Shartnomalarni tuzish tartibi soddalashtirildi

preview

Prezident tomonidan 14 sentyabr kuni «Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmon imzolandi. 

 

Hujjatga muvofiq 2021 yil 1 dekabrdan quyidagilar bekor qilinadi:

a) tijorat banklariga yetkazib berilgan mahsulot (bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan xizmatlar) uchun toʻlovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilishga qoʻyilgan taqiq;

b) quyidagilarni belgilashga doir talablar:

  • davlat ulushi 50% va undan yuqori boʻlgan xoʻjalik yurituvchi sub’yektlarning mahsulotlarni yetkazib berish (ishlarni bajarish, xizmatlarni koʻrsatish) toʻgʻrisida tuziladigan shartnomalarida majburiy ravishda oldindan toʻlovni;
  • qishloq xoʻjaligi va chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchilari va tayyorlov tashkilotlari oʻrtasida tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda avansni. 

Jismoniy shaxslarga qarz shartnomalarini notarial tasdiqlash orqali chet el valyutasida oʻzaro qarz berish va qaytarib olishga ruxsat beriladi. 

2022 yil 1 yanvardan boshlab:

  • sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish boʻyicha elektron onlayn auksionda sotuvga qoʻyilgan mol-mulk auksion gʻolibiga qarzlarsiz va taqiqlardan yechilgan holda topshiriladi. U uni sotishdan tushgan pul mablagʻlari hisobidan topshiriladi. Ular yetarli boʻlmaganda qarzdorlikni toʻlash majburiyati uning sobiq egasi – qarzdor zimmasida qoladi. Auksion gʻolibi mulkni qabul qilib olishni rad etgan taqdirda zakalat puli murojaat qilgan kundan boshlab 3 ish kuni ichida qaytarib beriladi. Mulkni quyidagi asoslar boʻyicha rad etish mumkin: 

a) auksionda sotilgan mol-mulk auksion ob’yektining koʻrsatilgan texnik tavsiflariga mos kelmasa;

b) mol-mulk auksionda sotilgunga qadar uchinchi shaxslarning egaligiga oʻtib ketgan boʻlsa va bu holat auksion yakunlanganidan soʻng aniqlansa;

  • shartnomaning tarafi ikkinchi tarafdan shartnoma boʻyicha majburiyatlarni toʻla yoki qisman bajarishini qabul qilgan yoxud shartnomaning amal qilishini boshqacha tarzda tasdiqlaganda, ushbu shartnomani keyinchalik haqiqiy emas deb topishni talab qilishga, agar bunday talab halollik prinsipiga zid boʻlsa, haqli emas;
  • xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan davlat xaridlari bilan bogʻliq tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda korrupsiyaga qarshi qoʻshimcha shartlar belgilanadi;
  • yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha qarzdorlik toʻlanmaganda, soliq yoki bojxona organlari bankka toʻlovchining hisobvaraqlaridagi qarzdorlik summasiga teng miqdordagi pul mablagʻlarini muzlatib qoʻyish va ularni 30 kalendar kunidan soʻng undirish toʻgʻrisidagi farmoyishni bu haqda toʻlovchini xabardor qilgan holda yuboradi;
  • kommunal soha, energiya bilan ta’minlash, aloqa xizmati, yoʻlovchi va yuklarni tashish va boshqa shu kabi katta ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan sohalarda tabiiy monopoliya sub’yektlari tomonidan ishlab chiqilgan ommaviy shartnomalar monopoliyaga qarshi kurashish organi bilan kelishilganidan soʻng iste’molchilar bilan tuziladi.

Namunaviy shartnomalarni qonunosti hujjatlar bilan tasdiqlash amaliyoti bekor qilinadi. Qonun bilan toʻgʻridan-toʻgʻri taraflar uchun majburiy boʻlgan namunaviy shartnomalar tasdiqlanishi nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. 

Elektron tijoratda elektron savdo maydonchalari orqali mahsulotlar oldi-sotdisi amalga oshirilayotganda va boshqa sohalarda bitimlar tuzishda «eskrou» tizimi joriy etiladi.

 

Elmira SIRAZIYeVA.

Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text172838_shartnomalarni_tuzish_tartibi_soddalashtirildi