9 oyni xatolarsiz yopamiz:
1 noyabrdan qonunchilikdagi oʻzgartirishlarning navbatdagi paketi kuchga kiradi. Tafsilotlar – buxgalter.uz sharhida:
1. Eksport qiluvchilar uchun imtiyozlar va muddati oʻtgan debitor qarzdorlik uchun jarimalar 
2022 yil 1 noyabrdan boshlab eksport qiluvchi tashkilotlarga foyda soligʻi va aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha soliq solinadigan bazani kamaytirish koʻrinishidagi imtiyozlar tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumdagi eksport hajmining ulushidan qat’i nazar qoʻllaniladi.
Bir eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valyuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 5%idan oshmagan taqdirda muddati oʻtgan debitor qarzdorlik hisoblanmaydi va tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan jarima qoʻllanilmaydi.
Shuningdek 1 noyabrdan boshlab qovun (TIF TN kodi 1207 70 000 0), kanakunjut (1207 30 000 0), xantal (1207 50 100 0, 1207 50 900 0), maxsar (1207 60 000 0) urugʻlari eksportiga ruxsat beriladi.
2. «Yagona davlat nazorati» tizimida roʻyxatga olinmagan biznesni tekshirish noqonuniy hisoblanadi
2022 yil 1 noyabrdan boshlab tekshiruv «Yagona davlat nazorati» tizimida roʻyxatga olinmagan boʻlsa, tekshiruvchilarni uni oʻtkazishga qoʻymaslik mumkin.
Tekshiruvlarning natijalari hamda profilaktika tadbirlari toʻgʻrisida ma’lumot ham ular tugagan kundan boshlab 3 kun muddatda tizimga kiritiladi.
3. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxati 10 ta band bilan toʻldirildi 
1 noyabrdan boshlab Roʻyxatga quyidagilar kiritiladi:
- uy hayvonlari bozorlarida vositachilik xizmati;
- avtomobil bozorlarida vositachilik xizmati;
- rieltorlik xizmatini koʻrsatish;
- uyda sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash va sotish xizmati;
- maishiy buyumlarni ijaraga berish xizmati (stol-stul, idish-tovoq, asbob-uskuna va boshqalar);
- gips va ganchdan buyumlar yasash;
- tosh va tosh mahsulotlaridan yodgorlik, suvenir va dekorativ buyumlar tayyorlash;
- yogʻoch mahsulotlaridan savat, non mahsulotlari uchun maxsus idish va boshqa buyumlarni toʻqish;
- uy sharoitida pilla yetishtirish, shaxsiy tomorqa yer uchastkasida tut mevasi, niholi va koʻchatini yetishtirish, uyda ipak mato, ipak gilam toʻqish va sotish;
- kulolchilik.
4. Haydovchilarning yaroqliligi toʻgʻrisidagi axborot – yagona bazada
20.07.2022 yildagi 393-son VMQ 4-bandiga muvofiq, 1 noyabrdan boshlab tibbiy koʻrik xulosasiga koʻra transport vositalarini boshqarishga yaroqlilik toʻgʻrisidagi ma’lumotlar kiritiladigan axborot bazasi ishga tushiriladi. 2023 yil 1 yanvarga qadar baza YHXXning Yagona axborot tizimiga integratsiya qilinadi.
5. Soliq maslahatchilari tashkilotlarining huquqlari va soliq maslahati boʻyicha xizmatlar roʻyxati kengaytirildi 
Bu haqda ushbu materialda batafsil yozgan edik:
Shuningdek soliq maslahatchilariga qoʻyiladigan malaka talablari soddalashtirildi. Xususan, soliq maslahatchisi malaka sertifikatini olishga doir imtihonga qoʻyish uchun talab etiladigan 5 yil ish stajiga ega boʻlgan shaxsning oliy ta’lim tashkilotini tamomlagan vaqtiga qaralmaydi.
«Soliqlar va soliq solish» mutaxassisligi boʻyicha oliy ta’lim tashkilotini tamomlagan talabgorlar mutaxassislik boʻyicha kamida 2 yil ish staji mavjud boʻlgan taqdirda, malaka imtihonini topshirishga qoʻyiladi. Soliq organlarida kamida 3 yil ish stajiga, shuningdek auditor sertifikatiga ega boʻlgan talabgorlar soliq maslahatchilarini tayyorlash boʻyicha qisqartirilgan kursni oʻtaydi.
6. Koʻp kvartirali uylarni boshqaruvchi kompaniyalarning faoliyat yuritish shartlari oʻzgartiriladi 
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari ishlashi uchun ularni elektron reyestrga kiritish shart boʻladi.
Boshqaruvchi kompaniya oʻz boshqaruvidagi uylarga oid hujjatlar paketida quyidagilarga ega boʻlishi kerak:
- qurish (rekonstruksiya qilish) ishlarining loyiha hujjatlari;
- kadastr pasporti;
- qurilish-montaj ishlari (rekonstruksiyasi) tugallangan koʻp kvartirali uylardan foydalanish uchun ruxsatnoma.
7. YaIDXP xizmatlari – mobil ilovalar orqali 
1 noyabrdan boshlab mobil aloqa operatorlari, toʻlov tizimlari hamda banklar axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda, oʻzlarining mobil ilovalari orqali elektron davlat xizmatlarini koʻrsatishlari mumkin.
Saida JANIZAKOVA tayyorladi.