Daval xom ashyosini qayta ishlash xizmatlaridan QQS qanday hisoblanadi

preview

Daval xom ashyosini qayta ishlaydigan korxonalarning buxgalterlari bunday operatsiyalarni rasmiylashtirish, hisobga olish va soliq solish masalalari bilan toʻqnash keladilar. Xususan, QQS hisob-kitobiga doir savollar tugʻiladi.

Operatsiyalarni rasmiylashtirish va soliqni hisob-kitob qilish tartibini «Norma» kompaniyasi eksperti Irina AXMETOVA tushuntirib berdi:

 

– Buyurtmachiga qayta ishlashdan olingan mahsulotni qaytarib berish sharti bilan sanoat asosida qayta ishlash uchun boshqa shaxsga (qayta ishlovchiga) berilgan va buyurtmachiga tegishli boʻlgan xom ashyo va materiallar daval xom ashyosi hisoblanadi. Qayta ishlovchi tomonidan ishlab chiqarishda qayta ishlangan mahsulot daval xom ashyosini qayta ishlash toʻgʻrisida tuzilgan shartnomaga muvofiq buyurtmachiga qaytariladi.

Siz qayta ishlovchi boʻlib, daval xom ashyodan mahsulot ishlab chiqaradigan boʻlsangiz, QQSni faqat qayta ishlash xizmatlaringiz qiymatidan hisoblang. Daval xom ashyosidan aksiz soligʻi toʻlanadigan tovarlarni ishlab chiqarsangiz, qayta ishlash xizmatlari qiymatida aksiz soligʻini ham hisobga oling .

Qayta ishlashga berilgan xom ashyo boʻyicha operatsiyalar Qayta ishlashga berilgan xom ashyo bilan bogʻliq operatsiyalarni buxgalteriya hisobida aks ettirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq rasmiylashtiriladi va hisobga olinadi.

Buyurtmachi daval xom ashyosini qayta ishlovchiga qabul qilish-topshirish dalolatnomasi yoki topshirish yukxati boʻyicha beradi  .

 

Hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirishda buyurtmachining xatosi

Amaliyotda buyurtmachi daval xom ashyosi berilishini hisobvaraq-faktura bilan rasmiylashtiradigan holatlar tez-tez uchrab turadi. Bunday xatolik ushbu operatsiyani daval xom ashyosi bilan bogʻliq boʻlmagan operatsiya deb qaralishiga olib keladi.

Hisobvaraq-faktura tovarga egalik huquqi oʻtganda rasmiylashtirilishi sababli ushbu operatsiya tegishli soliq oqibatlari bilan, shu jumladan QQS hisoblangan holda xom ashyoni realizatsiya qilish deb tasniflanadi.


Qayta ishlovchi qanday hujjatlarni rasmiylashtirishi lozim

Qayta ishlangan mahsulot qaytarilganda buyurtmachiga QQSni hisobga olgan holda qayta ishlash xizmatlaringiz qiymatiga hisobvaraq-fakturani taqdim eting. Qabul qilingan xom ashyo va uni qayta ishlashdan olingan mahsulot boʻyicha ma’lumotlarni hisobvaraq-fakturada aks ettirmang. Qayta ishlashdan olingan mahsulot qaytarib berilganda daval xom ashyosini qabul qilish-topshirish dalolatnomasi hamda daval xom ashyosining ishlatilishi toʻgʻrisida hisobotni rasmiylashtiring  .

Buyurtmachiga qayta ishlash xizmatlari qiymatiga taqdim etiladigan hisobvaraq-fakturada ushbu xizmatlarning shartnomaviy qiymatidan kelib chiqib hisoblangan QQSni koʻrsating. QQS boʻyicha byudjet bilan hisob-kitoblarda xizmatlar qiymati bozor qiymatiga muvofiq kelishi lozimligini hisobga oling .


Daval xom ashyo va oʻz xom ashyosidan foydalanilganda QQS qanday hisoblanadi

Mahsulotlarni ishlab chiqarish yoki xizmatlar koʻrsatishda oʻzingizning xom ashyodan hamda daval xom ashyosidan foydalansangiz, ushbu operatsiyalar boʻyicha alohida hisob yuriting. Qayta ishlovchi daval xom ashyosining analitik hisobi har bir buyurtmachi boʻyicha alohida yuritilishi lozim .

Misol
Oʻzining xom ashyosidan hamda daval xom ashyodan mahsulot ishlab chiqarishda QQS hisob-kitobi
Hisobot davrida QQS toʻlovchisi boʻlgan tikuvchilik korxonasining sof foydasi 120 000 ming soʻmni tashkil qildi, shu jumladan: 
  • daval xom ashyosidan (gazlamadan) buyumlar tikish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishdan – 20 000 ming soʻm;
  • oʻzining gazlamasidan tikilgan mahsulotlarni realizatsiya qilishdan – 100 000 ming soʻm.

Hisobot davri yakunlari boʻyicha tikish xizmatlarining ishlab chiqarish tannarxi 22 000 ming soʻmni tashkil qildi, bu ularning realizatsiya qilish qiymatidan yuqoridir. Bunda realizatsiya qilish qiymati shunday xizmatlarning bozor narxiga muvofiq keladi.

Oʻzining gazlamasidan tikilgan va realizatsiya qilingan buyumlarning qiymati 75 000 ming soʻmni tashkil qildi va realizatsiya qilish qiymatidan oshmadi.

Bunday vaziyatda QQSni quyidagi tartibda hisoblang:

  • qayta ishlash (tikish) xizmatlari boʻyicha – 20 000 ming soʻmdan kelib chiqqan holda;
  • mahsulotlarni realizatsiya qilish boʻyicha – 100 000 ming soʻmdan kelib chiqqan holda.

Irina AXMETOVA,

 «Norma» kompaniyasi eksperti.


QQS: soliq hisobi — maslahatlar QQS QQS (soliq hisobi) — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text181515_daval_hom_ashesini_qayta_ishlash_hizmatlaridan_qqs_qanday_hisoblanadi