Ijtimoiy soliq qaytarilishini qanday hisobga olish va hisobotda aks ettirish kerak

01.01.2025
author avatar

Dilorom SAIDOVA

«Norma» eksperti

Tavsiyada:

– ijtimoiy soliqni qaytarish tartibi;
– ijtimoiy soliqni qaytarishga ariza topshirish;
– ijtimoiy soliqning qaytarilishini buxgalteriya hisobida va foyda soligʻi boʻyicha hisobotda aks ettirish.

 

E’tibor bering

Tavsiya quyidagilarning daromadlaridan toʻlangan ijtimoiy soliqni qaytarish boʻyicha amal qiladi:

  • nogironligi boʻlgan shaxslarning – 2024 yil 1 martgacha ; 
  • 25 yoshgacha boʻlgan yosh xodimlarning – 2025 yil 1 yanvargacha .

 

Vaziyat: Korxonada nogironligi boʻlgan shaxslar hamda 25 yoshgacha boʻlgan yosh xodimlar ishlaydi. Shu bois korxona Prezidentning 21.12.2021 yildagi PQ-57-son qaroriga va 26.04.2023 yildagi PF-61-son Farmoniga muvofiq ijtimoiy soliqni qaytarish toʻgʻrisida ariza berdi. Ijtimoiy soliq byudjetdan qoplab berildi.

Ijtimoiy soliq qaytarilishini qanday hisobga olish va soliq hisobotida aks ettirish kerak?


Ijtimoiy soliqni qaytarish tartibi

2022 yil 1 martdan 2024 yil 1 martga qadar nogironligi boʻlgan shaxslarning daromadlaridan hisoblab chiqarilgan va byudjetga toʻlangan ijtimoiy soliq summasi byudjetdan korxonaga toʻliq hajmda qaytariladi .

Ushbu tartib quyidagilarga tatbiq etilmaydi:

  • byudjet tashkilotlariga;
  • davlat korxonalariga;
  • davlat ulushi 50% va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslarga.

Ijtimoiy soliq quyidagi shartlarda qaytariladi:

  • soliq summasi yettinchi oydan boshlab qaytariladi;
  • nogironligi boʻlgan xodim uzluksiz 6 oy davomida mehnat faoliyatini amalga oshiradi.

Masalan, agar xodim korxonada 2023 yil yanvardan boshlab ishlayotgan boʻlsa, 2023 yil iyul oyidan boshlab hisoblangan vabyudjetga toʻlangan daromadlaridan ijtimoiy soliq byudjetdan qaytarilishi mumkin.

Korxona soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali ijtimoiy soliqni qaytarish toʻgʻrisida ariza taqdim etadi. 

Ijtimoiy soliqni qaytarishga ariza qanday topshiriladi

1. my.soliq.uz saytida shaxsiy kabinetda «Xizmatlar» toifasida «Elektron hujjatlar aylanishi» boʻlimida «Ijtimoiy soliq summasini qaytarish» tugmasini tanlang.

2. Ochilgan oynada «Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun» ilovasini tanlang.

3. Arizachi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar (nomi, STIR, tashkilotning manzili va faoliyat turi) avtomatik ravishda shakllanadi.

4. Keyin yil va davrni (oylarni) tanlang.

5. Arizaga ilovani toʻldiring. Jadvalda nogironligi boʻlgan shaxsning JShShIR, soliq stavkasi, oylik ish haqi va oyni qoʻlda qayd eting. Agar ijtimoiy soliq summasini qaytarish uchun ariza bir necha oy oldin berilayotgan boʻlsa, u holda jadvaldagi satrlarni har bir oy uchun alohida bitta xodim boʻyicha toʻldiring.

6. Jadval toʻldirilgach, pastdagi satrlarda xodimlarning umumiy soni va qaytarilishi lozim boʻlgan ijtimoiy soliqning yakuniy summasi avtomatik ravishda shakllanadi.

7. Korxonaning bank rekvizitlari ham avtomatik ravishda shakllanadi.

8. «Arizani shakllantirish» tugmasini bosing. Ariza va unga ilovada keltirilgan ma’lumotlarning ishonchliligi va toʻliqligini tekshiring, keyin esa «Arizani joʻnatish» tugmasini bosing.

Arizaning maqomini «Joʻnatilgan arizalar» oynasida kuzatish mumkin.

Ijtimoiy soliqning qaytarilishini buxgalteriya hisobida va foyda soligʻi boʻyicha hisobotda qanday aks ettirish kerak

Ijtimoiy soliq summasini xarajatlarga kiriting, soliq qaytarilishini esa ilgari chegirib tashlangan xarajatlarning oʻrnini qoplash tarzidagi daromad sifatida aks ettiring.

