2022 yil 1 oktyabrdan kuchga kiradigan 10 ta oʻzgartirish

preview

2022 yilning 1 oktyabridan tadbirkorlarni navbatdagi (spoyler: yaxshi!) oʻzgartirishlar kutmoqda. Batafsil – buxgalter.uz sharhida.

 

2022 yil 1 oktyabrdan: 

1. Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonun kuchga kiradi. U olib qoʻyishning asosi va tartibi, olib qoʻyiladigan uchastkalardagi  koʻchmas mulk ob’yektlari uchun kompensatsiya toʻlash mexanizmi, boshqa muhim jihat va shartlarni belgilaydi.

 

2. "Notarius" avtomatlashtirilgan axborot tizimida mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlab (xatlab) qoʻyilganligi, shuningdek taqiqlab (xatlab) qoʻyish bekor qilinganligi toʻgʻrisidagi elektron ma’lumotlar banki ishga tushirilishi kerak .

Quyidagilar mazkur bankka ma’lumotlarni kiritadi:

  • jismoniy shaxsning shaxsiga oid va avtomototransport vositalariga oid ma’lumotlar - IIV;
  • yuridik shaxsga oid ma’lumotlar - Adliya vazirligi;
  • koʻchmas mulkka oid ma’lumotlar - DSQ huzuridagi Kadastr agentligi;
  • qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalariga oid ma’lumotlar - Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi;
  • attraksionlar va koʻtarish inshootlari (minora kranlari)ga oid ma’lumotlar - Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi;
  • kemalarga oid ma’lumotlar - Transport vazirligi;
  • kichik hajmli kemalarga oid ma’lumotlar - FVV Kichik hajmli kemalar inspeksiyasi.

Mol-mulkni oʻtkazish xatlab yoki taqiqlab qoʻyilganligi toʻgʻrisida notariusdan, mustaqil ravishda  - E-notarius yoki YaIDXP orqali bilish mumkin.

 

3. Qoraqalpogʻiston tadbirkorlari qoʻshimcha preferensiyalar olishadi.

2028  yilning 1 yanvariga qadar :

  • Qoraqalpogʻiston Respublikasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijiy davlatlarga eksport qilishda, shu jumladan eksport qilinadigan mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun xarid qilingan xomashyoni respublika boʻylab tashishda transport xarajatlarining 70%i Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi tomonidan belgilangan roʻyxatga asosan Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan qoplab beriladi;
  • ajratiladigan kredit summasining 75%igacha (75%i ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 mlrd soʻmdan oshmagan miqdorda Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan kafilliklar taqdim etiladi;
  • yosh tadbirkorlarga ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish uchun zarur asbob-uskunalarni xarid qilish maqsadida 7 yil muddatga qarz mablagʻlari olishlari mumkin. Qaror Hukumat komissiyasi tomonidan qabul qilinadi,  mablagʻlar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan ajratiladi.

 

4. Kasanachilar bilan ishlovchi tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash kuchaytiriladi :

  • kasanachiga zarur asbob-uskuna xarid qilish uchun tadbirkorlik sub’yektlariga ajratiladigan subsidiya miqdori amaldagi BHMning 10 baravaridan BHMning 15 baravarigacha oshiriladi;
  • "Ayollar daftari"ga kiritilgan kamida 5 nafar ishsiz xotin-qizlarni kasanachilik asosida ishga qabul qilgan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan davlat mulkidagi bino va inshootlarni ijaraga olishda ijara haqi 50% miqdorda undiriladi;
  • olis va chekka hududlardagi mahallalarda kamida 20 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni kasanachilik asosida ish bilan ta’minlagan tadbirkorlik sub’yektlari loyihalar tanlovida ishtirok etishlari mumkin. Gʻoliblar uchun mukofotlar har bir gʻolibga 50 mln soʻmni tashkil etadi;
  • ishlab chiqarish sohasida faoliyat yuritayotgan va xodimlari umumiy sonining kamida 70%i "Ayollar daftari"ga kiritilgan xotin-qizlar boʻlgan kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlik sub’yektlari davlat mulkidagi bino va inshootlar uchun ijara haqi toʻlovidan 2027 yil 1 oktyabrga qadar ozod etiladi. Preferensiyani imtiyoz berilgan davrda ushbu xotin-qizlarning bandligi saqlab qolingan taqdirda qoʻllash mumkin.

