9 oyni xatolarsiz yopamiz:
“Qirgʻiziston fuqarosi (jismoniy shaxs) QR-kodsiz rezidentlik sertifikati va saytga havolani taqdim etdi. Sertifikat soliq organining muhri va mas’ul xodimning imzosi bilan tasdiqlangan.
Bunday sertifikatga apostil qoʻyish kerakmi yoki muhr va imzo yetarli boʻladimi?”
Buxgalter.uz iltimosiga binoan savolga “Assistance In Tax” soliq maslahatchilari tashkiloti direktori Radmila KARIMOVA javob berdi:
– Norezident boʻlgan yuridik shaxs uchun soliq rezidentligini tasdiqlovchi hujjatga qoʻyiladigan talablar SKning 50-bobida belgilangan.
Oʻylaymizki, ushbu talablar norezident boʻlgan jismoniy shaxsning soliq rezidentligini tasdiqlovchi hujjatga ham qoʻllanishi mumkin.
Hujjat quyidagi turlardan birida taqdim qilinishi mumkin
:
1) norezident rezidenti boʻlgan chet davlatning vakolatli organi tomonidan tasdiqlangan asl nusxa. Shunday hujjatni berish konsullik legallashtirishi amalga oshirilgan va qonunchilikda belgilangan tartibda apostil qoʻyilgan holda bajariladi;
2) 1-band talablariga muvofiq boʻlgan hujjat asl nusxasining notarial tartibda tasdiqlangan koʻchirma nusxasi;
3) chet davlat vakolatli organining internet-resursida joylashtirilgan, soliq rezidentligini tasdiqlovchi elektron hujjatning qogʻozdagi nusxasi.
Sizning vaziyatingizda Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisidagi konvensiyaga murojaat qilish lozim. Oʻzbekiston unga 26.08.2019 yildagi OʻRQ-554-son Qonunga muvofiq qoʻshilgan.
Konvensiyaning 12-moddasida ahdlashuvchi tomonlardan birining hududida berilgan yoki vakolatli muassasa yoxud uning vakolati doirasida bunga maxsus vakolat berilgan shaxs tomonidan belgilangan shakl boʻyicha tasdiqlangan va gerbli muhr qoʻyilgan hujjatlar barcha boshqa ahdlashuvchi tomonlar hududlarida biror bir maxsus tasdiqlashsiz qabul qilinishi nazarda tutilgan.
Qirgʻiziston va Oʻzbekiston ushbu Konvensiyaning ishtirokchilari ekanligini e’tiborga olgan holda, Qirgʻizistonning rezidenti boʻlgan jismoniy shaxsning rezidentligini tasdiqlovchi hujjat apostilsiz va konsullik legallashtirishi amalga oshirilmagan holda taqdim etilishi mumkin. Norezident sizga hujjatning asl nusxasini muhr va bunday hujjatlarning Qirgʻizistonda berilishi va tasdiqlanishi uchun mas’ul boʻlgan shaxsning imzosi bilan taqdim etishi kerak.
![]()