9 oyni xatolarsiz yopamiz:
2021 yil 1 noyabrdan milliy qonunchilikda kuchga kiradigan asosiy oʻzgarishlarni norma.uz portali umumlashtirdi:
Mahsulot sifati ustidan nazorat kuchaytiriladi
Ichki bozorga sifatli va xavfsiz mahsulot olib kirilishini ta’minlash uchun:
- xavflilik darajasi yuqori boʻlgan ayrim turdagi mahsulotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazgandan soʻng respublika hududida erkin muomalaga chiqarish tartibi joriy etiladi;
- Oʻzbekistonning rezidentlariga xavflilik darajasi yuqori boʻlmagan ayrim turdagi mahsulotlarni 24 oy davomida import qilishga ruxsat etildi. Muvofiqlik sertifikati akkreditatsiya qilingan organlarda shu davr uchun 1 marta rasmiylashtiriladi;
- majburiy talablarga nomuvofiq del topilgan mahsulotlar roʻyxati shakllantiriladi.
Tekshiruvlar soni oshirildi
Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatdan oʻtkazish orqali vakolatli organni bu haqda xabardor etish tartibida oʻtkaziladigan tekshiruvlar Roʻyxatiga kiritilgan qoʻshimchalar kuchga kiradi.
Yoʻl qurilishi sohasida NHHlar talablariga rioya etilishi, suv ta’minoti tizimlari, elektr, gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish, hisoblash moslamalari koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish holatlari va boshqalar tekshiriladi.
Nodavlat tibbiyot tashkilotlari uchun xizmatlar roʻyxati kengaytirildi
Ularga imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi va urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tomonidan koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar koʻrsatilishiga ruxsat beriladi.
Quruvchilardan soliqchilar uchun yana bitta hisobot
Qurilish tashkilotlari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar soliq organlariga foydalanilgan noruda qazilmalar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni taqdim etadilar. Hisobot tasdiqlangan shaklda elektron shaklda soliq toʻlovchilarning shaxsiy kabineti orqali taqdim etiladi.
Metall prokatiga yangi talablar qoʻyildi
Qurilish uchun metall prokati ishlab chiqaruvchi korxonalarda poʻlat va tayyor mahsulotlarning har bir partiyasini sifat nazoratidan oʻtkazish uchun akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalari ochiladi.
Bir qator imtiyozlar bekor qilindi
Bir qator mahsulotlar uchun bojxona toʻlovlaridan (QQS va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etish boʻyicha imtiyozlarning amal qilishi toʻxtatiladi. Roʻyxatga naslli ona baliq, baliq uvildirigʻi, baliqchilik xoʻjaliklari ehtiyoji uchun omuxta yem va mineral oʻgʻit (ammofos), naslli ona tovuq, parrandachilik xoʻjaliklari ehtiyoji uchun parranda ozuqasi, veterinariya preparatlari va boshqalar kiritildi.
Norma.uz materiallari asosida