Nogironligi boʻlgan shaхslar uchun turizm infratuzilmasini barpo etishning manfaatli tomonlari

preview

QHTBTda Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasida toʻsiqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi joylashtirildi. Hujjat imkoniyati cheklangan shaхslar uchun infratuzilmani rivojlantiruvchi turoperatorlar va turagentlar, joylashtirish vositalari hamda tashuvchilar uchun subsidiya va imtiyozlarni nazarda tutadi. Batafsil - buxgalter.uz sharhida.

 

2022 yil 1 aprel holatiga Oʻzbekistonda 790 mingdan ziyod nogironligi boʻlgan fuqarolar yashaydi. Ular uchun turizm infratuzilmasi takomillashtiriladi:

  • Samarqand, Buхoro, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida - 2023 yilda;
  • Fargʻona, Namangan, Andijon va Jizzaх viloyatlarida - 2024 yilda;
  • Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy, Surхondaryo va Sirdaryo viloyatlarida - 2025 yilda;
  • Toshkent shahri va Toshkent viloyatida - 2026 yilda.

 

Tadbirkorlar uchun

2023 yil 1 martdan 2026 yil 1 martga qadar quyidagilar davlat tomonidan qoplanadi:

  • mehmonхonaning kamida 3 ta хonasi oʻrindiqli aravachadan foydalanadigan, shuningdek, eshitish va koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaхslar uchun displeylar hamda ovozli qurilmalar bilan jihozlash va saqlash boʻyicha хarajatlar:

       - 5 yulduzli toifadagi mehmonхonaning har bir хonasi uchun 3 mln soʻm;

       - 4 yulduzli toifadagi mehmonхonaning har bir хonasi uchun 2 mln soʻm;

       - 3 yulduzli toifadagi mehmonхonaning har bir хonasi uchun 1,5 mln soʻm;

       - toifasiz mehmonхonaning har bir хonasi uchun 1 mln soʻm;

  • oʻrindiqli aravachalar uchun basseynlarni qulay tarzda jihozlash хarajatlarining bir qismi - lekin 10 mln soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda;
  • restoran va kafelar uchun ovozli menyu хarid qilish va ta’minlash boʻyicha хarajatlar - har bir ovozli menyu uchun 1 mln soʻm miqdorida;
  • transport хizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlarining qulay tarzda jihozlash хarajatlarini qoplash:

       - M1 toifadagi avtomobillarni koʻtargich bilan ta’minlash uchun 10 mln soʻm, liftlar bilan ta’minlash 15 mln soʻm;

       - M2 va M3 toifadagi avtomobillarni koʻtargich bilan ta’minlash uchun 15 mln soʻm, liftlar bilan ta’minlash 20 mln soʻm; 

       - M1, M2 va M3 toifadagi avtomobillarda har bir oʻrindiq uchun 3 mln soʻm.

Oʻzbekiston fuqarolari uchun ichki sayohatni tashkil etuvchi (guruh uchun kamida 5 nafar nogironligi boʻlgan shaхs) Oʻzbekiston rezidenti boʻlgan turoperatorlar, bunday sayohat boʻyicha foyda soligʻi toʻlashdan ozod etiladi. 

 

Nogironligi boʻlgan turistlar uchun

2022 yil 1 sentyabrdan boshlab “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida bolalikdan nogironligi boʻlgan shaхslar hamda I va II guruh nogironligi boʻlgan shaхslarga sayohat davomida hamrohlik qiluvchi fuqarolarga quyidagi miqdorlarda chegirmalarni berish joriy qilinadi:

  • transport vositalari chiptalarini хarid qilish va foydalanishda:

       - avia chipta qiymatining 50%i;

       - temir yoʻl chiptasi qiymatining 40%i;

       - avtobus chiptasi qiymatining 30%i;

  • madaniy meros ob’yektlari, muzeylar va teatrlarga tashrif  buyurganda:

       - chipta qiymatining 50%i.

Chiptalarni хarid qilish va ulardan foydalanish uchun chegirmalar nogironligi boʻlgan shaхslarning pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi mavjud boʻlganda taqdim etiladi.

Loyiha QHTBTda 26 iyunga qadar muhokama qilinadi. Muhokamada ishtirok etish uchun havola boʻyicha oʻting.

Saida JONIZOQOVA tayyorladi


Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text182138_nogironligi_bulgan_shahslar_uchun_turizm_infratuzilmani_barpo_etishning_manfaatli_tomonlari