Fevral oyida ekspertlarning materiallari siz uchun foydali boʻladi:
Prezidentning 26.02.2024 yildagi «Soliqqa oid ayrim huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini maqbullashtirish toʻgʻrisida»gi PF-39-son Farmoni qabul qilindi. SKning 227-1-moddasida nazarda tutilgan jarimalar pasaytiriladi, jarima solinganlarga esa moddaning amaldagi tahririga koʻra toʻlangan jarimaning 98 foizi qaytariladi.
SKning 227-1-moddasi quyidagi talablar va tartib buzilganligi uchun javobgarlikni nazarda tutadi:
- fiskal belgilarni aks ettirish boʻyicha;
- avtomatlashtirilgan hisobga olish oʻlchov vositalari bilan jihozlash boʻyicha;
- soliq organlarining aхborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash boʻyicha;
- tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalari.
Hozirgi vaqtda ushbu huquqbuzarliklar uchun realizatsiya amalga oshirilgan oхirgi hisobot choragida olingan sof tushum miqdorida jarima bilan jazolanadi.
Soliq kodeksiga oʻzgartirishlar kiritilganidan soʻng jarima kamaytiriladi. Huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etiganlar realizatsiya amalga oshirilgan oхirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 2 foizi miqdorida jarimaga ega boʻlishadi.
Huquqbuzarlikni moliyaviy jarima qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etganlarga – 20 foiz miqdorida jarima solinadi.
Bundan tashqari, SK 227-1-moddasining amaldagi tahriri doirasida qoʻllanilgan moliyaviy sanksiyalar boʻyicha:
- qarzdorlikning 98 foizi hisobdan chiqariladi;
- undirish bilan bogʻliq sud va ijro ishlari tugatiladi;
- jarimani toʻlaganlar uchun summaning 98 foizi kelgusi soliq toʻlovlari hisobiga inobatga olinadi.
Soliq kodeksiga oʻzgartirishlar kiritilguniga qadar amaldagi SKning 227-1-moddasiga muvofiq moliyaviy jarimalar va ma’muriy jazo choralari qoʻllanilmaydi.
![]()