9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Tashkilotda “shtat qisqartilishi” boʻladi, xodimlarning bir qismini ishdan boʻshatishga toʻgʻri keladi. Bunday vaziyatda mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi ogohlantirishni qanday qilib toʻgʻri tuzish mumkin? Bunday hujjatning birxillashtirilgan shakli mavjudmi?
Mazkur masala boʻyicha oʻzining amaliy tavsiyalari bilan “Norma”ning mehnat huquqi boʻyicha eksperti, yurist Lenara XIKMATOVA oʻrtoqlashdi:
- Eng avvalo eslatib oʻtamiz, texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi oʻzgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining oʻzgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi tufayli ishdan boʻshatishda ish beruvchi kamida 2 oy oldin bu haqda xodimni yozma ravishda ogohlantirishi shart
.
Qonunchilik mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida ogohlantirishning muayyan shaklini nazarda tutmaydi, har bir ish beruvchi uni erkin tarzda rasmiylashtiradi. Biroq u baribir oʻzida muayyan ma’lumotlarni saqlashi kerak:
- tashkilot nomi va hujjatning turi.
Tashkilot nomi ta’sis hujjatlarida yozilgani kabi aniq yoziladi. Agar tashkilotda qisqartirilgan nomi mavjud boʻlsa, odatda avval toʻliq nomi, keyin esa quyida yoki keyin (qavsda) - qisqartirilgan nomi koʻrsatiladi.
Hujjat turi xatlardan tashqari, barcha xizmat hujjatlarida tashkilot nomidan keyin bosh harflar bilan koʻrsatiladi koʻrsatiladi. Mazkur holda bu OGOHLANTIRISh;
- hujjatning rekvizitlari: sanasi va roʻyxat raqami;
- adresatning ma’lumotlari, matnga sarlavha, matnning oʻzi va imzo.
Ogohlantirish - bu tashkilotda ishlaydigan xodim nomiga yoʻllangan hujjat. Shu bois unda xodim ishlaydigan tarkibiy tuzilmaning nomi, lavozimi (kasbi, mutaxassisligi) nomi, familiyasi (joʻnalish kelishigida - Ivanovga, Abdullayevaga va h.k.) va xodimning initsiallari koʻrsatiladi.
Mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi ogohlantirish matni quyidagi ma’lumotlarni oʻz ichiga olishi mumkin:
- mehnat shartnomasini bekor qilishning asosi;
- ishdan boʻshatishning moʻljallanayotgan sanasi;
- shartlar;
- xodimga taqdim etiladigan kafolatlar va kompensatsiyalar.
Ogohlantirish tashkilot rahbari yoki mehnat shartnomalarini bekor qilish huquqiga ega boshqa mansabdor shaxs tomonidan imzolanadi. “Imzo” rekviziti tarkibiga quyidagilar kiradi: ogohlantirishni imzolagan shaxsning lavozimi nomi, uning shaxsiy imzosi va uning yoyilmasi.
Shundan soʻng xodimni ogohlantirishning mazmuni bilan tanishtiring. Ogohlantirishning ikkinchi nusxasida (ish beruvchida qoladi) ogohlantirish bilan tanishgani yoki olganligi toʻgʻrisida yoxud ish beruvchining xohishiga binoan korxonada yuritilishi mumkin boʻlgan ogohlantirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish maxsus jurnalidagi munosabat belgisi xodim xabardor qilinganligining yozma tasdigʻi boʻlib xizmat qiladi.
Agar xodim ogohlantirishni olishni rad etsa
Ba’zan xodim ogohlantirishni olishni va ish beruvchining nusxasida yoki ogohlantirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish jurnalida imzo qoʻyishni rad etadi. Bu holda 17.04.1998 yildagi OSPning 12-son qarori 17-bandiga amal qilish lozim. Ushbu hujjatga asosan “ogohlantirishda xodimning imzosi boʻlmagan taqdirda ham ish beruvchi hodimning belgilangan muddatda ogohlantirish bilan tanishtirilgani, lekin xodim imzo qoʻyishdan bosh tortgani haqida ishonarli dalillar keltirsa, sud xodimni oʻz vaqtida mehnat shartnomasining bekor qilinishi boʻyicha ogohlantirilgan deb topishi mumkin”.
Shu bois imzodan bosh tortgan holda ish beruvchiga guvohlar hozirligida xodimga rad etish sababini yozma bayon etishni taklif qilishni tavsiya qilamiz. Bunday yozma bayon etish xodim ogohlantirishning mazmuni bilan tanishganligi faktini tasdiqlaydi. Agar xodim bundan ham bosh tortsa, ish beruvchi guvohlar oldida maxsus dalolatnoma tuzishi va unda quyidagilarni aks ettirishi lozim:
- xodimni boʻlgʻusi ishdan boʻshatish toʻgʻrisida ogohlantirish fakti;
- xodimning ogohlantirishni imzolashdan bosh tortishi;
- bosh tortish sabablari.
Xodim ogohlantirishni olishni yoki oʻz imzosini qoʻyishni rad etgan taqdirda, 2 oyni hisoblash xodim imzo qoʻyishni yoki ogohlantirishni qabul qilishni rad etgan kundan keyingi kundan boshlanadi.
Agar ogohlantirilayotgan xodim ish joyida boʻlmasa (ta’tilda yoki “kasallik varaqasida” boʻlsa), ish beruvchi yoki uni ogohlantirish bilan tanishish uchun chaqirishi yoxud topshirilganligi toʻgʻrisida xabarnoma bilan hujjatni pochta orqali joʻnatishi mumkin.
Sizga foydali boʻlishi mumkin:
![]()