Onlayn-rejimda texnik xizmatlar koʻrsatishda doimiy muassasa tashkil etiladimi

preview

“Tashkilot norezident boʻlgan tashkilot bilan bir necha yilga dasturiy ta’minotni kuzatib borish va maslahatlar berish boʻyicha xizmatlarga doir shartnoma tuzdi. Xizmatlar norezident roʻyxatdan oʻtkazilgan davlatda onlayn-rejimda koʻrsatiladi. Dasturiy ta’minotda texnik nosozlik aniqlangan taqdirda texnik xizmat koʻrsatish 1 kundan koʻp boʻlmagan muddatga Oʻzbekistonga kelgan holda koʻrsatiladi. Bu bir yilda 3-4 marta boʻlishi mumkin.

Norezidentda bu holda doimiy muassasa ochish majburiyati yuzaga keladimi?” 

Buxgalter.uz iltimosiga binoan savolga Soliq qoʻmitasining Soliq solish uslubiyati departamentining xalqaro soliq solish boʻlimi boshligʻi Ra’no ALIShAYeVA javob beradi:

Mutaxassislarning tushuntirishlarini oʻtkazib yubormaslik uchun bizning telegram-kanalimizga obuna boʻling.

 

– Sizning vaziyatingizda doimiy muassasani ochish kerak emas.

“Doimiy muassasa” tushunchasi quyidagi muhim mezonlarga ega:

  • faoliyat joyining mavjudligi;
  • faoliyat joyining doimiyligi;
  • tadbirkorlik faoliyatining ushbu faoliyat joyi orqali yuritilishi.

Agar Oʻzbekiston va norezidentning rezidentlik mamlakati bilan Konvensiya (Bitim) tuzilgan boʻlsa, DMni ochish zaruratini aniqlash uchun 5-“Doimiy vakolatxona” moddaning normalarini qoʻllash lozim.

Norezidentning Oʻzbekistondagi manbalardan olingan va DM bilan bogʻliq boʻlmagan daromadlaridan olinadigan soliq norezidentga daromad toʻlovchi soliq agenti tomonidan hisoblab chiqariladi va ushlab qolinadi. Bunday daromadlar jumlasiga, xususan, boshqaruvga oid, texnik yoki maslahat xususiyatiga ega xizmatlar uchun toʻlov sifatida belgilangan texnik xizmatlardan olingan daromadlar kiradi .

Bunda xalqaro shartnomaning qoidalarini hisobga olish lozim.

Konvensiyaning 7-moddasiga asosan  Ahdlashuvchi Davlat korxonasining foydasiga faqat shu Davlatda soliq solinadi, basharti u boshqa Ahdlashuvchi Davlatda DM orqali tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirmasa.

Yuqorida bayon etilganlarni inobatga olgan holda, agar norezidentning uskunani texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash va dasturiy mahsulotlarni kuzatib borish boʻyicha xizmatlarini koʻrsatish faoliyati Oʻzbekistonda DMni tashkil etmasa, uning daromadlari Oʻzbekistonda soliq solishdan ozod qilinadi.

Xalqaro shartnomaning qoidalarini qoʻllash uchun norezident tomonidan soliq agentiga soliq rezidentligini tasdiqlovchi hujjat daromadni toʻlash sanasidan kechiktirmay taqdim etiladi .

Misol
Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi Bitim boʻyicha soliq solish
Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi Bitimning 13-moddasiga asosan Oʻzbekistonda yuzaga keladigan va Hindiston rezidentiga toʻlanadigan texnik xizmatlar uchun toʻlovlarga: Hindistonda yoki Oʻzbekistonda Oʻzbekistonning qonun hujjatlariga muvofiq soliq solinishi mumkin.

Agar oluvchi bunday toʻlovlarning haqiqiy egasi boʻlsa, soliq texnik xizmatlar uchun toʻlovlar yalpi summasining 10 foizidan  oshmasligi kerak.

Texnik xizmatlar uchun toʻlovlar – bu har qanday texnikaviy boshqaruv yoki maslahatlar xususiyatidagi xizmatlarga nisbatan texnik xizmatlar uchun toʻlayotgan shaxsning xizmatchisi boʻlmagan har qanday shaxsga har qanday shaklda toʻlanadigan toʻlovlar .

Shu tariqa, Hindiston rezidentlarining hisoblash tizimlarini ish holatida saqlashni texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatganlik va dasturiy ta’minotni kuzatib borganlik uchun daromadlariga 10 foiz stavka boʻyicha soliq solinishi lozim.

 

 

Yuridik yordamchi — maslahatlar Yuridik yordamchi Yuridik yordamchi — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text191876_onlayn-rejimda_tehnik_hizmatlar_kursatishda_doimiy_muassasa_tashkil_etiladimi