9 oyni xatolarsiz yopamiz:
Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari buxgalteriya hisobini emas, balki hisobotni shakllantirish qoidalarini belgilaydi. Bu buxgalteriya hisobi tizimi ularda qanday shakllanganligidan qat’i nazar, barcha mamlakatlar uchun ularni universal qiladi. Oqibatda - MHXSda ham majburiy, ham tavsiyaviy Buxgalteriya hisobi schyotlari rejasi haqida hech narsa aytilmagan. Ular hisobot koʻrsatkichlarini oʻz ichiga oladi, korxona qaysi Schyotlar rejasidan foydalanishi esa - bu uning qarori. Asosiysi, pirovardida schyotlardan ma’lumotlar “Moliyaviy holat toʻgʻrisida hisobot” va “Jami daromad toʻgʻrisida hisobot”ning tegishli satrlariga tushishi lozim. Bunday yondashuvning barcha ijobiy jihatlariga qaramay, u muammolar tugʻdiradi, tavsiyaviy tusdagi namunaviy Schyotlar rejasi mavjud boʻlsa, ularni hal qilish oson boʻladi.
Moliya vazirligi MHXSga oʻtgan korxonalar uchun namunaviy Schyotlar rejasining loyihasini tayyorladi. U nima uchun zarurligini buxgalter.uz iltimosiga binoan moliya vazirining oʻrinbosari Dilshod SULTONOV tushuntirdi.
– “Eng avvalo, MHXSga oʻtgan hamma korxonalarda ham moliyaviy hisobot tayyorlash modelini tanlash, schyotlar rejasi va hisobot shakllarini tayyorlash boʻyicha konsalting yoki auditorlik tashkilotlari xizmatlariga haq toʻlash uchun moliyaviy resurslar mavjud emas. Hamma ham buni oʻz kuchi bilan qila olmaydi.
Buxgalterlarning aksariyati Schyotlar rejasidan foydalanishga oʻrganishgan, unda aktivlar, majburiyatlar, xususiy kapital, daromadlar va xarajatlar batafsil tasniflanadi. Shu bois Namunaviy schyotlar rejasi bunday korxonalarga yordam beradi.
Shuningdek, u nafaqat amaliyotchi buxgalterlar, balki MHXSni oʻrganayotganlar uchun ham foydali boʻladi. Yana bir ijobiy jihati: u MHXS boʻyicha buxgalteriya hisobini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni jadallashtiradi.
Shuningdek, Moliya vazirligi buxgalterlarga yordam tariqasida standart oʻtkazmalarni oʻz ichiga olgan namunaviy Schyotlar rejasini qoʻllash boʻyicha uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqmoqda. Umid qilamanki, ular MHXSni amaliyotda qoʻllashga yordam beradi.
Buxgalteriya hisobining milliy standartlari ham takomillashtiriladi, sababi ular MHXSda roʻy bergan muhim oʻzgarishlarni hisobga olishi kerak.
MHXSning konseptual asoslariga tuzatishlar kiritildi, hisobning yangi ob’yektlari paydo boʻldi, aktivlar va majburiyatlarni baholashga yondashuv oʻzgardi va h.k. Bularning barchasi 21-son BHMS boʻyicha amaldagi Schyotlar rejasiga yangi schyotlarni kiritish va koʻplab foydalanilayotgan schyotlarni oʻzgartirishni nazarda tutadi”.
![]()