Tekshiruvdan oldingi tahlil natijalari boʻyicha xabarnoma olganda qanday chora koʻriladi?

preview

Soliq toʻlovchilar soliqchilardan soliqlar boʻyicha qoʻshimcha hisoblashlar haqida xabar berilgan tekshiruvdan oldingi tahlil natijalari boʻyicha navbatdagi xabarnomalarni oldilar.

Vuxgalter.uz iltimosiga koʻra soliq maslahatchisi Gulnora ERGAShEVA vaziyatga oydinlik kiritdi:

 

– Bunday xabarnomalar koʻp buxgalterlarning noroziligiga sababchi boʻldi: qanday qilib ularda tekshiruv oʻtkazmay soliqlarni qoʻshimcha hisobladilar?

2022 yil 1 yanvardan SK 138-moddasiga soliqchilar kameral tekshiruv oʻtkazilishi boshlanguniga qadar tekshiruvdan oldingi tahlilni oʻtkazishga haqli ekanligini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganini eslatib oʻtmoqchiman. Uni oʻtkazish qoidalari ham SKning ushbu moddasida belgilangan. Shu oʻrinda 2022 yil oktyabr–noyabr oylarida tekshiruvdan oldingi tahlil natijalari boʻyicha xabarnomalar yuborilayotganini, ular yil boshida ham yuborilganini aytib oʻtish joiz.

 

Qanday munosabat bildirish lozim?

Taqdim etilgan soliq hisoboti va soliq toʻlovchining faoliyati toʻgʻrisidagi boshqa axborotning avtomatlashtirilgan tahlilini oʻtkazish haqida soʻz bormoqda. Uni soliq organlari axborot tizimlaridan foydalanib, soliq toʻlovchining ishtirokisiz va soliq organi rahbarining (yoki uning oʻrinbosarining) buyrugʻisiz oʻtkazadilar.

Har qanday holatda xabarnomani olgan paytingizdan boshlab 10 kun muddat ichida unga munosabat bildirishingiz lozim. Soliqchilarning xulosalariga qoʻshilsangiz, qoʻshimcha hisoblangan soliqlarni toʻlang. Ularga qoʻshilmasangiz, asoslangan javobni yoʻllang.

Buxgalterlar qoʻyilayotgan talablar yuzasidan yordam berishni soʻrab menga murojaat qildilar. Shaxsiy kuzatuvimga asoslangan holda bir nechta maslahat bermoqchiman. Yuzaga kelgan vaziyatda ular yordam beradi deb umid qilaman.

 

Birinchidan, yil boshida olgan xabarnomani koʻtaring.

Undagi ayrim e’tirozlar yangisida qayta koʻrsatilgan. Buxgalterlar nima uchun soliqchilar xuddi shu masala yuzasidan yana ularga murojaat qilayotganliklaridan norozi boʻladilar. Aslida unga yil boshida javob berganlarida soliqchilar taqdim etilgan dalillarga qarshi boʻlmagan edilar.

Asosiysi – xotirjam munosabatda boʻlish! Muammo yangi «avtokameral» dasturi bilan bogʻliq boʻlsa kerak, soliqchilar yil boshida olingan tajribaga asoslanib uni takomillashtirishda davom etmoqdalar. Bunga esa vaqt kerak...

Bunday talabga javoban fevral oyida yozganlaringizni qaytarishingiz mumkin. Bunda uni soʻzma-soʻz koʻchirib yozishni maslahat bermayman. Javob ustida yana bir bor oʻylab koʻring, balki pozitsiyangiz oʻzgarar.

 

Ikkinchidan, yangi talablarni olgan boʻlsangiz… Odatda, quyidagi hollarda shunday boʻladi:

  • hisob-kitoblarni qayta topshirgan va soliqlarni qoʻshimcha toʻlagan boʻlsangiz;
  • sizga nisbatan talablar qoʻyilgan, biroq soliqchilar bilan muloqot natijasida ular qayta koʻrib chiqilgan boʻlsa;
  • qonun hujjatlariga oʻzgartirish kiritilgan;
  • tashkilot moliyaviy hisobotni har chorakda topshirsa.