Ijtimoiy soliq boʻyicha xarajatlar chegirib tashlanadigan xarajatlardir .

Ular:

  •  I–III choraklar uchun Foyda soligʻi hisob-kitobiga 2-ilovaning 0105-satrida;
  •  tovarlar (xizmatlar)ning ishlab chiqarish tannarxiga tegishli boʻlsa – bir yil uchun Foyda soligʻi hisob-kitobiga 2.1 (a) yoki 2.1 (b)-ilovaning 0202-satrida;
  •  boshqa xarajatlarga tegishli boʻlsa – bir yil uchun Foyda soligʻi hisob-kitobiga 2.1-ilovaning 0305-satrida aks ettiriladi.

Agar korxona Prezidentning 21.12.2021 yildagi PQ-57-son qarori boʻyicha imtiyozlardan foydalangan boʻlsa va ijtimoiy soliqni qaytarish uchun murojaat qilsa, unda soliq byudjetdan qaytarilayotganda, foyda soligʻini hisob-kitob qilishda qaytarilgan summani jami daromadga kiritish lozim.

Qaytarilgan summa – bu ilgari chegirib tashlangan xarajatlarning oʻrnini qoplash tarzidagi daromad. Unga boshqalar qatori xarajatlarning oʻrnini qoplash uchun davlat byudjetidan olingan summalar kiradi .

E’tibor bering
Olingan kompensatsiya u qaysi hisobot davrida olingan boʻlsa, oʻsha hisobot (soliq) davrining daromadi boʻladi . Ya’ni ijtimoiy soliq boʻyicha xarajatlarni va uning qoplab berilishi boʻyicha daromadlarni tan olishning hisobot (soliq) davrlari bir-biriga toʻgʻri kelmasligi mumkin.

Ijtimoiy soliqning qoplab berilgan summasini qoplab berish olingan hisobot davri uchun Foyda soligʻi hisob-kitobiga 1-ilovaning 221–228-satrlaridan birida aks ettiring.

Shu tariqa, foyda soligʻi boʻyicha adolatli soliq bazasini shakllantirishga erishiladi. Dastlab ijtimoiy soliq xarajatlarga kiritiladi va chegirib tashlanadi, byudjetdan qaytarilganda esa – jami daromadga kiritiladi.

Misol
Ijtimoiy soliq boʻyicha xarajatlarni va u boʻyicha qoplab berilgan daromadlarning Foyda soligʻi hisob-kitobida aks ettirilishi

6 oydan ortiq ishlagan nogironligi boʻlgan xodimlarning daromadlariga hisoblangan va toʻlangan ijtimoiy soliq miqdori:

  • yanvar oyida – 10 000 000 soʻm;
  • fevral oyida – 10 000 000 soʻm.

I chorak uchun foyda soligʻini hisoblab chiqarishda chegirib tashlanadigan xarajatlarga 20 000 000 soʻmni kiritamiz va uni Foyda soligʻi hisob-kitobiga 2-ilovaning 0105-satri 3-ustunida aks ettiramiz.

Soliq byudjetdan qaytarildi:

  • aprel oyida – 10 000 000 soʻm;
  • may oyida – 10 000 000 soʻm.

II chorak uchun jami daromadda (Hisob-kitobga 1-ilovaning 221–228-satrlaridan birida) 20 000 000 soʻmni aks ettiramiz.

Buxgalteriya hisobi:

  

Xoʻjalik operatsiyasining
mazmuni

Summa,
ming soʻm

Hisobvaraqlarning bogʻlanishi

debet

kredit

Yanvar oyi

Yanvar oyi uchun ijtimoiy soliq hisoblandi

10 000

Xarajatlarni hisobga oluvchi hisobvaraq (2000, 9400 yoki b.)

6520

Fevral oyi

Fevral oyi uchun ijtimoiy soliq hisoblandi

10 000

Xarajatlarni hisobga oluvchi hisobvaraq (2000, 9400 yoki b.)

6520

Aprel oyi

Byudjetdan ijtimoiy soliq qaytarildi

10 000

5110

9390

May oyi

Byudjetdan ijtimoiy soliq qaytarildi

10 000

5110

9390

E’tibor bering
Ijtimoiy soliqning qaytarilishi JShDS va ijtimoiy soliq hisob-kitobida aks ettirilmaydi hamda hisobot davri uchun hisoblangan ijtimoiy soliq summasini kamaytirmaydi.
Ekspertlar oʻz nuqtai nazarlaridan kelib chiqqan holda tushuntirish berganlar, bu Sizning mustaqil qaror qabul qilishingiz uchun asos boʻladi.

Buxgalter.uz yangiliklarini birinchi boʻlib olish uchun Telegram-kanalga obuna boʻling