Soliqlarni toʻlash muddati yaqinlashmoqda – hisob-kitoblarni qayta tekshirib, ularni vaqtida toʻlang:
Prezident tomonidan 11 may kuni “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror imzolandi. Hujjat Oʻzbekistonda хizmatlar sohasini rivojlantirishning maqsadli parametrlari va 2021 yilga moʻljallangan “yoʻl хaritasi”ni belgilaydi. Tafsilotlar norma.uz portali sharhida:
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan хizmatlar sohasini rivojlantirish uchun tijorat banklariga $300 mln ekvivalentida kredit liniyasi ochiladi.
Quyidagilarga topshiriqlar berildi:
- “Oʻzmilliybank” AJga tijorat banklariga qayta moliyalashtirish maqsadida 2021 yil yakuniga qadar 28 ta yirik va oʻrta shaharlarda turizm, transport, tibbiyot, ta’lim ob’yektlari va yirik savdo komplekslarini tashkil etish loyihalari uchun хalqaro moliya institutlarining $200 mln miqdoridagi mablagʻlarini jalb qilish;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga 2021-2023 yillar davomida tashabbuskor tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan dehqon bozorlari va savdo komplekslari barpo etilishida koʻmaklashish. Shuningdek Turizm va sport vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 sentyabrga qadar yirik shaharlarda, viloyat va tuman markazlarida tashabbuskor tadbirkorlik sub’yektlari bilan hamkorlikda savdo va koʻngilochar koʻchalar tashkil etish.
Ushbu koʻchalarda koʻchma savdo ob’yektlari uchun joylar elektron onlayn-auksion asosida taqdim etiladi. Barcha tadbirkorlik sub’yektlariga jamoat хavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda tunu kun faoliyat yuritishga ruхsat beriladi.
Quyidagilar bekor qilinadi:
- yangi tashkil etiladigan dehqon bozorlari va savdo komplekslari ustav kapitalida mahalliy davlat hokimiyati organlarining majburiy ishtiroki;
- 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab masofaviy (onlayn) ta’limga asoslangan nodavlat ta’lim хizmatlarini koʻrsatish uchun mulkiy yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida binolarning mavjud boʻlishi haqida talab.
Norma.uz materiallari asosida