Sizda chet ellik mutaxassislar masofadan turib ishlasa, nimani hisobga olish muhim

preview
E’tibor bering
Tushuntirishdan daromadni toʻlov manbaida JShDSni ushlab qolmasdan yoki pasaytirilgan soliq stavkasini qoʻllagan holda toʻlash mumkinligi toʻgʻrisidagi xatboshi chiqarib tashlandi, sababi mazkur masala boʻyicha xalqaro shartnomalarda oʻziga xos jihatlar boʻlishi mumkin.

Tashkilotga chet ellik mutaxassisni ishga qabul qilishadi, u masofadan turib ishlaydi va ish haqi oladi.

Qanday qilib hammasini toʻgʻri rasmiylashtirish mumkinligi va qanday soliq oqibatlari boʻlishi haqida buxgalter.uz uchun maxsus Profi Training biznes-treneri Yuliya PAKIDIShEVA (ACCA DipIFR, CAP) tushuntirdi:

E’tibor bering
Muhim tushuntirishlardan hech birini oʻtkazib yubormaslik uchun bizning TG-kanalimizga obuna boʻling!

 

– Jismoniy shaxs – chet ellik Oʻzbekistonning yuridik shaxslari bilan mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnoma tuzgan holda, masofadan turib ular uchun ishlarni yoki xizmatlarni bajarishi mumkin.

Ikkala variantni koʻrib chiqamiz.

 

1. Agar mehnat shartnomasi tuzgan boʻlsangiz

Chet el fuqarolari bilan mehnatga oid munosabatlarni Mehnat kodeksi va 20.10.2020 yildagi OʻRQ-642-son Qonun tartibga soladi.

Xorijda boʻlgan holda mehnat shartnomasi boʻyicha masofadan turib ishlaydigan xodim Oʻzbekistonda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini tasdiqlashi kerak emas .

Chet ellik xodim shunga oʻxshash sharoitlarda ishlaydigan Oʻzbekiston fuqarolari ega boʻlgan xuddi shu imtiyozlar, huquq va majburiyatlarga egadir .

Chet ellik xodimni shtatga qabul qilgan holda unga my.mehnat.uz tizimida mehnat daftarchasi oching . Ish beruvchi tashkilotda 5 kundan ortiq ishlagan barcha xodimlar uchun mehnat daftarchalarini yuritishi shart. Korxonada xodimning kadrlarga doir barcha harakatlari mehnatni hisobga olish tizimida aks ettirilishi kerak.

E’tibor bering

Chet ellik Davlat xizmatlari markazi yoki IIO migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimi orqali JShShIR olishi lozim.

Buning uchun quyidagilar talab qilinadi:

  • pasportning skani;
  • oq fonda elektron shaklda fotosurat;
  • ishonchnoma (agar chet ellik uchun JShShIRni vakil olsa).

JShShIRni Oʻzbekistonga kelmasdan ochish mumkin. Buning uchun chet ellik xorijdagi Oʻzbekistonning diplomatik vakolatxonalarining konsullik boʻlimlari va konsullik muassasalariga murojaat qilishi va ERI kaliti sertifikati va JShShIRni olishi kerak.

JShShIRni olish uchun quyidagilar talab qilinadi:

  • shaxsini tasdiqlovchi hujjatning asli (konsullik muassasasi xodimi tomonidan tekshirilganidan keyin u ariza beruvchiga qaytariladi);
  • konsullik yigʻimi toʻlanganligi toʻgʻrisida kvitansiya.

Elektron hujjatlar almashinuvi orqali ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini tuzgan masofadan turib ishlovchi xodim ish beruvchidan unga qogʻoz shaklida rasmiylashtirilgan shartnomani yuborishini talab qilishi mumkin. Bu holda ish beruvchi ushbu talabni olgan kundan e’tiboran 3 ish kunidan kechiktirmay hujjatni buyurtma xat bilan pochta orqali yuborishi kerak .

Ish, dam olish vaqti, mehnat ta’tili berish va mehnatning boshqa shartlarini, shu jumladan alohida shartlarni xodim bilan tuziladigan mehnat shartnomasida yozing . Masofadan turib ishlaydigan xodimlarning mehnatini tartibga solish xususiyatlari MKning 452-moddasida aks ettirilgan.

