Vakolatxona bosh kompaniyaning farmoyishiga binoan uskunani sotishi mumkinmi

preview

“Chet el kompaniyasining vakolatxonasi turli vaqtlarda bosh kompaniyadan (Turkiya) xalqaro toʻqimachilik koʻrgazmalarida ishtirok etish uchun tikuv sanoat uskunalarini olgan. Ancha miqdorda turli modifikatsiyadagi tikuv uskunalari namunalari yigʻilib qoldi (har bir modeldan – bitta nusxadan). Ularning ayrimlari eskirgan, Turkiyaga qaytarib joʻnatishdan ma’no – yoʻq. Shuningdek, Oʻzbekistonda XK MChJ – ushbu Turkiya kompaniyasining shu’ba korxonasi mavjud. Biz bosh kompaniyaning farmoyishiga binoan uskunani sotishimiz va olingan mablagʻlardan oʻz ehtiyojlarimiz (ofisning xarajatlari) uchun foydalanishimiz mumkinmi”.

Vaziyatni “Norma” iltimosiga binoan DSQ Soliq solish uslubiyati departamentining xalqaro soliq solish boʻlimi boshligʻi Ra’no ALIShAYeVA tushuntirdi:

 

1. Bojxona rejimi va bojxona toʻlovlari

– Savoldan kelib chiqsak, bu yerda vakolatxonaga ega boʻlgan va uskunalarni olib kirgan chet el yuridik shaxsi haqiqatda uni qanday qilib Oʻzbekistonga olib kirganligi tushunarsiz. Ya’ni – qanday bojxona rejimi rasmiylashtirilganligi .

Uskunalarni koʻrgazmalarda ishtirok etish uchun olib kirishganligi bois, aftidan, vaqtincha olib kirish , vaqtincha saqlash yoki bojxona ombori rejimiga rasmiylashtirishgan.

Shu tariqa, dastlab uskunalar qaysi bojxona rejimiga joylashtirilganligini aniqlash lozim.

Uskunalarni 40 “Erkin muomalaga chiqarish (import)” rejimiga rasmiylashtirishda bojxona hududiga olib kirilgan tovar uni qaytarib olib chiqish majburiyatisiz shu yerda erkin muomalada qoladi.

E’tibor bering
Tovar faqat bojxona toʻlovlari toʻlanganidan keyin import rejimiga rasmiylashtiriladi.

Ya’ni bosh kompaniyada (chet el korxonasida) bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha majburiyatlar yuzaga kelishi mumkin, basharti ular uskunalarni olib kirishda toʻlanmagan boʻlsa.

Chet el kompaniyasining vakolatxonasi yuridik shaxs hisoblanmaydi va xoʻjalik yoki boshqa tijorat faoliyatini amalga oshirmaydi . Shuning uchun u mazkur uskunalarni balansga ham, balansdan tashqariga ham qabul qilishi, boz ustiga ularni tasarruf etishi – sotishi mumkin emas.

Uskunalar realizatsiya qilingan taqdirda bitimni bosh korxona – chet el kompaniyasining oʻzi rasmiylashtirishi kerak. Tegishincha, pul mablagʻlari (realizatsiya qilishdan olingan daromad) bosh kompaniyaga tegishli boʻladi. U ularni, masalan, vakolatxonaning ehtiyojlari uchun yoʻnaltirgan holda, tasarruf etishga haqli.

 

2. Doimiy muassasa

Barcha yuqorida koʻrsatilganlardan tashqari, chet el kompaniyasida uskunalarni sotishda doimiy muassasa (DM) yuzaga keladi . Shu bois u Oʻzbekistonda soliq hisobiga turishi shart.

Faoliyatini DM tashkil etgan holda amalga oshirayotgan norezident foyda soligʻini umumiy tartibda, biroq – SKning 347-moddasi normalarini hisobga olgan holda mustaqil ravishda hisoblab chiqaradi va toʻlaydi.

 

3. TNB

Koʻrib chiqilayotgan vaziyatda bosh kompaniya va tashkil etiladigan DMda tomonlarning oʻzaro aloqadorligi va transfert narxni belgilash (TNB) yuzasidan ahamiyatli xavflar yuzaga keladi.

