Qimmatli qogʻozlar boʻyicha bitimlarni soliqqa tortishdagi oʻzgarishlar

preview

REPO operatsiyalari boʻyicha daromad endi daromad sifatida hisobga olinmaydi. Shuningdek, soliq toʻlovchilarning qimmatli qogʻozlarni sotib olishga yoʻnaltirilgan ish haqi va boshqa daromadlarining bir qismiga soliq solinmaydi. Bu 17.04.2025 yildagi OʻRQ-1057-son Qonun bilan nazarda tutilgan. Tafsilotlarni norma.uz portali keltirmoqda.

Hujjat 17 apreldan kuchga kirdi, tegishli oʻzgartirishlar Soliq kodeksiga kiritildi. Nimalar aniq oʻzgardi?

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormaslik uchun Telegram-kanalimizga obuna boʻling.

 

Soliq kodeksiga kiritilayotgan oʻzgartirishlarga muvofiq, kripto-birjalarda operatsiyalarni amalga oshiruvchi norezident yuridik shaхslar birja savdolari amalga oshiriladigan joydagi soliq organida hisobga qoʻyilishi lozim.

REPO operatsiyalari boʻyicha daromad daromad sifatida hisobga olinmaydi.

Quyidagi bitimlarni sotuvchi (emitent bundan mustasno) tomonidan amalga oshirilganda qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organiga quyidagi yigʻimlar toʻlanadi:

  • qimmatli qogʻozlar bilan uyushgan birjadan tashqari savdolarda tuzilgan bitimlar – bitim summasining 0,3%;
  • emissiyaviy qimmatli qogʻozlar boʻyicha birja savdolarida tuzilgan bitimlar – bitim summasining 0,01%.

Koʻrsatilgan bitimlar boʻyicha sotuvchining, shu jumladan norezidentlarning daromadlariga foyda soligʻi va JShDS solinmaydi.

Shuningdek, quyidagi barcha shartlarga rioya qilinganda, soliq davri mobaynida mahalliy qimmatli qogʻozlar bozorida chiqarilgan qimmatli qogʻozlarni sotib olish uchun shaхsiy investitsiya hisobvaragʻiga yoʻnaltiriladigan ish haqi va soliq toʻlovchining boshqa daromadlarining bir qismiga soliq solinmaydi:

  • yoʻnaltirilgan mablagʻlarning umumiy summasi MHEKMning 100 baravaridan oshmasa;
  • pul mablagʻlari shaхsiy investitsiya hisobvaragʻiga birinchi marta oʻtkazilgan sanadan boshlab 12 oy davomida qaytarilmasa. Bunda shaхsiy investitsiya hisobvaragʻiga oy davomida yoʻnaltiriladigan mablagʻlar summasi MHEKMning 20 baravaridan oshishi mumkin emas;
  • shaхsiy investitsiya hisobvaragʻidagi pul mablagʻlari qimmatli qogʻozlarni sotib olish uchun foydalanilsa.

Agar bu shartlarga rioya qilinmasa, shaхsiy investitsiya hisobvaragʻidagi mablagʻlar toʻlov manbaida soliqqa tortiladi.

Manbaga qarang.

 

 

 

Qonunchilikdagi yangiliklar. Normativ qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar. Qonunchilikdagi yangiliklar Qonunchilikdagi yangiliklar /oz/publish/doc/text207769_qimmatli_qogozlar_buyicha_bitimlarni_soliqqa_tortishdagi_uzgarishlar