Agar xodim va ish beruvchi turli soat mintaqasida joylashgan boʻlsa, ish beruvchida bunday xodimning ish vaqtini nazorat qilish bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelishi mumkin. Hamkorlik tartibini lokal hujjatda, masofadan turib ishlash toʻgʻrisidagi mehnat shartnomasida belgilang. Ularda xodim ish beruvchining soʻrovlariga javob berishi shart boʻlgan muddatni yozing.

Shuni eslatib oʻtish lozimki, hamkorlik qilish tartibida belgilangan vaqtdan tashqari ish beruvchining telefon qoʻngʻiroqlariga, elektron xatlariga va har qanday shaklda amalga oshirilgan soʻrovlariga xodimning javob berishi shart emas .

Masofadan turib ishlovchi xodimning ish vaqti quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

1) xodim ish beruvchi bilan aloqada boʻlishi va hamkorlik qilishi kerak boʻlgan, qayd etilgan ish vaqtini.

2) foydalanish tartibi xodim tomonidan ishlab chiqarish vazifasining hajmidan kelib chiqqan holda mustaqil ravishda belgilanadigan ish vaqtini.

Ikkinchi holatda ish vaqtiga bir hissa miqdorida haq toʻlanadi hamda unga nisbatan ishdan tashqari ish, dam olish kunlaridagi va bayram kunlaridagi ish uchun mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etilmaydi .

Agar xodim ish beruvchining tashabbusiga koʻra, dam olish kunlarida va bayram kunlarida  ishlarni bajarsa, mazkur vaqt uchun MKda belgilangan tartibda haq toʻlanadi .

Mehnat kodeksi masofadan turib ishlovchi xodim uchun mehnatga haq toʻlashning vaqtbay tizimini yoki ishbay tizimini nazarda tutadi.

Masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq toʻlash qonunchilikda belgilangan MHEKMdan kam boʻlmasligi kerak.

E’tibor bering

Ish haqini chet el valyutasida toʻlash Oʻzbekiston hududida ruxsat etilgan hisob-kitoblar roʻyxatiga kirmaydi . Istisno – quyidagilarning mehnatiga haq toʻlash:

  • “LG CNS Uzbekistan” QKga ishga jalb etilgan xorijiy jismoniy shaxslarga, tuzilgan shartnomalar doirasida ;
  • Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi Oʻzbekiston–Yaponiya yoshlar innovatsiya markazining chet ellik xodimlariga ;
  • oliy ta’lim muassasalari va tarmoq markazlari oʻquv jarayonlariga jalb etilgan xorijiy olim, oʻqituvchi va mutaxassislarga .

Masofadan turib ishlovchi chet ellikning ish haqi soʻmda hisoblanadi va jismoniy shaxsning plastik kartasiga oʻtkaziladi. U soʻmni oʻziga kerakli valyutaga mustaqil ravishda konvertatsiya qilib olishi mumkin.

Ish haqini bank muassasasi yoki pochta boʻlimi orqali oʻtkazishda xarajatlar ish beruvchi tomonidan toʻlanadi .

Korxona lokal hujjatlarga asosan xodimlarga mukofotlar, bonuslar va boshqa ragʻbatlantirish xususiyatiga ega toʻlovlarni toʻlashi mumkin. Ular korxonaning boshlangʻich hisob hujjatlari bilan tasdiqlanishi kerak.

Boshqa davlat tomonidan yozib berilgan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalarini korxona chet ellikning homiladorlik va tugʻish nafaqasini hisoblash va toʻlash yoki vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasiga haq toʻlash uchun asos qilib olishi mumkin emas. Ammo, agar xodim boshqa davlatda boʻlgan chogʻida kasal boʻlib qolsa, ish beruvchi moddiy yordam koʻrsatgan holda unga davolanish va dori-darmonlarga toʻlovlarni kompensatsiya qilishi mumkin. Bunday toʻlovlar tizimini korxonaning lokal hujjatlarida yozing va xodimni ular bilan tanishtiring.

 

Soliq solish

Korxona-ish beruvchi, soliq agenti sifatida, xodimning JShDSni rezidentlar va norezidentlar uchun yagona boʻlgan 12% stavka boʻyicha hisoblab chiqarishi, ushlab qolishi va byudjetga oʻtkazishi shart .

