Avtokameral dastur foyda soligʻi bazasidan qoʻshimcha hisoblangan QQSni chegirmasligi toʻgʻrimi?

preview

Tovarni ichki bozorda bojxona qiymatidan past narxda realizatsiya qiluvchi import qiluvchilar qoʻshimcha QQS hisoblashadi. SKning 317-moddasi asosida ular ushbu summani foyda soligʻi boʻyicha soliq solinadigan bazani aniqlashda chegirib tashlashadi. Lekin avtokameral dastur bunday xarajatlarni chegirib tashlanadigan xarajatlar deb hisoblamaydi va qoʻshimcha foyda soligʻi hisoblangan “xatlar”ni shakllantiradi.

Ularga qanday munosabat bildirishni buxgalter.uz iltimosiga binoan soliq maslahatchisi Gulnora ERGAShEVA gapirib berdi:

 

– Avtokameral tekshiruvning bunday xulosalariga rozi boʻlmang. Bu – soliq organlarining xatosi, dasturga kiritilgan notoʻgʻri formula oqibati.

Men mazkur muammo bilan birinchi marta 3 yil oldin oʻz mijozlarimdan birining manfaatlarini himoya qilish chogʻida duch kelganman. U paytda hali kameral tekshiruvlar boʻlmagan. Lekin shundan beri koʻp narsa oʻzgarmadi, DSQ ayrim mutaxassislarining xato fikrlari esa soliq nazoratining formulalariga joriy etilgan. Va bu soliq organlari muntazam ravishda soliq toʻlovchilardan asoslangan javoblar olishlari va ularga qoʻshilishlariga qaramay sodir boʻldi.

3 yil oldin ushbu vaziyatga duch kelgan soliq toʻlovchi DSQga soʻrov bilan murojaat qilgan va unga rais oʻrinbosining imzosi bilan batafsil javob-tushuntirish olgan. Ushbu javobdan kameral tekshiruvning xulosalari xato ekanligi kelib chiqadi.

Men soliqchilarning ushbu javobini keltirib oʻtishni xohlayman, sababi u hammasini batafsil tushuntiradi:

  • “SKning 305-moddasi 1-4-qismlariga muvofiq SKning 294-moddasi 1-qismi 1-bandida koʻrsatilgan yuridik shaxslarning soliq bazasini aniqlashda ushbu shaxslarning jami daromadidan daromad olish bilan bogʻliq barcha xarajatlar chegirib tashlanadi, bundan SKning XII boʻlimiga koʻra chegirib tashlanmaydigan xarajatlar mustasno.

SKning XII boʻlimi maqsadlarida soliq toʻlovchi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida ham, uning hududidan tashqarida ham hisobot (soliq) davri davomida amalga oshirilgan (koʻrilgan), asoslangan va hujjatlar bilan tasdiqlangan chiqimlari (SKning 333-336-moddalarida nazarda tutilgan hollarda esa zararlar) xarajatlar deb e’tirof etiladi.

Asoslangan xarajatlar deganda bahosi pul shaklida ifodalangan, iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlagan chiqimlar tushuniladi.

Har qanday chiqimlar, basharti ular hech boʻlmaganda quyidagi shartlardan biriga muvofiq kelgan taqdirda, iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlagan chiqimlar deb e’tirof etiladi:

1) daromad olishga qaratilgan faoliyatni amalga oshirish maqsadida qilingan boʻlsa;

2) shunday tadbirkorlik faoliyatini saqlab turish yoki rivojlantirish uchun zarur boʻlsa yoxud xizmat qilsa va xarajatlarning tadbirkorlik faoliyati bilan aloqasi aniq asoslangan boʻlsa;

3) qonun hujjatlarining qoidalaridan kelib chiqsa.

SKning 248-moddasi 5-qismiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilgan (import qilingan) tovarlarni realizatsiya qilish chogʻida soliq bazasi ushbu tovarlarni olib kirish (import qilish) chogʻida byudjetga haqiqatda toʻlangan QQS hisoblab chiqarilgan qiymatdan past boʻlishi mumkin emas.

SKning 317-moddasida foyda soligʻi boʻyicha soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanmaydigan xarajatlarning yopiq roʻyxati belgilangan.

Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, import qilingan tovarlarni realizatsiya qilishda yuzaga keladigan tovarlarni olib kirish (import qilish) chogʻida byudjetga haqiqatda toʻlangan QQS summasi bilan bitim tomonlari tarafidan qoʻllanilgan ushbu tovarlarni realizatsiya qilish narxidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqarilgan QQS summasi oʻrtasidagi ijobiy farq qonun hujjatlarining qoidalaridan kelib chiqadigan chiqimlarga olib boriladi. Ular – iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlagan hisoblanadi va tegishincha, soliq toʻlovchining asoslangan xarajatlari boʻlgan holda foyda soligʻi boʻyicha soliq bazasini aniqlashda jami daromaddan chegirib tashlanishi lozim. Shu bilan birga qayd etish lozimki, yuqorida koʻrsatilgan xarajatlar turi SKning 317-moddasida keltirilgan, foyda soligʻi boʻyicha soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanmaydigan xarajatlar jumlasiga kiritilgan xarajatlar roʻyxatida mavjud emas”.

Men bu Soliq kodeksiga muvofiq keladigan yagona toʻgʻri qaror, deb hisoblayman.

DSQ boʻlinmalari imkon qadar tezroq oʻz harakatlarini kelishib olishlari va avtokameral nazorat dasturiga kiritilgan formulaga tuzatish kiritishlarini xohlaymiz.

Hozircha soliq toʻlovchilar faqat soliqchilarning asossiz e’tirozlariga javob berishlariga toʻgʻri keladi. Oʻz harakatlaringizning asosi sifatida yuqorida keltirilgan havoladan nusxa koʻchirib olishingiz mumkin.

Oleg GAYeVOY tayyorladi


Soliq nazorati: soliq hisobi — maslahatlar Soliq nazorati Soliq nazorati (soliq hisobi) — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text185856_avtokameral_dastur_foyda_soligi_bazasidan_qushimcha_hisoblangan_qqsni_chegirmasligi_tugrimi