Endi yirik soliq toʻlovchilar qanday aniqlanadi

preview

Yuridik shaxslarni yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritishning mezonlarini belgilash toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Hujjat 2024 yil 2 iyuldan kuchga kirdi. Tafsilotlar – buxgalter.uz sharhida:

 

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormaslik uchun bizning Telegram-kanalimizga obuna boʻling.

 

1. Tashkilotni yirik soliq toʻlovchilar jumlasiga kiritishga asos boʻladigan sof tushum chegarasi oshirildi.

Ilgari bu 100 mlrd soʻm edi. Endi mahsulot (tovar, ish va xizmat)larni sotishdan olingan sof tushumi oʻtgan kalendar yil yakuni boʻyicha BHMning 735 ming baravaridan yuqori boʻlgan yoki ketma-ket keladigan 12 oylik davr yakuni boʻyicha ushbu miqdordan oshgan hamda xodimlar soni oʻrtacha yillik 10 nafardan kam boʻlmagan yuridik shaxslar, chet el yuridik shaxslarining Oʻzbekistondagi doimiy muassasalari (boʻlinmalari) yirik soliq toʻlovchilarga kiradi. Istisno – paxta-toʻqimachilik klasterlari, toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar, alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalar.

2. Yirik soliq toʻlovchilar jumlasiga quyidagilar kiritildi: NKMK, OKMK, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ hamda ular ta’sischilar hisoblangan tashkilotlar.

Eski tahririda yirik soliq toʻlovchilar toifasiga yuqorida aytib oʻtilgan tashkilotlar hamda ularning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar kirgan.

3. Tijorat banklari, tovar-xom ashyo, fond va valyuta birjalari bilan bir qatorda yirik soliq toʻlovchilar toifasiga sugʻurta tashkilotlari ham qoʻshildi.

4. Alkogol va pivo mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiruvchi aksiz soligʻiga tortiladigan tovarlarni ishlab chiqaruvchi va aksiz toʻlanadigan xizmat koʻrsatuvchi korxonalar roʻyxatidan chiqarildi.

Ilgari istisnolar boʻlmagan.

5. Yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslar kalendar yil yakuni bilan Nizomning  4-bandida koʻrsatilgan mezonlarga javob bermasa, ushbu xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar navbatdagi 3 yil mobaynida yirik soliq toʻlovchilar toifasida qoladi, bundan mazkur mezonlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan holatlar mustasno.

Ilgari istisnolar boʻlmagan.

Yirik soliq toʻlovchilar roʻyxati har yili keyingi soliq davri boshlangunga qadar ilgarigidek 1 oydan emas, balki 3 oydan kechikmay Soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.

Manbaga qarang.

 

 

 

 

Buxgalteriya hisobi va soliq solishga doir normativ hujjatlardagi yangi oʻzgarishlar Yangiliklar Yangiliklar /oz/publish/doc/text201165_endi_yirik_soliq_tulovchilar_qanday_aniqlanadi