Xodim Oʻzbekistonda boʻlmasdan, masofadan turib ishlashi bois, u joriy soliq davrida rezidentga aylanmasligi mumkin. Bu holda uning daromadlariga Oʻzbekistonning uning rezidentligi davlati bilan tuzilgan xalqaro shartnomalarini hisobga olgan holda soliq solinadi .

 

2. Agar chet ellik mutaxassis FHX shartnoma boʻyicha ishlasa

Bu holda u va korxona-buyurtmachi oʻrtasidagi munosabatlar Fuqarolik kodeksi bilan tartibga solinadi. Chet ellik bunda oʻzini oʻzi band qilgan shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtishi kerak emas.

FHX shartnoma boʻyicha ishlovchi xodimga korxona mehnat daftarchasi ochmaydi, shartnomada belgilangan mukofot summasidan tashqari, boshqa daromadlar yoki toʻlovlar boʻyicha hech qanday majburiyatga ega boʻlmaydi, xodimning ish rejimini – nazorat qilmaydi. Soliq hisobotini topshirish uchun chet ellik mutaxassis JShShIR olishi lozim.

FHX shartnoma boʻyicha ijrochining xizmatlari bir martalik xususiyatga ega boʻlishi kerak. Koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq shartnomada koʻrsatilishi va chet el valyutasida toʻlanishi mumkin.

Buyurtmachida har oyda haq toʻlash majburiyati mavjud emas, agar faqatgina bu shartnomada nazarda tutilmasa. FHX shartnoma boʻyicha ijrochiga barcha toʻlovlar ikkala taraf tomonidan imzolangan bajarilgan ishlar dalolatnomasi bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak. Hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtirish va har qanday messenjer yoki elektron pochtaga yuborish mumkin.

Agar buyurtmachi koʻrsatilgan xizmatlardan norozi boʻlsa, ijrochi kamchiliklarni bartaraf etmagunicha haq toʻlanmaydi.

Agar shartnoma valyutada tuzilgan boʻlsa, uni TSOYaEATda roʻyxatdan oʻtkazish lozim. Bajarilgan ishlar dalolatnomasi ham shartnomada belgilangan ishlar, bajarish muddatlari va summalarni “yopgan holda”, ishlarning bajarilishiga qarab roʻyxatdan oʻtkaziladi.

 

Soliq solish

FHX shartnoma boʻyicha toʻlov JShDS solish maqsadlarida mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlarga tenglashtiriladi .

Buyurtmachi haq summasidan ijtimoiy soliq toʻlaydi , toʻlov manbaida JShDSni hisoblab chiqaradi, ushlab qoladi va byudjetga oʻtkazadi.

Bu holda ham ikkiyoqlama soliq solishning oldini olish toʻgʻrisida xalqaro shartnoma boʻyicha preferensiyalardan foydalanish – Oʻzbekistonda soliqni pasaytirilgan stavka boʻyicha ushlab qolish yoki toʻlovlarga soliq solmaslik mumkin. Buning uchun ijrochi buyurtmachiga soliq rezidentligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi kerak.

E’tibor bering
FHX shartnoma boʻyicha koʻrsatilgan ishlarga QQS hisoblanmaydi.

SK QQS toʻlovchilarining yopiq roʻyxatini belgilaydi, unga chet el jismoniy shaxslari kirmaydi . Binobarin, chet el jismoniy shaxsidan xizmatlarni oluvchi QQS boʻyicha soliq agenti deb e’tirof etilmaydi.

Shartnoma turlari boʻyicha soliq solish jadvali:

T/r

Shartnomannig turi

JShDS

ShJBPH

Ijtimoiy soliq

QQS

1

Mehnat shartnomasi

 

 

 

 

 

 

12%

Mavjud emas (xohishga koʻra)

12%

Mavjud emas

2

FHX shartnoma

12%

Mavjud emas

12%

Mavjud emas

 

 

 

JShDS va ijtimoiy soliq — maslahatlar JShDS va ijtimoiy soliq JShDS va ijtimoiy soliq — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text191149_chet_ellik_mutahassislar_masofadan_turib_ishlaganda_nimalarni_inobatga_olish_zarur1