9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Firmaning direktori va yagona ta’sischisi vafot etdi. Firmada mashina uchun oxirigacha toʻlanmagan lizing osilib qolgan. Bank hisobvaragʻi blokirovka qilingan. Direktorning yagona merosxoʻri - keksa onasi. Bunday vaziyatda nima qilish kerak? Ona merosga kirishi uchun yarim yil kutish lozimmi? Yoki qandaydir tarzda vaqtinchalik direktorni tayinlash mumkinmi? Balki, firmani yopish kerakdir?
Buxgalter.uz iltimosiga binoan ushbu murakkab savollarga yurist Ikrom ABDULQODIROV javob berdi:
Tugatish
- Darhol ta’kidlaymizki, jamiyatning vafot etgan ishtirokchisining shaxsan onasida, unda merosni qabul qilgunga qadar bunga tegishli mutlaq huquq mavjud emasligi tufayli xoʻjalik jamiyatini ixtiyoriy tartibda tugatishning imkoniyati yoʻq.
FKning 56-moddasi va “Mas’uliyati cheklangan hamda qoʻshimcha mas’uliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 55-moddasi ma’nosiga koʻra yuridik shaxs uning ta’sischilari (ishtirokchilari) yoki bunga ta’sis hujjatlari bilan vakolat berilgan yuridik shaxsning organi qarori bilan tugatilishi mumkin.
Jamiyatni qayta tashkil etish yoki tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilish, shuningdek tugatuvchini tayinlash va tugatish balanslarini tasdiqlash jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishining (jamiyatning yagona ishtirokchisining) mutlaq vakolatlari jumlasiga kiradi
.
Jamiyatning vafot etgan ishtirokchisining onasi merosni qabul qilib olmaguncha, u jamiyatning ishtirokchisi hisoblanmaydi va uni ixtiyoriy tugatish bilan bogʻliq qaror qabul qilishga haqli emas .
Jamiyatni vaqtinchalik boshqarish
Jamiyat ishtirokchisining vafot etganligi oqibatida meros ochilishi munosabati bilan uning merosxoʻrlari merosni ochish joyi boʻyicha notariusga (meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashash joyi yoki doimiy yashash joyini roʻyxatga olish) - merosni qabul qilib olish toʻgʻrisida yoki undan voz kechish toʻgʻrisida arizalar (meros ishini ochish toʻgʻrisida ariza) bilan murojaat qilishlari kerak. Shundan keyin notarius meros ishini ochadi va meros mol-mulkni qoʻriqlash choralarini koʻradi.
Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnomaning 122-bandiga muvofiq, meros tarkibida boshqarishni talab qiladigan mol-mulk mavjud boʻlsa yoki meros qoldiruvchining kreditorlari merosxoʻrlar tomonidan merosni qabul qilib olguniga qadar da’vo qoʻzgʻatgan hollarda, notarius meros mol-mulkining boshqaruvchisini tayinlaydi va bu haqda qaror chiqaradi.
Notarius Fuqarolik kodeksiga muvofiq meros mol-mulkini ishonchli boshqaruvchisi ta’sischisi sifatida ishtirok etadi va ishonchli boshqaruvchi bilan mol-mulkni ishonchli boshqarish toʻgʻrisida shartnoma tuzadi. FKning 852-moddasi unga buni amalga oshirish imkonini beradi.
FKning xuddi shu moddasida kim ishonchli boshqaruvchi boʻlishi mumkinligi va kim boʻlishi mumkin emasligi koʻrsatilgan.
Jumladan, jismoniy va yuridik shaxslar ishonchli boshqaruvchi boʻlishlari mumkin. Mol-mulk davlat organiga ishonchli boshqaruvga berilishi mumkin emas. Ishonchli boshqaruvchi faqat oʻz roziligi bilangina tayinlanishi mumkin. Ishonchli boshqaruvchidan tashqari har qanday shaxs foyda oluvchi boʻlishi mumkin.
Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi toʻgʻrisida FKning 49-bobidan batafsil bilib olish mumkin.
Fuqarolik qonun hujjatlariga muvofiq, mol-mulk, jumladan mulkiy huquqlar fuqarolik huquqlari ob’yektlari jumlasiga kiradi
.
