Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
Amaliyotda hududiy elektr tarmoqlari korхonalari (HETK) iste’molchilarga reaktiv energiyani QQSni hisoblamasdan va toʻlamasdan realizatsiya qilgan. DSQ soliq solish uslubiyoti departamentida tushuntirish berishlaricha, bu notoʻgʻri boʻladi hamda ushbu energiya turiga ustamalarga ham QQS solinadi.
Bu oʻzi qanday energiya?
Sodda qilib aytadigan boʻlsak, iste’molchilar tomonidan foydalaniladigan elektr energiyasini hisoblashda odatda oʻlchanadigan elektr zanjiri orqali oʻtadigan elektr tokining toʻliq quvvati hisobga olinadi. Bunda toʻliq quvvatni aks ettiruvchi ikkita koʻrsatkich e’tiborga olinadi: aktiv va reaktiv energiya. Toʻliq quvvat ana shu ikkala koʻrsatkich summasiga teng boʻladi.
Hozirda amaliyotda iste’molchilar qurilmalar orqali bevosita foydalaniladigan foydali quvvat uchun emas, balki yetkazib beruvchi korхona tomonidan beriladigan quvvat uchun haq toʻlashmoqda.
10.10.2008 yildagi 1864-son Reaktiv quvvatni kompensatsiyalash ishlarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda elektr magnit maydonini yaratish uchun ishlab chiqariladigan va foydalaniladigan energiya reaktiv energiya deb belgilangan (oʻlchov birligi: kVAr*ch, kilovatt-soat). Ushbu hujjatga muvofiq elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi bir vaqtning oʻzida aktiv va reaktiv energiya koʻrinishida iste’molchilarning elektr tarmoqlari orqali beriladi.
Nega reaktiv energiyaga ustamaga soliq solinadi?
SKning 45 va 238-moddalariga muvofiq elektr energiyasi tovar deb e’tirof etiladi va tegishincha, uni realizatsiya qilish boʻyicha aylanmaga QQS solinadi.
Elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga muvofiq reaktiv energiya tarifi QQS hisobga olinmagan holda aktiv energiya tarifidan 5% (10%) miqdorida belgilanadi.
HET korхonalarining aytishicha, reaktiv energiyadan foydalanganlik uchun kompensatsiya tariqasida olingan mablagʻlar boshqa daromadlar deb e’tirof etiladi va ular QQS solish ob’yekti hisoblanmaydi.
Biroq Soliq qoʻmitasi tomonidan quyidagicha aniqlik kiritildi: 2007 yilgi tahrirdagi SKning 199 va 204-moddalariga, shuningdek amaldagi kodeksning 239 va 297-moddalariga muvofiq bu asosiy faoliyatdan olingan boshqa daromadlar hisoblanadi va ularga QQS solinadi.
Manbaga qarang.
![]()