Onlayn-NKM orqali realizatsiya qilingan tovarlar boʻyicha imtiyoz qanday qoʻllaniladi

preview

Aprel oyi uchun aylanmadan olinadigan soliq va QQS boʻyicha soliq hisobotlarini tayyorlashda ayrim soliq toʻlovchilar muammolarga duch kelishdi. Ular onlayn-NKM va virtual kassalar orqali realizatsiya qilingan tovarlarga soliq imtiyozlarini qoʻllay olishmadi. Buxgalter.uz ularni qanday hal qilishni aniqlashtirdi.

 

2022 yil fevral oyidan boshlab QQS va aylanmadan olinadigan soliq  boʻyicha hisobotlarda onlayn-NKM va virtual kassalar cheklari asosida imtiyozlar toʻgʻrisidagi axborotni avtomatik tarzda shakllantirish mexanizmi joriy etildi. Yangi tizimda chekda tovarga koʻrsatilgan MXIK muhim hisoblanadi. Agar MXIKga imtiyoz bogʻlangan boʻlsa, Hisob-kitob qoʻllanilgan imtiyozni hisobga olgan holda toʻgʻri chiqadi.

 

Imtiyoz MXIKga qanday bogʻlanadi

Onlayn-NKM orqali realizatsiya qilingan tovarlar va xizmatlarga soliq imtiyozlarini qoʻllash nuqtai nazaridan imtiyozlar ikkita guruhga boʻlingan:

 

I. Ularni realizatsiya qilayotgan tadbirkorlik sub’yektidan qat’i nazar tovarning (xizmatning) muayyan turiga tatbiq etiladigan imtiyozlar

Masalan, dori vositalarini, veterinariya dori vositalarini, tibbiyot va veterinariya uchun moʻljallangan buyumlarni soliq solishdan ozod qiladigan SKning 243-moddasi 13-bandida nazarda tutilgan imtiyoz shunday. QQS boʻyicha ushbu imtiyozni barcha ishlab chiqaruvchilar (import qiluvchilar) va ushbu mahsulotni realizatsiya qiluvchi ulgurji-chakana tarmoq korxonalari qoʻllashi mumkin.

Bunday tovarlarning MXIKiga imtiyozlar bogʻlangan. Soliq toʻlovchidan faqat onlayn-NKM cheklarida tasnif.soliq.uz ning joriy versiyasiga muvofiq keladigan toʻgʻri MXIKni koʻrsatish talab qilinadi.

 

II. Muayyan tadbirkorlik sub’yektlariga tovarning ma’lum bir turiga taqdim etiladigan imtiyozlar.

Masalan, ikkita korxona dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqadi va ularning nusxalarini realizatsiya qiladi, ikkalasi - onlayn-NKM cheklarida va hisobvaraq-fakturalarda oʻz tovariga ayni bir MXIKdan foydalanadi. Bunda korxona -IT-park rezidenti Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida nizomning 27-bandida nazarda tutilgan imtiyozdan foydalanadi. Norezident ushbu imtiyozga boʻlgan huquqqa ega emas.

Rezident imtiyozni qoʻllash uchun my.soliq.uz da shaxsiy kabinet orqali “Soliq imtiyozlaridan foydalanish boʻyicha murojaat”ni yoʻllashi zarur. “Soliq imtiyozlaridan foydalanish boʻyicha murojaat” interaktiv xizmati ekranining pastki qismida joylashgan jadvalning “Holati” ustunida ariza ma’qullanganligi haqida belgi paydo boʻlgandan soʻng IT-park rezidenti tovarning MXIKni koʻrsatgan holda avtomatik tarzda imtiyozni oladi.

E’tibor bering

Sizga kerakli boʻlgan MXIKlarni (shu jumladan imtiyozlar bogʻlangan MXIKlarni) darhol quyidagilarga kiriting:

  • tasnif.soliq.uz da shaxsiy kabinetda “tanlanganlar”ga;
  • onlayn-NKM yoki virtual kassa tovarlari va xizmatlari toʻgʻrisida ma’lumotlar bazasiga.

 

Agar cheklarda xato tarzda “imtiyozsiz” MXIK koʻrsatilgan boʻlsa, nima qilish kerak

Agar hammasi shu holicha  qoldirilsa, imtiyozni hisobga olmagan holda hisoblab chiqarilgan soliqni toʻlashga toʻgʻri keladi.

Agar siz imtiyozni qoʻllashga qat’iy qaror qilgan boʻlsangiz - my.soliq.uz da shaxsiy kabinetning “Onlayn-NKM va virtual kassalar toʻgʻrisida axborot” interaktiv xizmatining “Chekka tuzatish kiritish” menyusidan foydalaning. Quyidagi algoritmga rioya qilgan holda har bir chekka alohida tuzatish kiritishga toʻgʻri keladi:

1) izlash xizmati yordamida MXIK koʻrsatilmagan yoki notoʻgʻri koʻrsatilgan chekni toping;

2) tovarga toʻgʻri MXIKni koʻrsatasiz, toʻldirilishi majburiy boʻlgan boshqa maydonlarni toʻldirasiz;

3) MXIKga tuzatish kiritishda tasdiqlovchi hujjatlar sifatida korxona rahbarining imzosi bilan tushuntirish xatini ilova qilish yetarli boʻladi;

4) “Hisoblash” va arizani “Joʻnatish”ga bosasiz.

“Onlayn-NKM va virtual kassalar toʻgʻrisida axborot” interaktiv xizmatining “chekka tuzatish kiritish” menyusi ochiq boʻlganda ekranning pastki qismida joylashgan jadvalning “holati” ustunida chek tuzatilganligidan dalolat beruvchi “Qabul qilingan” aks ettirilguncha kuting. MXIKga tuzatish kiritishda chekka tuzatish kiritish uchun ariza qoidaga koʻra, chekka tuzatish kiritish uchun ariza joʻnatilgandan soʻng darhol avtomatik tarzda ma’qullanadi.

 

Jarayonni qanday jadallashtirish mumkin

Odatda, chekka tuzatish kiritilgandan soʻng, soliq boʻyicha hisobotdagi ma’lumotlar 24 soat davomida yangilanadi. Endi ushbu jarayonni jadallashtirish mumkin:

1) my.soliq.uz da shaxsiy kabinetda “Onlayn-NKM va virtual kassalar toʻgʻrisida axborot” interaktiv xizmatini tanlang;

2) “Imtiyozlar” menyusiga kiring va “Yangilash” tugmasiga bosing;

3) ochilgan “Ma’lumotlarni yangilash” oynasida kerakli yil va oyni tanlang, “Yangilash”ga bosing;

4) “Tushumlar boʻyicha hisobot” menyusiga kiring, filtrda “Yangilash” tugmasiga bosing;

5) ochilgan oynada ma’lumotlar yangilanayotgan fiskal modulni tanlang, ma’lumotlar yangilanishi lozim boʻlgan oyga bosing. “Yangilash” tugmasiga bosing.

Ma’lumotlar muvaffaqiyatli yangilangandan keyin, soliq hisobotidagi ma’lumotlar tuzatish kiritilgan cheklarni hisobga olgan holda aks ettiriladi.

  Oleg GAYeVOY tayyorladi


Onlayn-NKT Onlayn-NKT Onlayn-NKT /oz/publish/doc/text181177_onlayn-nkm_orqali_realizaciya_qilingan_tovarlar_buyicha_imtiez_qanday_qullaniladi