Onlayn-NKM chekini bekor qilish mumkinmi

preview

Onlayn-NKM egalarida savol tugʻildi - kassa apparati chekini bekor qilish mumkinmi? Avval DSQning axborot xizmati oʻz materialida “sotuvchilar chekni bekor qilishdi” degan iborani ishlatgandi. 

Buxgalter.uz tafsilotlarni Davlat soliq qoʻmitasida aniqlashtirdi.

 

– Yoʻq, onlayn-NKT chekini bekor qilishning imkoni yoʻq.

Aytib oʻtilgan materialda gap chekni qaytarish operatsiyasi haqida bormoqda. Agar sotish chekining toʻliq summasiga qaytarish cheki rasmiylashtirilsa, soliq boʻyicha Hisob-kitob satridagi onlayn-NKM orqali sotuvlar toʻgʻrisidagi ma’lumotlar qaytarish cheki summasiga kamayadi.

Masalan, sotuvchi 100 ming soʻmlik sotish chekini urdi, soliq boʻyicha Hisob-kitobdan 100 ming soʻm oʻtdi. Xaridorning talabiga koʻra sotish chekining toʻliq summasiga qaytarish cheki rasmiylashtirildi. Natijada onlayn-NKM boʻyicha summa Hisob-kitobda 100 ming soʻmga kamaydi. Chekning oʻzi emas, balki Hisob-kitobdagi uning ma’lumotlari bekor qilindi.

 

Qachon “chekni qaytarish” mumkin

Ushbu operatsiyaning asosiy maqsadi - “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunda nazarda tutilgan hollarda iste’molchining tovarni qaytarish huquqini roʻyobga chiqarish.

Istisno tariqasida ba’zan ushbu usul mijozga xizmat koʻrsatiyotgan paytda kassada sotish chekida yoʻl qoʻyilgan xatoni tezkor tarzda tuzatish zarur boʻlganda qoʻllaniladi. Biroq bu - vaqt boʻyicha noqulay va xarajat talab qiladigan usul, sababi bu holda tovarni qaytarish uchun nazarda tutilgan quyidagi hujjatlar majburiy tartibda rasmiylashtirilishi kerak :

  • savdo shoxobchasi rahbari nomiga xaridorning yozma arizasi. Unda xaridor oʻz F.I.Sh va pasport ma’lumotlarini, qaytarish sababini, tovarni almashtirishning imkonsizligi sababini, tovar uchun toʻlangan pul summasini qaytarish talabini, bank kartasi ma’lumotlarini (agar pullar unga qaytarilsa) koʻrsatadi;
  • tovarni qaytarishga yukxati yoki tovarni qaytarish haqida dalolatnoma. Mazkur hujjatlar asosida tovar omborga kirim qilinadi yoki - agar gap sifatsiz tovar haqida borsa - belgilangan tartibda hisobdan chiqariladi. Ushbu hujjatni tuzishda “Joʻnatuvchi” ustunida xaridor imzo qoʻyadi, sotuvchi “Oluvchi” boʻladi. Dalolatnoma bir nusxada tuziladi, xaridor va savdo shoxobchasining mas’ul xodimi tomonidan imzolanadi. Soʻngra uni tadbirkorlik sub’yekti rahbari tasdiqlaydi;
  • chiqim kassa orderi, agar pul naqd shaklda qaytarilsa.

Xaridorga tovarni xarid qilish chogʻida berilgan chek hujjatlarga ilova qilinadi va buxgalteriyaga beriladi.

Qaytarishni rasmiylashtirishni yakunlagach, xaridorga tovarni qaytarishga onlayn-NKM yoki virtual kassa chekini berish juda muhim. Bunday chekda “toʻlov turi” rekvizitida albatta “qaytarish” koʻrsatiladi.

Hozirgi vaqtda aksariyat onlayn-NKM va virtual kassalar shunday sozlanganki, qaytarishni rasmiylashtirish yana bitta harakatni talab qiladi - unga sotish chekini bogʻlash. Bu my.soliq.uz da soliq toʻlovchi shaxsiy kabinetining “Onlayn-NKM va virtual kassalar boʻyicha ma’lumotlar” interaktiv xizmatining “Chekni qaytarish” menyusi yordamida amalga oshiriladi.

E’tibor bering
Chekni qaytarish cheki urilgan oydan keyingi oyning 10-sanasigacha bogʻlash lozim. Aks holda hisob-kitobda ilgarigidek qaytarish cheki urilgan sotish cheki summasi aks ettiriladi.

Hozirgi vaqtda fiskal ma’lumotlar operatori onlayn-NKM ishlab chiqaruvchilar va TXKM bilan birgalikda qaytarish chekini rasmiylashtirishning yangi texnologiyasini joriy qilishmoqda. Qaytarish chekini shakllantirishda onlayn-NKM yoki virtual kassa sotish cheki ma’lumotlarini soʻraydi, ularni, xususan, sotish cheki QR-kodini skanerlab kiritish mumkin. Ushbu uslubiyat keyinchalik shaxsiy kabinetda qoʻshimcha harakatlarni talab qilmaydi va hozir yuzaga kelayotgan talay xatolarni istisno qiladi.

Yangi texnologiyani  joriy etish onlayn-NKM va virtual kassani qayta sozlashni talab qiladi. TXKM sizning onlayn-NKM va virtual kassangiz modeli uchun texnik yechim tayyorligiga qarab uni oʻtkazishi mumkin.

Oleg GAYeVOY tayyorladi


Onlayn-NKT Onlayn-NKT Onlayn-NKT /oz/publish/doc/text181019_onlayn-nkm_chekini_bekor_qilish_mumkinmi