EHFda raqamli markirovkalashning qaysi kodini koʻrsatish lozim

preview

Hisobvaraq-fakturalarda raqamli markirovkalash kodlarini aks ettirish amaliyoti yaqin vaqtda majburiy raqamli markirovkalanishi lozim boʻlgan tovarlar bilan savdo qilishda ishtirok etuvchi barchaga tatbiq etiladi. Ularni EHFda qanday qilib toʻgʻri aks ettirishni, buxgalter.uz iltimosiga binoan raqamli markirovkalash operatori “CRPT TURON” MChJ menejeri Fazliddin SAYDULLAYeV tushuntirdi:

 

- Raqamli markirovkalash kodlari tovarga uni ishlab chiqarishda yoki import qilishda tushiriladi. Ya’ni sigaretaning har bir qadogʻi (bloki, qutisi)da xuddi maishiy texnika yoki elektronika birligida oʻzining seriya raqami boʻlgani kabi, oʻzining raqamli kodi mavjud. Ushbu kodni realizatsiya qilishda EHFda aks ettirish lozim.

Buning uchun hisobvaraq-fakturalarda maxsus ustun mavjud. Kod har bir tovar pozitsiyasi uchun alohida koʻrsatiladi.

Ham alohida iste’mol oʻramlarining (sigareta qadogʻi yoki bloki) kodlari, ham jamlamasi (qutilar va palletlar kodlari) kodlarini koʻrsatish mumkin.

- Raqamli markirovkalash kodi qanday qilib oʻramdan hisobvaraq-fakturaga olib oʻtiladi?

-  Buning uchun maxsus qurilma - ikki oʻlchamli lazer skanerlar (tarmoqli doʻkonlar kassalarida shu kabilardan foydalaniladi), ma’lumotlarni yigʻish terminallari, maxsus mobil ilovalar va h.k.dan foydalangan ma’qul.

Bundan tashqari, buxgalter (yoki EHFni rasmiylashtirish uchun mas’ul boʻlgan boshqa shaxs) bilan ombor xodimlari (markirovkalash kodlarini tuzishlari mumkin boʻlgan) oʻzaro hamkorlik qilishlari uchun dasturiy ta’minot  oʻrnatgan ma’qul (biroq majburiy emas). Hozir hamma operatorlar ham tegishli funksionalga ega emas, biroq kelajakda ular buning oʻrnini toʻldirishadi.

Bunday yondashuv ishlashni yuqori darajada soddalashtiradi, sizga hamma ombor va tovar hisobi jarayonlarini avtomatlashtirib beradi, xato qilish xavfini pasaytiradi.

- Sigaretaning har bir qutisi, undagi har bir bloki va har bir qadogʻi raqamli markirovkalashning individual  kodiga egadir. Faraz qilaylik, savdo shoxobchasi ishlab chiqaruvchidan sigareta qutisini emas, balki bir nechta blok sigareta sotib oladi. Bunday operatsiya hisobvaraq-fakturada qanday toʻgʻri aks ettiriladi?

- Agar bu bir rusumdagi sigaretalar boʻlsa, hisobvaraq-fakturada ular bitta tovar pozitsiyasida aks ettiriladi, unga har bir sotiladigan blokning markirovkalash kodlari roʻyxatini qoʻshish zarur. Sigaretalar bir rusumdaligiga qaramay, har bir blokda - oʻzining raqamli markirovkalash kodi boʻladi.

Realizatsiya qilish hajmi va mahsulot aylanmasini hisobga olgan holda, savdo shoxobchasi manfaatlariga javob berishi va hujjat bunda juda uzun boʻlmasligi uchun tovar xarid qilishning maqbul hajmlarini koʻrib chiqish mumkin. Masalan, sigaretalarni alohida bloklarda emas, balki qutilar bilan xarid qilish mumkin. Bu holda bitta quti - bitta markirovkalash kodi. Bunda oʻramning tarkibi u ishlab chiqaruvchidan (import qiluvchidan) chiqqanidan keyin oʻzgarmaganligini e’tiborga oling.

- Agar doʻkon tovarni donalab sotsa, nima qilish kerak?

- Bu endi chakana savdo boʻladi, bunda onlayn-NKT cheki sotish holatini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi. Bu holda oʻrnatilgan qoidalarni unutmaslik muhim hisoblanadi.

Tamaki mahsulotlarini qadoqsiz (oʻramsiz) donalab sotish Chakana savdo qoidalari bilan taqiqlangan . Binobarin: qadoq, blok, quti sotilishi mumkin. Har bir bunday tovar birligida raqamli markirovkalash kodi mavjud, uni skanerlash va chekda koʻrsatish lozim.

Tovarni donalab sotish mumkin boʻlgan boshqa tovar guruhlari (masalan, dori vositalari va tibbiy buyumlarni dastlabki (yopiq) oʻram saqlanishi sharti bilan realizatsiya qilish) uchun aylanmadan qisman chiqarish qoidasi qoʻllaniladi. Dorixona onlayn-NKT chekida toʻliq oʻram emas, balki, masalan, oʻramdagi toʻrtta blisterdan biri realizatsiya qilinganligini koʻrsatishi kerak.

Oleg GAYeVOY tayyorladi


EHF: soliq hisobi — maslahatlar EHF EHF (soliq hisobi) — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text173632_ehfda_raqamli_markirovkalashning_qaysi_kodini_kursatish_lozim