Qanday MXIK koʻproq mos kelishini kim hal qilishi kerak

preview

Soliq toʻlovchilarda ilgarigidek MXIKni berish va uni qoʻllashda talay savollar tugʻilmoqda. Ammo – ularga javob topish imkonini beradigan normativ hujjat mavjud emas. Misol uchun, bu 28.04.2021 yildagi 249-son VMQ bilan nazarda tutilgan Mahsulotlar (tovar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogini yuritish tartibi boʻlishi mumkin boʻlardi. 

Bunday hujjatni qabul qilishda qanday muhim jihatlarni aniqlashtirib olish lozimligi haqida buxgalter.uz iltimosiga binoan soliq maslahatchisi Gulnora ERGAShEVA gapirib berdi:

 

– Eng dolzarb masalalar orasida – tovar yoki xizmatga toʻgʻri va aniq MXIKni tanlash masalasi bor. Bunga ikkita vaziyat imkon tugʻdirdi:

  • 2023 yilning 1 martidan boshlab EHFda yoki kassa cheklarida olingan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga yoxud faoliyatning turiga muvofiq boʻlmagan MXIK aks ettirilganligi uchun SKning 223-moddasiga binoan jarima qoʻllaniladi. Uning miqdori kam emas, biroq yana soliq bazasini kamaytirib koʻrsatish va yashirish toʻgʻrisidagi moddaga kiradi. Bu MXIKdagi xatolar soliq bazasini yashirish va kamaytirib koʻrsatishga tenglashtirilishini anglatadi, ushbu huquqbuzarliklar ham MJTKning 174-moddasi va JKning 184-moddasiga muvofiq jazolanadi;
  • soliq organlarining axborot tizimlari “kirim”da aniqlamagan tovarning sotilishini cheklovchi funksionalning qisqa muddatga joriy etilishi. Ushbu yangilik atigi bir necha soat ishladi, shundan soʻng barcha cheklovlar qanday joriy etilgan boʻlsa, shunday toʻsatdan olib tashlandi. Bunday natijaga, aftidan, soliq toʻlovchilarning noroziligi yordam bergan. Ammo soliq toʻlovchilar qandaydir vaqtdan keyin soliq ma’muriyatchiligining ushbu normasini, ehtimol, yana va endi doimiy asosda joriy etishlaridan xavotirlanishmoqda.

 

Donli non (xlebsi) – bu oddiy non emas, lekin buni isbotlashning imkoni yoʻq

Tadbirkorlarning xavotirlari MXIKni tanlash va qoʻllash yuzasidan aniq qoidalar, MXIK bilan ishlash reglamentlarining mavjud emasligi bilan bogʻliq. Amaliyotda bu nizoli vaziyatlarga olib keladi.

Shu kunlarda menga donli non ishlab chiqaruvchi murojaat qildi, u oʻz mahsulotini tasnif.soliq.uzda MXIK bazasidan mustaqil ravishda tanlagan MXIK “01904001002000000 don va boshoqli oʻsimliklardan iborat boʻlgan tez tayyor boʻladigan nonushtalar” bilan ishlab chiqaradi. Ushbu MXIK – uning mahsuloti uchun eng mos keladigani, sababi boshoqli oʻsimliklar doni yoki boshoqli oʻsimliklarni qizdirish yoki qovurish orqali olingan tayyor oziq-ovqat mahsulotlar uchun moʻljallangan. Ammo tadbirkor toʻgʻri yoʻl tutayotganligiga ishonch hosil qilishga qaror qildi va soliq organlariga soʻrov bilan murojaat qildi. Va – MXIK “01905002004000000 Boshqa non turlari”dan foydalanish tavsiya qilingan javobni oldi.

Javobni tayyorlagan idoraning xodimi bu turli retseptura, ishlab chiqarish texnologiyasi va maqsadiga ega boʻlgan mutlaqo ikkita turli xil mahsulot ekanligini unchalik sinchiklab tekshirmay,  “non” va “donli non” (xlebsi) mahsulotlari nomidagi oʻxshashlikka moʻljal olgan koʻrinadi. U tomonidan taklif qilingan MXIK pechenye va boshqa non va unli qandolat mahsulotlari, vafli plastinalar uchun moʻljallangan. Soliq organlari vakilini ishontirishning imkoni boʻlmadi. Buning ustiga, u nafaqat oʻz soʻzida turib olgan, balki mazkur tovarga ilgari taqdim etilgan barcha EHFga goʻyoki notoʻgʻri MXIK sababli tuzatilgan hisobvaraq-fakturalar taqdim etishni tavsiya qilmoqda. Mazkur vaziyatda qanday yoʻl tutish lozim? Sudga bormaysizku... Tadbirkor tavsiyaga amal qilmadi, masalani keyinga qoldirdi, sababi unga hech kim e’tiroz bildirmadi. Holatning oʻzi esa bunday nizo tekshiruv chogʻida boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi.

 

Agar MXIK haqiqatan notoʻgʻri boʻlsa, nima qilish kerak?

Shubhasiz, non va donli non (xlebsi) bilan bogʻliq koʻrsatilgan vaziyat – bu yagona nizoli holat emas. Lekin shunday boʻlishi mumkinki, qandaydir vaziyatda tadbirkorning nohaqligi ma’lum boʻladi. Va bu holda savol tugʻiladi – ilgari rasmiylashtirilgan hisobvaraq-fakturalar va cheklarni nima qilish kerak? Ularga qaysi sana bilan tuzatish kiritishni amalga oshirish lozim?

