Soliq organiga QQSni qaytarish uchun qanday murojaat qilish kerak

preview

QQSni qaytarish uchun soliq organlariga alohida arizalar yozish kerak emas. Qoplash (qaytarish) uchun xabarnoma QQS boʻyicha soliq hisoboti doirasida beriladi.

Soliq qoʻmitasining mutaxassislari tafsilotlarni tushuntirishdi.

Muhim tushuntirishlardan hech birini oʻtkazib yubormaslik uchun bizning TG-kanalimizga obuna boʻling!

 

QQS hisob-kitobining 10006-37 kodli shaklining “Qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi toʻgʻrisida ma’lumotlar” boʻlimida moviy rangdagi katakchalarni qoʻlda toʻldirish lozim. Sariq rangdagi katakchalardagi axborot avtomatik tarzda toʻldiriladi.

Eslatib oʻtamiz

Tezlashtirilgan tarzda qoplash tartibi quyidagilarga nisbatan qoʻllaniladi  :

  • Oʻzbekistonning yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslariga;
  • soliq hisoboti bilan birga amaldagi bank kafolatini taqdim etgan yoki soliq organlari bilan garov shartnomasini SKning 107 yoki 109-moddalarida belgilangan tartibda rasmiylashtirgan soliq toʻlovchilarga;
  • eksport va unga tenglashtirilgan operatsiyalarni amalga oshiradigan shaxslarga – agar ilgari bu shaxslarga soliq summasi qoplangan va bunda qonunbuzarliklar aniqlanmagan boʻlsa, nol darajali soliq stavkasi qoʻllanilishi natijasida hosil boʻlgan soliqning oshib ketgan summalari qismida;
  • chet el diplomatik vakolatxonalariga va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalariga;
  • mahsulot taqsimotiga oid bitim ishtirokchilariga, agar bunday bitimda nol darajali stavka qoʻllanilishi nazarda tutilgan boʻlsa;
  • soliq monitoringi ishtirokchilariga.

Soliq summasi soliq toʻlovchiga quyidagi tarzda qaytariladi  :

umumiy tartibda – soliq organlari xabardor qilingan sanadan e’tiboran 30 kundan kechiktirmay;

tezlashtirilgan tartibda – 7 kun ichida.

 

Qaytarish toʻgʻrisida qaror qanday qabul qilinadi

Soliq organi kameral soliq tekshiruvi natijalariga koʻra soliq summasining oʻrnini toʻliq yoki qisman qoplash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi .

Kameral soliq tekshiruvi soliq toʻlovchi tomonidan xabarnoma taqdim etilgan kundan keyingi kundan boshlanadi va 50 kungacha boʻlgan muddatda yakunlanishi lozim  .

Yakuni boʻyicha qoplash amalga oshiriladigan soliq davri boʻyicha QQSning toʻgʻri hisoblanishi yuzasidan avval soliq auditi oʻtkazilgan boʻlsa, qoplanishi nazarda tutilgan soliq summasining asoslanganligi yuzasidan kameral soliq tekshiruvi oʻtkazilmaydi  .

Agar qaytarishning tezlashtirilgan tartibida kameral tekshiruv natijalari boʻyicha qisman qaytarish toʻgʻrisida qaror qabul qilinsa, soliq toʻlovchi unga asossiz ravishda qoplangan soliq summasini qoplash sanasidan to uni byudjetga toʻlash sanasigacha penya hisoblangan holda byudjetga toʻlashi shart .

QQSning manfiy summasini qaytarish (yoki qaytarishni rad etish) toʻgʻrisidagi qaror nusxasi soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi.

Oleg GAYeVOY tayyorladi


QQS: soliq hisobi — maslahatlar QQS QQS (soliq hisobi) — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text191693_soliq_organiga_qqsni_qaytarish_uchun_qanday_murojaat_qilish_kerak