Yillik inventarizatsiya – 2026: tartib va hujjatlar
“Kompaniya “Soting va daromad oling” dasturini amaliyotga joriy etishni rejalashtirmoqda. Dasturning mohiyati: jismoniy shaxslar kompaniya bilan ommaviy oferta tuzadilar va ular tomonidan har bir yangi jalb qilingan mijoz uchun mukofot oladilar”.
Mazkur holda kompaniya uchun yangi mijozlarni jalb qiluvchi shaxslarda soliq oqibatlari yuzaga kelishi yoki kelmasligini buxgalter.uz iltimosiga binoan Moliya vazirligi Soliq-bojxona siyosati va daromadlarni prognozlashtirish departamenti direktori Irodaxon ABBOSXONOVA tushuntirdi:
– Loyallik dasturlari shartlari doirasida u yoki boshqa natijalar uchun bonuslar toʻlanishini nazarda tutadigan koʻplab loyallik dasturlari mavjud.
Bunday dasturlar ishtirokchilari tomonidan olinadigan pul va natura shaklidagi daromadlari ularning daromadi sifatida koʻrib chiqilmaydi, tegishincha, JShDS solinmaydi. Bunda SKning 369-moddasi 14-bandida nazarda tutilgan shartlarga rioya qilinishi kerak:
- bonuslar mijozlarning faolligi natijasi boʻlishi kerak.
E’tibor bering, gap aynan mijozlar, ya’ni bonus dasturi tashkilotchisidan tovarlar (xizmatlar)ni sotib oluvchi shaxslar toʻgʻrisida bormoqda;
- mijoz ommaviy oferta shartlarida dastur ishtirokchisi boʻlishi kerak, u dasturda kompaniyaning har qanday mijozi ishtirok etishini nazarda tutadi. Ya’ni oferta dastur bilan tanishish va ishtirok etishni tasdiqlash uchun ochiq boʻlishi kerak;
- ofertani aksept qilish muddati 30 kundan kam boʻlishi mumkin emas;
- oferta muddatidan oldin chaqirib olish shartini oʻz ichiga olmasligi kerak.
Bonus dasturlari ishtirokchilari tomonidan olinadigan mukofot toʻgʻrisida alohida aytib oʻtish lozim. Quyidagilarga mukofotlar soliq solishdan ozod etilmaydi:
- tashkilotchi bilan lavozim majburiyatlarini bajarishda mehnat munosabatlarida boʻlgan shaxslarga mukofot. Masalan – yangi mijozlarni jalb qilganlik uchun mukofot;
- tovarlar yetkazib berganlik, ishlar bajarganlik, xizmatlar koʻrsatganlik uchun mukofot;
- moddiy yordam sifatidagi mukofot.
Koʻrib chiqilayotgan vaziyatda gap ommaviy oferta shartlarida yangi mijozlarni jalb qilganlik uchun mukofot toʻlash haqida bormoqda. Mazkur holda ommaviy oferta shartlari bajarilmoqda, oferta ishtirokchilari bilan mehnat shartnomalari tuzilmagan.
Agar bonus dasturi ishtirokchilari – kompaniyaning mijozlari boʻlmasa
Bunday bonus dasturlari ham mavjud. Ularning ishtirokchilari mukofotni oʻzlarining sotib olish faolligini oshirganlik uchun olishmaydi, balki yangi mijozlarni jalb qilganlik uchun olishadi. Bunday bonus dasturining sharti boʻlib, masalan, bonusni dastur ishtirokchisi va yangi mijoz oʻrtasida taqsimlash boʻlishi mumkin.
Ammo, mohiyatiga koʻra, bu holda dastur tashkilotchisi unga mijozlarni jalb qilish boʻyicha xizmatlar koʻrsatilganligi uchun mukofot toʻlaydi. Bunday ofertani xizmatlar koʻrsatishga doir fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnoma sifatida koʻrib chiqish lozim.
Soliq solish maqsadida barcha bitimlar va soliq toʻlovchi kirishadigan boshqa iqtisodiy munosabatlar, ularning yuridik jihatdan rasmiylashtirilishi usulidan yoki shartnomaning nomlanishidan qat’i nazar, oʻzining haqiqiy iqtisodiy mazmunidan kelib chiqqan holda hisobga olinishi kerak
.
Va mazkur holda yangi mijozlarni jalb qilish boʻyicha dastur ishtirokchilariga mukofot ularning xizmatlar koʻrsatishga doir FHX shartnoma boʻyicha mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadi boʻladi. Bunday daromadga JShDS va ijtimoiy soliq solinadi.
![]()