Oʻzbekistonda zargar tadbirkorlarni qanday soliq imtiyozlari kutmoqda

preview

Zargar yakka tartibdagi tadbirkorlar zargarlik sohasini rivojlantirish boʻyicha boshqa choralar jumlasida soliq va bojxona imtiyozlariga, shu jumladan – QQS boʻyicha imtiyozga ega boʻlishadi.

Bu haqda batafsil – buxgalter.uz sharhida:

 

Soliqlar va hisobga olish boʻyicha soʻnggi yangiliklarni oʻtkazib yubormaslik uchun bizning Telegram-kanalimizga obuna boʻling.

 

– Prezident Shavkat Mirziyoyev zargarlik sohasini rivojlantirish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqdi. Oʻzbekistonda qazib olinayotgan oltinning atigi 6 foizi qayta ishlanadi. Ushbu koʻrsatkichni oshirish uchun quyidagilar rejalashtirilgan:

  • tadbirkorlar uchun  “zargarlik zonalari”ni tashkil etish (pilot loyihalar – Toshkent shahri va Namangan viloyatida);
  • sohaga xomashyo yetkazish, mutaxassis tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish;
  • “Hunarmand” uyushmasi ustalari uchun berilgan imtiyozlarni “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasiga a’zo boʻlgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham tatbiq etish.

Eslatib oʻtamiz!

“Hunarmand” uyushmasi a’zolari :

– hunarmandchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilishni amalga oshirish qismida qat’iy belgilangan miqdordagi soliqni toʻlashdan ozod qilingan;

– oʻz mahsulotlarini eksport qilishdan tushgan xorijiy valyutani erkin tasarruf etadi, bank hisob raqamidagi chet el valyutasini naqd shaklda olishi mumkin;

– xorijiy mamlakatlarda oʻtkazilgan koʻrgazma, festival, yarmarka davomida mahsulotlarni eksport shartnomalari tuzilmasdan sotadi, buning natijasida olingan daromad esa eksport tushumi hisoblanmaydi;

– tashqi reklamani joylashtirganlik uchun mahalliy byudjetga toʻlovning 50 foizi miqdorida chegirmadan foydalanadi;

– doimiy savdo joylariga ega boʻlmagan va vaqtinchalik joylarda savdo qiluvchi hunarmandlar tomonidan kassa apparatlari va savdo terminallaridan foydalanish, shuningdek, savdodan tushgan naqd pul tushumini inkassatsiya qilish ixtiyoriy tartibda amalga oshiriladi;

– hunarga koʻrsatilgan xizmatlar uchun soliq olinmagan holda oʻqitishlari mumkin.

  • 2026 yil 1 oktyabrga qadar Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan hamda zargarlik sohasida foydalaniladigan asbob-uskunalar, qadoqlash va markirovkalash mahsulotlariga nisbatan bojxona boji va QQSning nol stavkasini belgilash;
  • zargarlik buyumlarini AQShga “GSP” tizimi boʻyicha eksport qilish uchun bojxona toʻlovlarining nol stavkasini belgilash.

E’tibor bering

Barcha yuqorida keltirib oʻtilgan imtiyozlar faqat rejalashtirilmoqda. Ular tasdiqlanganidan soʻng tegishli NHH chiqadi.

Davlatimiz rahbari takliflarni qayta ishlash va 2024–2027 yillar uchun sohani rivojlantirish boʻyicha dasturni taqdim etishga topshiriq berdi.

Eslatib oʻtamiz, avval mahalliy zargarlarni qoʻllab-quvvatlash uchun kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgan . U 2019 yildan 2023 yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan va tadbirkorlar uchun quyidagilarga ruxsat berishni oʻz ichiga olgandi:

  • buyumlarning asillik darajasini mustaqil belgilash va ularga asillik darajasi belgisi izlarini qoʻyish;
  • oʻzlari ishlab chiqargan mahsulotni chakana tartibda sotish;
  • aholidan qimmatbaho metallar va toshlar parchalarini sotib olish;
  • NKMK va OKMKdan qimmatbaho metallarni toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olish;
  • soliq va bojxona imtiyozlarini oʻz ichiga oladigan boshqa choralar. Biz bu haqda bu yerda batafsil yozganmiz.

Manbaga qarang.

 

Saida JONIZOQOVA tayyorladi


Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text200800_uzbekistonda_zargar_tadbirkorlarni_qanday_soliq_imtiezlari_kutmoqda