Shunisi aniqki – bunday yangilikdan barcha kontragentlar, ayniqsa – chakana savdo tarmogʻi xursand boʻlmaydi.

Umumiy ovqatlanish va xizmatlar sohasida yanada murakkab  vaziyat yuzaga kelgan. Ular uchun ham MXIK maqbullashtirilganligiga qaramay, ularga moʻljal olish baribir juda qiyin. Chunki ushbu sohaning oʻziga xos xususiyatlari shundayki, qaror aniq mijozga xizmat koʻrsatish jarayonida qabul qilinadi. Natijada murakkab aralashma hosil boʻladi, unga aniq MXIKni tanlab olishning imkoni yoʻq.

Umumiy ovqatlanish va xizmatlar sohasi uchun mavjud har bir MXIKga turli vaziyatlarda soliq ma’muriyatchiligida qoʻllash boʻyicha yoʻriqnomani tasdiqlash lozim, deb hisoblayman.

 

Qanday choralar vaziyatni tartibga solishga yordam beradi

28.04.2021 yildagi 249-son VMQ bilan Mahsulotlar (tovar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogini yuritish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash boʻyicha topshiriq berilgan, lekin u hanuz mavjud emas. Albatta u juda zarur, tartib MXIKni bir xil qoʻllashga koʻmak beradi va amaliyotda yuzaga keladigan koʻp sonli masalalarni yechishga yordam beradi:

  • Klassifikatorda mos keladigan MXIK boʻlmasa, nima qilish kerak?
  • Yangi MXIKni joriy etish uchun arizani qanday koʻrib chiqish zarur?
  • Yangi MXIKni berish uchun arizalar boʻyicha qabul qilingan qarorlar yuzasidan nizolar qanday koʻrib chiqiladi?
  • MXIK qanday hollarda va qay tartibda oʻzgartilishi mumkin va MXIKni almashtirishning oqibatlari qanaqa?

Savollar – talay va hozir ular ayrim mutaxassislar qanday lozim topishsa, shunday hal qilinmoqda.

Ushbu hujjatsiz biz MXIKni soliq ma’muriyatchiligining vositasi, ayniqsa – sanksiyalar nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni aniqlash uchun vosita sifatida  toʻliq hajmda qoʻllash uchun tayyor emasmiz, deb hisoblayman.

Ushbu hujjat bilan MXIK berish qoidalarini joriy etish lozim. MXIK, JShShIR jismoniy shaxslar, STIR – yuridik shaxslar identifikatori hisoblanishiga oʻxshash tarzda, tovarlar va xizmatlar uchun hisob ma’lumotlari maqomini olishi kerak. Shunday qoidani majburiyat sifatida yuklash toʻgʻri boʻlardi, unga asosan MXIK:

1) tovar va xizmatning majburiy rekvizitiga aylanishi kerak;

2) tovarlar va xizmatlar bilan bogʻliq xoʻjalik operatsiyalarini amalga oshirishda rasmiylashtiriladigan barcha hujjatlarda koʻrsatilishi lozim.

Soliq toʻlovchi MXIKni bir tizimdan boshqasiga qoʻlda oʻtkazishi kerak boʻlmasligi uchun soliq organlari va boshqa organlarning axborot tizimlarini sozlash lozim. Masalan, EHFdan – onlayn-NKTga. Ushbu jarayonni butunlay avtomatlashtirish mumkin.

Bunda tovarga MXIK berish jarayonini ishlab chiqaruvchi va import qiluvchining ixtiyoriga berish mumkin emas. Bir xillikni ta’minlaydigan, inson omilini istisno qiladigan mexanizmni nazarda tutish kerak.

Ushbu vazifani hal qilish 2023 yilning avgust oyida kuchga kiradigan 27.02.2023 yildagi “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-819-son Qonunga bogʻliq boʻlishi oʻrinlidir. 249-son VMQning 4-bandiga muvofiq 2023 yil 1 yanvardan mahsulotlarni sertifikatlash jarayonida mahsulotlar (tovar va xizmatlarning) identifikatsiya kodini (MXIK) majburiy aks ettirish tartibi amal qilmoqda. Ushbu reglamentga muvofiq ishlab chiqarilgan tayyor mahsulot bilan chiqishi kerak boʻlgan MXIKni bevosita texnik reglamentlarda yozish oʻrinli, deb hisoblayman.

Majburiy sertifikatlash talabi tatbiq etilmaydigan mahsulotlar uchun MXIK berishning aniq tartibini oʻylash lozim.

Quyidagi vaziyatlarda ma’muriyatchilik vositalarini aniq yozish va yaratish muhim:

  • ishlab chiqarish uchun xom ashyo sifatida tovarlar xarid qilinganda;
  • sotuvchi xarid qilingan tovarlar va xizmatlarni komplekt yoki toʻplamda realizatsiya qilganda.

Oleg GAYeVOY tayyorladi


Tovar va xizmatlar kodlari Oʻzbekistonda: tasniflash, kod berish, EHF tovar kodlari, xizmatlar kodlari, TN VED, ESF kodlash, kod tanlash, nomenklatura Tovar va xizmatlar kodlari: qanday tartibda belgilanadi, qanday kod tanlanadi, ESFda qanday aks ettiriladi va xatolar qanday tuzatiladi. Kodlash tartibi, nomenklatura, normativ hujjatlar va amaliy tavsiyalar boʻyicha barcha javoblar Buxgalter.uz saytida! /oz/publish/doc/text188899_qanday_mhik_kuproq_mos_kelishini_kim_hal_qilishi_kerak