Oʻzbekistonning soliq rezidenti boʻlgan oʻzaro aloqador shaxslar oʻrtasidagi bitim quyidagi shartlardan hech boʻlmaganda bittasi mavjud boʻlganda nazorat qilinadigan bitim deb e’tirof etiladi :

  • siz va kontragent oʻrtasidagi barcha bitimlar boʻyicha kalendar yildagi daromadlar summasi 5 mlrd soʻmdan oshsa;
  • siz yoki sizning kontragentingiz maxsus soliq rejimini qoʻllasa yoki maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi boʻlsa. Bunda bitimning taraflaridan birida koʻrsatilgan imtiyozlar mavjud boʻlmasa, kalendar yildagi barcha bitimlar boʻyicha daromadlar summasi esa 500 mln soʻmdan oshsa;
  • siz yoki sizning kontragentingiz foyda soligʻini toʻlashdan ozod etilgan boʻlsa, pasaytirilgan soliq stavkasini yoki boshqa soliq imtiyozlarini qoʻllasa. Bunda bitimning boshqa tarafi soliqni toʻlashdan ozod etilmagan boʻlsa va imtiyozlarni qoʻllamasa, kalendar yildagi bitimlar boʻyicha daromadlar summasi esa 500 mln soʻmdan oshsa;
  • taraflardan biri tomonidan qazib olingan foydali qazilma bitim predmeti boʻlsa, agar unga nisbatan yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqning advalor soliq stavkasi nazarda tutilgan boʻlsa, kalendar yildagi ushbu bitimlar boʻyicha daromadlar summasi esa 500 mln soʻmdan oshsa.

Quyidagilar oʻzaro bogʻliq shaxslar jumlasiga kiradi, xususan :

  • yuridik shaxslar, agar ulardan biri boshqasida bevosita yoki bilvosita ishtirok etsa va ustav kapitalidagi bunday ishtirokning ulushi 20 foizdan ortiqni tashkil etsa;
  • jismoniy shaxs va yuridik shaxs, agar jismoniy shaxs ushbu yuridik shaxsda bevosita yoki bilvosita ishtirok etsa hamda ustav kapitalidagi bunday ishtirokning ulushi 20 foizdan ortiqni tashkil etsa.

Agar yuqorida sanab oʻtilgan shartlarning hech boʻlmaganda bittasiga roiya qilingan taqdirda, bitim nazorat qilinadigan bitim hisoblanadi va nazorat qilinadigan bitimlar toʻgʻrisida xabarnomada aks ettirilgan boʻlishi kerak .

Transfert narxni belgilashning umumiy qoidasiga koʻra, nazorat qilinadigan bitimlar boʻyicha tuzatish kiritish bu soliq summasining kamayishiga yoki zarar summasining koʻpayishiga olib kelmagan taqdirda amalga oshiriladi . Koʻrib chiqilayotgan vaziyatda uskunalarning nolga teng boʻlgan umumiy moliyaviy natija bilan sotilishi amri maholdir. Shu bois bunday nazorat qilinadigan bitim boʻyicha tuzatish kiritish TNB usullarini hisobga olgan holda – bitim narxi bozor narxlaridan chetga chiqqan taqdirda qoʻshimcha hisoblash bilan qoʻllanilishi mumkin.

Eslatib oʻtamiz, agar faoliyatini Oʻzbekistonda DM orqali amalga oshirayotgan chet el kompaniyasi nazorat qilinadigan bitimlarda ishtirok etsa, DM ular toʻgʻrisida xabarnoma topshirishi kerak. Nazorat qilinadigan bitimlar toʻgʻrisidagi xabarnoma shakllari 111-son VMQga 2-ilovaga muvofiq toʻldiriladi.

 

 

Foyda soligʻi Oʻzbekistonda: hisob-kitob, soliq stavkalari foyda soligʻi, yuridik shaxslar soligʻi, hisob-kitob, soliq hisoboti, stavka, imtiyozlar Foyda soligʻi: qanday hisoblanadi, kimlar toʻlaydi, stavkasi qancha va qanday muddatlarda hisobot taqdim etiladi. Soliqdan ozod etish holatlari, kam uchraydigan xatolar, hisob-kitob usullari va amaliy misollar boʻyicha barcha javoblar Buxgalter.uz saytida! /oz/publish/doc/text189362_vakolathona_bosh_kompaniyaning_farmoyishiga_binoan_uskunani_sotishi_mumkinmi