 

5. Qishloq hududlaridagi oʻquv markazlariga subsidiya olish oson boʻladi .

Qishloq hududlarida xorijiy tillarni oʻqitish faoliyatini tashkil etish uchun nodavlat ta’lim muassasalari mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan bir martalik subsidiya (50 mln soʻmgacha) olishlari mumkin. NTMga subsidiya kamida 6 oy muddat davomida qishloq hududlarida xorijiy tillarni oʻqitish faoliyati bilan shugʻullanish sharti bilan ajratiladi.

 

6. Mamlakat ichida sayohat uchun keshbek qaytarish imkonini beradigan “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida elektron platforma ishga tushiriladi.

1 oktyabrga qadar joylashtirish vositalari, turoperator va turagentlar, gid (gid-tarjimon), yoʻriqchi-yoʻl boshlovchi va ekskursiya yetakchilari ulanishi uchun maxsus elektron platforma va uning mobil ilovasida barcha sharoitlar yaratilishi kerak .

Platformaga ulangan turizm tarmogʻi sub’yektlari xizmatlaridan foydalangan va oʻz xarajatlarini tasdiqlagan fuqarolar oʻz xarajatlaridan katta keshbek olishlari mumkin. Tarmoq esa, oʻz navbatida, ichki turistlar oqimining oshishini kutishi mumkin.

 

7. Yoshlarga maqsadli ta’lim kreditlari ajratish tizimi ishga tushiriladi .

Ta’lim kreditlari IT-park rezidentlari tomonidan tashkil etilgan axborot texnologiyalari sohasida tahsil olish uchun ajratiladi.

Imtiyoli kredit miqdori (asosiy stavka ostida) 1 yillik imtiyozli davr bilan 4 yil muddatga BHMning 65 baravarigacha miqdorni tashkil etadi.

 

8. Davlat elektr tarmoqlari elektr energiyasini xususiy sub’yektlardan xarid qilishni boshlaydi, biznes esa kichik GES qurilishiga jalb qilinishi mumkin.

09.09.2022 yildagi PF-220-son Farmonga asosan 1 oktyabrdan boshlab elektr tarmoqlari quvvati 5 MVtgacha boʻlgan kichik  GESda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini xarid qilishni boshlaydi.

Shuningdek, Farmon bilan quvvati 500 kVt gacha boʻlgan kichik GES qurilishi uchun biznesga taklif qilinadigan 200 lokatsiyadan iborat roʻyxat tasdiqlandi.

Oʻzlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalarini sotib olishni xohlagan fuqarolar va korxonalar ularni 3 yil mobaynida foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlagan holda sotib olishlari mumkin.

 

9. OAV bolalar uchun kontent ishlab chiqarish loyihasiga BHMning 300 baravarigacha olishlari mumkin.

2022 yil 1 oktyabrdan boshlab Oʻzbekistonda bolalar uchun moʻljallangan eng yaxshi 30 ta tele- va radiomahsulotlar loyihasi uchun har yili oʻtkaziladigan tanlov ishga tushiriladi .

 

10. Mualliflik va turdosh huquqlarni buzuvchi saytlar bloklanadi.

26.04.2022 yildagi PQ-221-son qarorga asosan 1 oktyabrga qadar Internetda mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzgan veb-saytlar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni oʻz ichiga oluvchi "Mualliflik va turdosh huquqlar sohasidagi qonunbuzilishlar reyestri" axborot tizimi ishga tushirilishi kerak.

Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar tizimli ravishda buzilishi isbotlangan taqdirda, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi koʻrsatmasiga muvofiq ushbu saytlar faoliyati toʻxtatib turiladi.

Saida JONIZOQOVA tayyorladi


Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text184588_2022_yil_1_oktyabrdan_kuchga_kiradigan_10_ta_uzgartirish