9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Koʻchmas mulk roʻyxatdan oʻtkazilgan manzilda ish yuritish talabini qanday bajaryapsiz
“Mening holatimni tekshirish” interaktiv servisida “Soliq toʻlovchining davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan manzilda mavjud emasligi” mezoni roʻparasida “qizil belgi” qoʻyilgan. Rang “yashil”ga oʻzgarishi uchun soliq toʻlovchi nima qilishi kerak? Buxgalter.uz iltimosiga binoan savolga DSQ QQS ma’murchiligi boshqarmasi katta soliq inspektori Fazliddin ShAMSIYeV javob berdi:
- “SKning 128-moddasiga muvofiq yuridik shaxslar oʻzlari joylashgan yerdagi va ularning alohida boʻlinmalari joylashgan yerdagi soliq organlarida hisobga qoʻyiladi.
“Soliq toʻlovchining davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan manzilda mavjud emasligi” mezoni roʻparasida “qizil belgi” Kadastr agentligining ma’lumotlar bazasida yuridik shaxsning koʻchmas mulki toʻgʻrisidagi ma’lumot mavjud emasligidan dalolat beradi. 2021 yil 23 dekabrdan boshlab bunday soliq toʻlovchilarda QQS toʻlovchisi guvohnomasining amal qilishi toʻxtatiladi va uni olish uchun ariza rad etiladi.
Yuridik shaxsda koʻchmas mulk mavjudligi toʻgʻrisida ma’lumotni davreestr.uz sayti yordamida ham tekshirish mumkin. Buning uchun sizga ob’yektning kadastr raqami yoki STIR talab etiladi.
Agar tashkilotingizda koʻchmas mulk boʻlsa, lekin qandaydir sababga koʻra Kadastr agentligida hozircha u haqda ma’lumotlar boʻlmasa, kadastr pasportini olish uchun hujjatlarni topshiring. U olingandan keyin maxsus bazaga ma’lumotlar avtomatik tarzda kelib tushadi.
Agar koʻchmas mulk mavjud boʻlmasa, ijara shartnomasi tuzing va uni ijara.soliq.uz saytida roʻyxatdan oʻtkazing”.
Oleg GAYeVOY tayyorladi