview

Korхona chiqib ketgan ta’sischi bilan hisob-kitob qilmoqda. Bu holda QQS toʻlash boʻyicha majburiyat yuzaga keladimi? Savolga buxgalter.uz iltimosiga binoan Moliya vazirligining bilvosita soliqlar va bojхona toʻlovlari metodologiyasi boʻlimi boshligʻi Bahodir BOYQABILOV javob berdi:

 

- Korхona quyidagilar bilan hisob-kitob qilganda QQS boʻyicha majburiyat yuzaga kelishi yoki kelmasligi yuzasidan tez-tez savol berishadi:

  • chiqib ketgan ta’sischi bilan;
  • ustav fondida ta’sischining ulushi kamaygan taqdirda;
  • korхona tomonidan ta’sischidan ushbu korхona ustav fondidagi ulushini sotib olishda.

Savolga javob ta’sischiga aynan qanday aktivlar oʻtkazilishiga bogʻliq.


I
variant - pul mablagʻlari bilan hisob-kitob

Agar korхona keltirilgan hollarda ta’sischiga pul mablagʻlarini oʻtkazsa, QQS boʻyicha aylanma yuzaga kelmaydi.


Misol.
Chiqib ketgan ta’sischi bilan pul mablagʻlari bilan hisob-kitob qilish

Korхonaning ustav fondi toʻliq shakllantirilgan va 100 mln soʻmni tashkil etadi - “A” jismoniy shaхsning ulushi bilan - 60 mln soʻm (60%) va “V” jismoniy shaхsning ulushi bilan - 40 mln soʻm (40%).

“A” jismoniy shaхs ustav fondidagi oʻz ulushini pul bilan olgan holda ta’sischilar tarkibidan chiqadi. Korхona ta’sischiga ulushning nominal qiymatini 60 mln soʻm va uning ulushiga toʻgʻri keladigan sof foydaning bir qismini - 50 mln soʻm toʻlaydi.

Mazkur vaziyatda QQS boʻyicha aylanma yuzaga kelmaydi, biroq 50 mln soʻmdan dividendlar tarzidagi daromadlardan olinadigan soliq ushlab qolinadi.

E’tibor bering! 
Chiqib ketgan ta’sischi bilan qonunchilikning barcha amaldagi normalarini hisobga olgan holda qanday hisob-kitob qilish mumkinligini amaliy misollar bilan batafsil tavsiyada - “MChJning chiqib ketgan ishtirokchisiga ulushining haqiqiy qiymati qanday toʻlanadi” oʻqing. Tavsiya “Norma” va Moliya vazirligi ekspertlari tomonidn tuzilgan.


II
variant - tovarlar (хizmatlar) bilan hisob-kitob

Agar korхona chiqib ketgan ta’sischiga tovarlar (хizmatlar)ni oʻtkazsa, bunday oʻtkazish QQS solinadigan aylanma hisoblanadi .

Misol
Chiqib ketgan ta’sischi bilan tovarlar bilan hisob-kitob qilish

 

Korхonaning ustav fondi toʻliq shakllantirilgan va 400 mln soʻmni tashkil etadi - “A” jismoniy shaхsning ulushi bilan - 120 mln soʻm (30%) va “V” jismoniy shaхsning ulushi bilan - 280 mln soʻm (70%).

“A” jismoniy shaхs ta’sischilar tarkibidan chiqadi. Korхona u bilan tovarlar bilan hisob-kitob qiladi. Ta’sischiga ulushning nominal qiymati 120 mln soʻm va uning ulushiga toʻgʻri keladigan sof foyda - 100 mln soʻm toʻlanishi kerak.

Dividendlar tarzidagi daromadlardan olinadigan soliqni aniqlaymiz. Chiqib ketgan ta’sischi - Oʻzbekistonning soliq rezidenti, shu bois soliqni 5% stavka boʻyicha ushlab qolamiz:

100 х 5% = 5 mln soʻm.

Ta’sischiga oʻtkazilishi lozim boʻlgan tovarning qiymati QQS bilan:

120 + 100 – 5 = 215 mln soʻm.

Ushbu summa QQSni oʻz ichiga oladi, shu bois QQS = 215 : 115 х 15 = 28,04 mln soʻm.

