9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Prezidentning “Tadbirkorlik sohasida sogʻlom raqobat muhitini yanada rivojlantirish hamda iqtisodiyotda yashirin aylanmalarni qisqartirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini muhokama qilish 12 dekabrga qadar davom etadi. U qabul qilingandan keyin nimalar oʻzgarishi mumkin?
1. Yuqori xavf mavjud korxonalar qayta roʻyxatdan oʻtolmaydilar
Quyidagilar qoʻshib olish yoki qoʻshib yuborish yoʻli bilan qayta tashkil etish doirasida qayta roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish uchun asos boʻladi:
- qoʻshib olinayotgan yoki qoʻshib yuborilayotgan yuridik shaxsning BHMning 50 baravaridan ortiq soliq qarzi mavjudligi;
- amalga oshirilgan tovarlar aylanmasi yoxud tovarlar importi boʻyicha realizatsiya hajmining soliq hisobotlarida toʻliq aks ettirilmaslik, soliq hisobotlarini belgilangan muddatlarda topshirmaslik.
2. Bir qoʻlga - faqat bitta ERI kaliti
Shaxs nomiga ochiladigan ERI kalitlari soni cheklandi. Shuningdek, davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan ayrim xizmat turlari boʻyicha jismoniy shaxslarni biometrik identifikatsiya qilish tizimini joriy qilish rejalashtirilmoqda.
3. Jarima solinganlarga 3 yil yangi biznes ochish taqiqlanadi
2022 yil 1 maydan soxta tadbirkorlik, soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirish, qasddan bankrotlikka olib kelish, soliqlarni toʻlashdan qasddan boʻyin tovlash va boshqa “ogʻir qilmish”larni sodir etgan korxonalarning ta’sischi va rahbarlari 3 yilgacha yangi tashkilotni tashkil etishlari mumkin emas.
4. Qarzdorlikni soʻndirish javobgarlikdan ozod qiladi. Biroq - hammani emas...
2022 yil 1 maydan boshlab soliqlar yoki yigʻimlarni toʻlashdan boʻyin tovlash bilan bogʻliq jinoyatni sodir etgan shaxs tomonidan yetkazilgan zarar, mavjud soliq qarzini, penyalar va boshqa moliyaviy sanksiyalarni toʻliq qoplagan taqdirda sud qarori chiqarilgunga qadar javobgarlikdan ozod qilinadi. Takroran va juda koʻp miqdorda huquqbuzarlik sodir etish holatlari istisno hisoblanadi.
5. Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan qurilish-montaj ishlari alohida nazorat ostiga tushadi
Tajriba-sinov tariqasida Buxoro va Namangan viloyatlarida markazlashtirilgan manbalar hisobidan amalga oshiriladigan QMIning gʻaznachilik kuzatuvi amalga oshiriladi.
6. Tadbirkorlar “yuqori xavf” roʻyxatiga kiritishganini birinchi boʻlib bilishadi
2022 yil 1 maydan boshlab yuqori xavf toifasiga kiritilgan tadbirkorlik sub’yektlarining ochiq e’lon qilinadigan roʻyxati paydo boʻladi. Shuningdek, soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali bunday toifaga kiritilishi sabablarini ma’lum qilish tartibi ishlab chiqiladi.
7. 2022 yil 1 oktyabrdan xizmatlar iste’molchilarining ochiq reytingi ishga tushiriladi
2022 yil 1 oktyabrdan boshlab
ochiq e’lon qilinadigan, koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha iste’molchilar, shu jumladan davlat organlari tomonidan aniqlangan qonunbuzish holatlari boʻyicha baholanadigan tadbirkorlik sub’yektlari reytingi joriy qilinadi.
Saida JONIZOQOVA tayyorladi