Xodimning qarzidan voz kechilsa, qanday soliq oqibatlari yuzaga keladi

preview

Xodim ishdan boʻshayapti. Unda yetkazgan moddiy zarari uchun qarz mavjud. Ish beruvchi qarzni undirmasdan, korxona xarajatlariga hisobdan chiqarmoqchi boʻlyapti. Bunda ish beruvchi yoki xodimning oʻzida soliq oqibatlari yuzaga kelishi mumkinmi?

Savolga «Norma» kompaniyasi eksperti Tatyana LIMAREVA javob berdi:

 

– Xodimning ish beruvchidan qarzlari boʻlishi mumkin. Masalan, – xodim moddiy zarar yetkazgan, korxonadan qarz olgan, ta’til olingan davr tugamasdan ishdan boʻshayotgan holatlarda.

Ushbu summalarni mehnat haqidan umumiy qoidaga koʻra – xodimning yozma roziligi bilan ushlab qolish mumkin .

Korxona rahbariyati xodimning qarzidan voz kechishga qaror qilgan taqdirda, xodim uchun mazkur summa moddiy naf tarzidagi daromad boʻladi. U xodimning soliq solinadigan daromadi tarkibiga kiritiladi .   Agar korxona foyda soligʻi toʻlovchisi hisoblansa, uning uchun bu chegirilmaydigan xarajat boʻladi .

Vaziyatni shartli misolda koʻrib chiqamiz. Aytaylik, xodim ehtiyotsizligi tufayli korxonaga 1 500 ming soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazgan. Undan zarar summasini undirishga qaror qilindi.

Xodim qarzning yarmini (750 ming soʻm) toʻlagandan keyin korxona qolgan qismini undirmaslikka qaror qildi.

Ish beruvchi tomonidan qarzning hisobdan chiqarilgan qismi – 750 ming soʻm xodimning JShDS solinadigan daromadi hisoblanadi .

Soliq hisobotida ushbu daromadni quyidagilarda aks ettiring:

  • JShDS va ijtimoiy soliq hisob-kitobida – Hisob-kitobga 6-ilovada va Hisob-kitobning 012-satrida. Moddiy naf tarzidagi daromadlarni Hisob-kitobning 011 va 0110-satrlarida aks ettirmang, sababi ular mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlarga kiritilmaydi ;
  • Foyda soligʻi hisob-kitobida – Hisob-kitobga 2-ilovaning 0119-satri 3 va 4-ustunlarida.

 

 

JShDS va ijtimoiy soliq — maslahatlar JShDS va ijtimoiy soliq JShDS va ijtimoiy soliq — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text181461_hodimning_qarzidan_voz_kechilsa_qanday_soliq_oqibatlari_yuzaga_keladi