Fuqarolik huquqlarining ob’yektlari erkin suratda boshqa shaxslarga berilishi yoki universal huquqiy vorislik (meros qilib olish, yuridik shaxsni qayta tashkil etish) tartibida yoxud boshqa usul bilan, agar ular muomaladan chiqarilmagan yoki ularning muomalada boʻlishi cheklab qoʻyilmagan boʻlsa, bir shaxsdan ikkinchi shaxsga oʻtishi mumkin
.
Bunda soliqqa oid qonunchilik normalariga asosan xoʻjalik jamiyatining ustav fondida (ustav kapitalida) ishtirok etish ulushi mulkiy huquqlar jumlasiga kiradi. Ya’ni - huquqlarning zamirida yotgan mol-mulk bilan bogʻliq, sotilishi yoki oʻz mulkdoridan oʻzga shaxsga boshqacha tarzda oʻtkazilishi mumkin boʻlgan huquqlarga
.
Jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlar jismoniy shaxslarning merosxoʻrlariga va jamiyatning ishtirokchilari boʻlgan yuridik shaxslarning huquqiy vorislariga oʻtadi.
FKning 59-moddasi va MChJ toʻgʻrisidagi Qonunning 8-moddasi ma’nosiga koʻra jamiyat ishtirokchilari MChJ toʻgʻrisidagi Qonunda va jamiyatning ta’sis hujjatlarida belgilangan tartibda jamiyatning ishlarini boshqarishda ishtirok etishga haqlidirlar.
MChJ toʻgʻrisidagi Qonunning 29-moddasiga muvofiq jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi jamiyat boshqaruvining oliy organi hisoblanadi. Boshqaruv umumiy yigʻilish tomonidan, qonun bilan uning mutlaq vakolatlari jumlasiga kiritilgan qarorlar qabul qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi
.
Bir ishtirokchidan tarkib topgan jamiyatda jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi vakolatlari jumlasiga kiruvchi masalalar yuzasidan qarorlar jamiyatning yagona ishtirokchisi tomonidan yakka tartibda qabul qilinadi va yozma ravishda rasmiylashtiriladi
.
Xulosa: xoʻjalik jamiyatining ustav fondi (ustav kapitali)dagi ishtirok ulushi bunday jamiyat ishtirokchisining mol-mulki (mulkiy huquqi) hisoblanadi. U vafot etgan taqdirda mazkur mol-mulk (mulkiy huquq) merosxoʻr vorislik huquqiga kirgan paytga qadar boshqaruvni talab qiladi.
Merosni sotib olish
Meros ochilgan joydagi notarius merosxoʻrning iltimosiga koʻra unga merosga boʻlgan huquqi toʻgʻrisida guvohnoma berishi shart
. Merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma meros ochilgan kundan e’tiboran 6 oy oʻtganidan keyin beriladi. Qonun boʻyicha meros olinganida ham, vasiyatnoma boʻyicha meros olinganida ham, agar notarius tegishli mol-mulkka yoxud butun merosga nisbatan guvohnoma berishni soʻrab murojaat etgan shaxslardan boshqa merosxoʻrlar yoʻqligi toʻgʻrisida ma’lumotlarga ega boʻlsa, guvohnoma yuqorida koʻrsatilgan muddat tugamasidan oldin berilishi mumkin.
Qayta roʻyxatdan oʻtkazish
Jamiyatning ta’sis hujjatlariga oʻzgartirishlar jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qaroriga binoan kiritiladi. Ta’sis hujjatlari bu holda majburiy qayta roʻyxatdan oʻtkaziladi
.
Tadbirkorlik sub’yektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun soʻrovnomaga quyidagi hujjatlarni elektron shaklda ilova qiling:
- tadbirkorlik sub’yekti vakolatli boshqaruv organining ta’sis hujjatlariga ustav fondi miqdorining oshirilishi, ulushning (hissaning) boshqa shaxsga oʻtishi bilan bogʻliq boʻlgan oʻzgartirish va (yoki) qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qarori;
- davlat tilidagi ta’sis hujjatlari;
- ulushning (hissaning) boshqa shaxsga oʻtganligini tasdiqlovchi hujjat (shartnoma, xat, huquqiy vorislik, meros, sud qarori va shu kabilar) - ulush (hissa) boshqa shaxsga oʻtganda.
Ta’sis hujjatlariga oʻzgartirish va (yoki) qoʻshimchalar kiritish ta’sis hujjatlarini yangi tahrirda qabul qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Shuningdek ariza beruvchi qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun tegishli roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga oʻzi kelgan holda murojaat qilishi mumkin
.
![]()