2022 yil 1 martdan nimalar oʻzgaradi

preview

2022 yil 1 martdan boshlab qonun hujjatlaridagi ayrim oʻzgartirishlar kuchga kiradi:

 

Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash

  • Kompensatsiya toʻlovi, uni olish huquqiga ega boʻlgan barcha imtiyozli toifadagi shaxslarga, ushbu shaxslarning pensiya (ijtimoiy nafaqa) olishi yoki olmasligi hamda mehnat faoliyatini olib borishi yoki olib bormasligidan qat’i nazar toʻlab boriladi;
  • ijtimoiy nafaqa oluvchi oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz shaxslarga pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 45%i miqdorida kompensatsiya toʻlovi joriy etiladi;
  • yoshi 100 ga toʻlgan va undan oshgan ijtimoiy nafaqa oluvchi shaxslar uchun har oyda pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 100%i miqdorida qoʻshimcha toʻlov belgilanadi. 

Elektron retsept berish

Barcha tibbiyot tashkilotlari va dorixonalari mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat’i nazar Elektron retsept berish tizimidan foydalanishlari lozim.

 

YaIDXP

Elektron shaklda koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxatiga quyidagi xizmatlar kiritiladi:

  • Oʻzbekistonga chet el fuqarosini taklif qilish;
  • chet davlat hududida Oʻzbekiston fuqaroligini tasdiqlash boʻyicha tegishli hujjatlar va ma’lumotlar olish;
  • sudlanganlik (sudlanmaganlik) haqidagi ma’lumotlar olish;
  • jazoni ijro etish muassasalari va manzil koloniyalarda saqlanayotganlarni ularning yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv vaqtini belgilash va boshqa xizmatlar.

 

YPX xodimlari tomonidan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishning yangi tartibi

Haydovchining YPX inspektoriga taqdim etilishi lozim boʻlgan hujjatlar maxsus planshet qurilmasi yordamida ID-kartasi orqali tekshiriladi.

Bunda ID-kartaga ega haydovchidan quyidagilarni taqdim etishni talab qilish taqiqlanadi:

  • yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasini;
  • transport vositasiga egalik qilish, egasi yoʻqligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi ishonchnomani;
  • transport vositasini roʻyxatdan oʻtkazganlik toʻgʻrisidagi hujjatni;
  • transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisini.

     

Meva-sabzavotchilik klasterlari va fermer xoʻjaliklariga imtiyozlar 

Meva-sabzavotchilik klasterlari (kooperatsiyalar) va fermer xoʻjaliklariga eksport shartnomasi mavjud boʻlib, meva-sabzavot hosilini xavf-xatardan sugʻurtalash xizmatidan foydalanganda toʻlangan sugʻurta mukofotining 50%i, biroq sugʻurta pulining 1%dan ortiq boʻlmagan qismi qoplab beriladi. Sugʻurta puli hosil qiymatining 70%idan kam boʻlishi mumkin emas.

Shuningdek klasterlarga (kooperatsiyalarga) xorijdan malakali agronom, entomolog, laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50%i, biroq bir oyga 1 nafar mutaxassis uchun $1 ming ekvivalentidan oshmagan qismi Qishloq xoʻjaligi vazirligining tuman boʻlimlari orqali kompensatsiya qilinadi.

 

Oilaviy tadbirkorlik uchun imtiyozli kreditlar

Kreditlar Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining yagona elektron platformasi orqali ajratiladi.

Bunda:

  • kredit olish uchun arizalar masofadan qarz oluvchi tomonidan mustaqil ravishda yoki tegishli mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisining koʻmagi bilan taqdim etiladi va onlayn rejimda koʻrib chiqiladi;
  • kredit mablagʻlarini ajratish boʻyicha hujjatlar elektron koʻrinishda shakllantiriladi va masofadan imzolanadi;
  • ajratilgan kreditlar hisobiga tovar va xizmatlarni bozor tamoyillari asosida erkin sotib olish yoki sotish «marketpleys» tizimi yordamida amalga oshiriladi.

 

Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun toʻlangan ijtimoiy soliq 

2024 yil 1 martga qadar ish beruvchilarga (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamgʻarmasi (kapitali)da davlat ulushi 50% va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar bundan mustasno) ular tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun toʻlangan ijtimoiy soliq summasi toʻliq qaytarib beriladi.

Ijtimoiy soliq summasi nogironligi boʻlgan shaxslarning 6 oy davomida uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi sharti bilan yettinchi oydan boshlab qaytariladi.

 

Bino va inshootlarga tutash boʻlgan yer uchastkalari 

Davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va koʻp kvartirali uy-joylar mulkdorlariga ular egaligidagi bino va inshootlarga tutash boʻlgan yer uchastkalari ularga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladi.

Bunday yer uchastkalarida bino, inshoot, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish hamda yengil konstruksiyali ob’yektlarni oʻrnatish va qurish taqiqlanadi.

 

Davlat muassasalari va tadbirkorlik

2023 yil 1 avgustga qadar davlat muassasalariga xoʻjalik jamiyatlarini ta’sis qilish va ularning ustav fondida (UK) ishtirok etish taqiqlanadi, Prezident va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.

 

Yer uchastkalaridan oqilona foydalanish

Shunday tartib belgilanadiki, unga muvofiq:

  • aholi va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallash va ulardan noqonuniy foydalanish holatlari boʻyicha fotosurat va videoyozuvlar Bosh prokuratura va Kadastr agentligiga yuboriladi;
  • fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchilariga oʻz hududida qurilishi boshlangan har qanday bino yoki inshootlarning qonuniyligini aniqlash boʻyicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga, qurilish va kadastr organlariga soʻrov yuborish huquqi beriladi.

 

Sement, sement klinkeri va oyna

Barcha yuridik shaxslarga respublikada ishlab chiqariladigan sement, sement klinkeri va qurilish oynasini cheklovlarsiz toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida (kvotasiz) eksport qilishga ruxsat beriladi.

2024 yil 1 yanvarga qadar eksport qiluvchi korxonalarga (ularning vakolatli vakillariga) qurilish materiallarini barcha mamlakatlarga, shu jumladan chegaradosh davlatlarga avtomobil, temir yoʻl va havo transportida tashish xarajatlarining 50%igacha miqdori kompensatsiya qilinadi.

 

 

Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text179359_2022_yil_1_martdan_nimalar_uzgaradi