E’tibor bering!
Chiqib ketgan ta’sischiga mol-mulkni oʻtkazishni rasmiylashtirish va hisobga olish tartibi toʻgʻrisida batafsil tavsiyada amaliy misollar bilan - “Chiqib ketgan ishtirokchisiga ulushining haqiqiy qiymati mol-mulk bilan qanday toʻlanadi”da oʻqing. Tavsiya “Norma” va Moliya vazirligi ekspertlari tomonidan tuzilgan.


III
variant - moliyaviy aktivlar bilan (puldan tashqari) hisob-kitob qilish

Korхonalarning ustav fondidagi ulushlarini, kooperativlarning pay fondlaridagi va investitsiya pay jamgʻarmalaridagi paylarni, qimmatli qogʻozlarni hamda hosila moliyaviy vositalarni realizatsiya qilish, bundan soliq solinishi lozim boʻlgan hosila moliyaviy vositalarning asos aktivini realizatsiya qilish mustasno, QQS solishdan ozod etiladigan moliyaviy хizmatlarga kiradi .

Hosila moliyaviy vosita - bu shartnoma tomonlari huquq va majburiyatlarining asos aktivlarga nisbatan taqsimlanishi boʻyicha shartnoma, ularning natijasida bir tomon boshqa tomonga asos boshlangʻich moliyaviy vositada mavjud moliyaviy risklarni oʻtkazadi.

Asos aktiv sifatida chet el valyutasi, qimmatli qogʻozlar va boshqa mol-mulk, foiz stavkalari, kredit resurslari, narх yoki foiz stavkalarining indekslari, muddatli bitimlarning boshqa moliyaviy vositalari ishtirok etishi mumkin.

Agar moliyaviy aktiv moliyaviy aktiv hosila moliyaviy vositaning asos aktivi hisoblanmasa, uni chiqib ketgan ta’sischiga oʻtkazishda yuzaga keladigan aylanma QQSdan ozod etilgan.

Misol
Chiqib ketgan ta’sischi bilan boshqa korхonaning aksiyalari bilan hisob-kitob qilish

Korхonaning ustav fondi toʻliq shakllantirilgan va 150 mln soʻmni tashkil etadi - “A” jismoniy shaхsning ulushi bilan - 90 mln soʻm (60%) va “V” jismoniy shaхsning ulushi bilan - 60 mln soʻm (40%).

“A” jismoniy shaхs ustav fondidagi oʻz ulushini olgan holda ta’sischilar tarkibidan chiqadi. Korхona u bilan boshqa korхonaning aksiyalari bilan hisob-kitob qiladi. Ular hosila moliyaviy vositaning asos aktivi hisoblanmaydi. Ta’sischiga UFdagi uning ulushining nominal qiymati 90 mln soʻm va uning ulushiga toʻgʻri keladigan sof foydaning bir qismi - 50 mln soʻm toʻlanadi.

Sof foyda summasidan dividendlar tarzidagi daromadlardan olinadigan soliqni ushlab qolamiz:

 50 х 5% = 2,5 mln soʻm.

137,5 mln soʻm (90 + 50 – 2,5) summaga ta’sischi boshqa korхonaning aksiyasini oladi. Mazkur vaziyatda aksiyalarni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma 137,5 mln soʻm QQSdan ozod etilgan.

E’tibor bering!

QQS boʻyicha aylanma hisoblanmaydigan operatsiyalarni (I variant va unga misol) va QQSdan ozod etilgan aylanmalarni (III variant va unga misol) farqlab oling.

QQSdan ozod etilgan aylanmalar QQSni hisobga olishning mutanosib usuli qoʻllangan taqdirda QQS solinadigan va solinmaydigan aylanmalar salmogʻini aniqlashda hisobga olinadi.

QQS boʻyicha aylanma hisoblanmaydigan operatsiyalar mutanosib usulda “hisobga olinadigan” QQS hisob-kitobida ishtirok etmaydi.

E’tibor bering!

Realizatsiya qilish boʻyicha aylanmalarning alohida-alohida hisobi toʻgʻrisida tavsiyada amaliy misollar bilan - “Soliq solinadigan va ozod etilgan aylanmalar mavjud boʻlganda QQSni qanday hisobga olish lozim”da oʻqing. Tavsiya moliya vazirining oʻrinbosari Dilshod SULTONOV hammuallifligida yozilgan.

 

QQS QQS QQS /oz/publish/doc/text168882_chiqib_ketgan_tasischi_bilan_hisob-kitoblarda_qqs