2024 yil yakuni boʻyicha moliyaviy hisobotni topshirishga tayyorlanamiz

preview

Turli mulkchilik shaklidagi xoʻjalik sub’yektlari buxgalterlari yangi Moliyaviy hisobotlarni taqdim etish muddatlari hamda ularning tarkibi  va mazmuni toʻgʻrisidagi nizom (04.11.2024 y. AV roʻyxat raqami 3567-son) 1 yanvardan kuchga kirishi munosabati bilan moliyaviy hisobotning muddatlari va shakllari haqida koʻp soʻrashmoqda.

Buxgalter.uz uchun bu muhim jihatni soliq maslahatchisi Gulnora ERGAShEVA tushuntirib berdi:  

Yangi tushuntirishlarni oʻtkazib yubormaslik uchun Telegram-kanalimizga obuna boʻling.

 

– Eng avvalo, Nizom buxgalteriya hisobi sub’yektlari (byudjet va sugʻurta tashkilotlari, tijorat banklari va nobank kredit tashkilotlaridan tashqari) uchun moliyaviy hisobotni taqdim etish muddatlari, uning tarkibi va mazmunini belgilaydi.

Moliyaviy hisobotning mazmuni va tarkibi BHMS va MHXSga muvofiq tuziladigan moliyaviy hisobot shakllari bilan belgilanadi.

Yillik moliyaviy hisobot qonun hujjatlarida belgilangan davlat organlariga:

  • BHMS boʻyicha – hisobot yilidan keyingi yilning 1 martidan kechiktirmay;
  • MHXS boʻyicha – hisobot yilidan keyingi yilning 1 mayidan kechiktirmay taqdim etiladi.

BHMSga muvofiq moliyaviy hisobot tuzadigan sub’yektlar uchun u quyidagilardan iborat:

  • buxgalteriya balansi;
  • moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobot;
  • xususiy kapital toʻgʻrisidagi hisobot;
  • pul mablagʻlari harakati toʻgʻrisidagi hisobot;
  • izohlar, hisob-kitoblar va tushuntirishlar (moliyaviy hisobotga izohlar).

Mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun moliyaviy hisobot quyidagilardan iborat:

  • buxgalteriya balansi;
  • moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobot.

Va nihoyat, MHXS boʻyicha moliyaviy hisobot tarkibida:

  • moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobot;
  • foyda yoki zarar va boshqa umumiy daromad toʻgʻrisidagi hisobot;
  • xususiy kapitaldagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi hisobot;
  • pul mablagʻlari harakati toʻgʻrisidagi hisobot (bilvosita usul);
  • hisob siyosatining muhim elementlari qisqacha tavsifi va boshqa tushuntirish ma’lumotlarini oʻz ichiga olgan izohlar (moliyaviy hisobotga izohlar).

Kimlar kichik tadbirkorlik sub’yekti hisoblanadi

Mikrofirmalar va kichik korxonalar toifasiga kiritish uchun xodimlarning oʻrtacha yillik sonini aniqlash kerak.

Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunning 5-moddasiga muvofiq kichik tadbirkorlik sub’yektlari quyidagilar hisoblanadi:

1) yakka tartibdagi tadbirkorlar;

2) xodimlarning oʻrtacha yillik soni quyidagicha boʻlgan mikrofirmalar:

  • ishlab chiqarish tarmoqlarida – 20 kishidan koʻp boʻlmagan;
  • xizmat koʻrsatish sohasi va boshqa noishlab chiqarish tarmoqlarida – 10 kishidan koʻp boʻlmagan;
  • ulgurji, chakana savdo va umumiy ovqatlanishda – 5 kishidan koʻp boʻlmagan;

3) xodimlarning oʻrtacha yillik soni quyidagicha boʻlgan kichik korxonalar:

  • yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati va qurilish materiallari sanoatida – 200 kishidan koʻp boʻlmagan;
  • metallga ishlov berish va asbobsozlik, yogʻochni qayta ishlash, mebel sanoati, shuningdek boshqa sanoat-ishlab chiqarish sohasida – 100 kishidan koʻp boʻlmagan;
  • mashinasozlik, metallurgiya, yoqilgʻi-energetika va kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash, qurilish hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa sanoat-ishlab chiqarish sohasida – 50 kishidan koʻp boʻlmagan;
  • fan, ilmiy xizmat koʻrsatish, transport, aloqa, xizmat koʻrsatish sohasi (sugʻurta kompaniyalaridan tashqari), savdo va umumiy ovqatlanish hamda boshqa noishlab chiqarish sohalarida – 25 kishidan koʻp boʻlmagan.

Kichik tadbirkorlik sub’yektlari xodimlarining oʻrtacha yillik soni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlanadi. Bunda oʻrindoshlik, pudrat shartnomalari va fuqarolik-huquqiy tusdagi boshqa shartnomalar boʻyicha ishga qabul qilingan xodimlar soni, shuningdek unitar korxonalar, vakolatxonalar va filiallarda ishlayotganlar soni ham hisobga olinadi.

Bir nechta faoliyat turi (koʻp tarmoqli) bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar yillik aylanma hajmida ulushi ustunlik qiladigan faoliyat turi mezonlari boʻyicha kichik tadbirkorlik sub’yektlariga kiritiladi.

 

 

 

Moliyaviy hisobot — maslahatlar Moliyaviy hisobot Moliyaviy hisobot — buxgalter.uz ekspertlarining maslahatlari: tushuntirishlar, misollar va koʻp beriladigan savollarga javoblar. /oz/publish/doc/text203972_moliyaviy_hisobotning_mhhsga_muvofiq_shakllari_tasdiqlandi