2021 yilda aylanmadan olinadigan soliqni toʻlagan, soʻng QQS va foyda soligʻiga oʻtgan tadbirkor yaqinda menga murojaat qilganini misol sifatida keltirmoqchiman. Oʻtish paytida yuzaga kelgan vaziyat natijasida penya toʻlashga toʻgʻri keldi. U oktyabr oyida olgan talabnomada Foyda soligʻi hisob-kitobida 4 mln soʻm koʻproq penyani aks ettirishi kerak boʻlgani qayd etilgan. Hozir shaxsiy hisobvaraqlar kartochkalarini koʻtarib, hisob-kitoblarni qayta tekshirayapmiz.

Qonun hujjatlaridagi oʻzgartirishlar tufayli juda koʻp nizoli vaziyatlar yuzaga kelmoqda. Misol uchun, 2022 yil 1 yanvardan foyda soligʻini hisoblab chiqarish tartibiga bir qator yangiliklar kiritilgach, uni hisoblab chiqarish uchun zarur hisob buxgalteriya hisobidan yanada koʻproq farqlana boshladi. Bu soliq toʻlovchilarda ham, soliqchilarda ham koʻp qiyinchiliklar tugʻdirmoqda.

Ushbu holatlarning barchasida vaziyatni batafsil oʻrganish, shundan keyingina soliq organlari talabiga qoʻshilish yoki qoʻshilmaslik haqida qaror qabul qilish lozim.

 

Uchinchidan, «koʻr-koʻrona» javob bermang.

Fevral oyida soliq toʻlovchilar DSQ saytida formulani koʻra olganlar, uning natijalariga koʻra ularda xato aniqlangan va soliqlar qoʻshimcha hisoblangan. Bu safar nimagadir ushbu formulalarni hamma koʻra olmayapti. Soliqchilar ularning saytda koʻrinmayotganligini texnik ishlar oʻtkazilayotgani bilan izohlamoqdalar. Biroq, ularsiz kim haqli ekanini anglash mushkul.

Aslida formulani olish mumkin. Buning uchun inspeksiyangiz xabarnomasida koʻrsatilgan telefonlar orqali inspektor bilan bogʻlaning.

Formulasiz oʻz pozitsiyangizning aniq asosini tayyorlay olmaysiz. Formuladagi nuqsonlarni koʻrsatib, xulosalaringizni qonun normalari bilan asoslasangiz, odatda, soliqchilar pozitsiyangizga qoʻshiladilar va talabni qayta koʻrib chiqadilar. Koʻpincha bu masala soliq toʻlovchining foydasiga hal qilinadi.

 

Soliqchilarga shunday istak bildirmoqchiman:

1. Soliq toʻlovchiga bitta talabni takroran yuborish holatlariga yoʻl qoʻymaslikka harakat qilishingiz kerak. Axir oʻtgan safar asoslangan javobni olib, unga rozi boʻldingiz. Shunday holat yuz bergan boʻlsa, dasturni, formulalarni takomillashtirishingiz zarur.

2. Koʻpincha kam miqdordagi – 10 soʻm yoki 100 soʻm atrofidagi qoʻshimcha hisoblash holatlariga duch kelish mumkin, odatda bu ma’lumotlarni yaxlitlash natijasi boʻladi.

Barcha holatlar uchun soliq ma’muriyatchiligida yaxlitlash qoidalarini birxillashtirish, voz kechsa boʻladigan miqdorlarni belgilash zarur. Ya’ni, masalan, 1–10 soʻmlik tafovutni qonunbuzarlik deb hisoblamaslik kerak.

3. Soliq toʻlovchi toʻgʻrisidagi, uning biznes-jarayonlari spetsifikasi taqozo etgan ma’lumotlar shakllanishi uchun dasturning mustaqil rivojlanishini ta’minlang. Bu ilgari asoslangan javobi olingan savol bilan yana unga murojaat qilmaslik imkonini beradi.

Misol uchun, tadbirkor ikkita onlayn-NKMga ega, u faqat bittasida ishlaydi, ikkinchisi zaxirada boʻlib, zarurat yuzaga kelmaguncha qoʻllanilmaydi. Zero bu normal vaziyat, onlayn-NKM soniga oid hech qanday cheklov yoʻq.

Oleg GAYeVOY tayyorladi.


Soliq toʻlovchining kabineti Soliq toʻlovchining kabineti Soliq toʻlovchining kabineti /oz/publish/doc/text185646_tekshiruvdan_oldingi_tahlil_natijalari_buyicha_habarnoma_olganda