9 oyni xatolarsiz yopamiz:
2022 yil 1 maydan boshlab Prezidentning PF-115-son Farmoniga muvofiq bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi qoʻllanilishining soddalashtirilgan tartibi joriy qilinadi.
Bojxona hududida tovarlarni qayta ishlash boʻyicha operatsiyalar quyidagilardan iborat:
- olib kirilgan tovarni uning dastlabki xossalari va individual koʻrsatkichlarini oʻzgartirib, lekin qayta ishlash mahsulotida uni identifikatsiyalash imkonini beruvchi tovar xususiyatlarini saqlagan holda bevosita qayta ishlash yoki unga ishlov berish;
- olib kirilgan tovardan foydalangan holda boshqa tovar tayyorlash, montaj qilish, yigʻish yoki qismlarga ajratish, tovarni ta’mirlash, shu jumladan uni tiklash va tarkibiy qismlarini almashtirish;
- qayta ishlash mahsulotlarini ishlab chiqarishga koʻmaklashuvchi yoki ularning ishlab chiqarilishini yengillashtiruvchi boshqa tovarlardan, agar bu tovarlar qayta ishlash jarayonida toʻliq yoki qisman ishlatilsa, xomashyo sifatida foydalanish.
Yangi soddalashtirilgan tartibning shartlari:
- Tovarlarni qadoqlash, oʻrash, qayta oʻrash, saralash, tozalash, boshqa tovarlarga moslashtirish va uskunalarni modernizatsiya qilish bojxona hududida qayta ishlash operatsiyalari hisoblanadi.
- Tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirishda tovarlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi NHHlar talablariga muvofiqligini majburiy tasdiqlash hamda sanitariya-epidemiologik xulosani taqdim etish talab etilmaydi.
- Qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normalari agar ushbu normalar belgilangan tartibda tasdiqlanmagan boʻlsa, ularni qayta ishlash texnologiyasi, ishlab chiqarish va (yoki) yuk operatsiyalaridagi yoʻqotishlarni hisobga olgan holda, qayta ishlovchi sub’yekt tomonidan tasdiqlanadi va bojxona organiga taqdim etiladi. Ushbu chiqish normalari bojxona hududida qayta ishlash uchun ruxsatnomalarda qayd etiladi hamda uning haqqoniyligi uchun qayta ishlovchi sub’yekt javobgar hisoblanadi.
- Aynan bir xil turdagi tovarlarni qayta ishlash boʻyicha, kontraktlar sonidan qat’i nazar, 2 yildan koʻp boʻlmagan muddatga bojxona organi tomonidan umumiy ruxsatnoma beriladi. Bunda, har bir qayta ishlash operatsiyasi (kontrakt) uchun chiqish normasi taqdim etiladi.
- Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari va vakolatli iqtisodiy operatorlar uchun bojxona toʻlovlari toʻlanishini ta’minlash tartibi qoʻllanilmaydi.
- Qayta ishlash jarayonida hosil boʻladigan chiqindilarni “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirishda bojxona boji undirilmaydi.
- Tovarlarni qayta ishlovchi vakolatli shaxslar har chorakda DBQning axborot tizimi orqali bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga rioya qilinganligi toʻgʻrisida hisobotlarni taqdim etadi.
- Tovarlar eksporti uchun qonunchilik bilan belgilangan bojxona yigʻimlari stavkalari, imtiyozlar, preferensiyalar va eksportni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha boshqa choralar, shu jumladan temir yoʻlda tashish tariflari, subsidiyalar va kompensatsiyalar "reeksport" bojxona rejimida olib chiqiladigan qayta ishlash mahsulotlariga ham tatbiq etiladi.
- Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimini qoʻllashning maqsadi tovarlarni ta’mirlash boʻlsa, tovarni bojxona hududida qayta ishlashga ruxsatnoma talab etilmaydi.
- Tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash uchun ruxsatnoma TIF ishtirokchisi tomonidan keyinchalik boshqa shaxsga, agar ushbu shaxs mazkur ruxsatnoma boʻyicha barcha majburiyatlarni oʻz zimmasiga olsa, oʻtkazilishi mumkin.
- TIF ishtirokchisining arizasiga asosan bojxona organi tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash uchun ruxsatnomalarda qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normalariga, qayta ishlash manziliga, tomonlarning rekvizitlariga, qayta ishlash muddatiga qonunchilikka zid boʻlmagan oʻzgartirishlar (qoʻshimchalar) kiritish huquqiga ega.
![]()