9 oyni xatolarsiz yopamiz:
QQSni 6 foizlik stavkada hisoblashning soddalashtirilgan tartibiga oʻtgan mehmonxonalarda EHFni rasmiylashtirishda texnik muammo yuzaga keldi: tizim «imtiyoz summasi notoʻgʻri koʻrsatilgan» degan xatolik beradi, shu sababli hujjat oʻtmaydi va kontragentga yuborilmaydi.
Eng soʻnggi tezkor yangiliklarni oʻtkazib yubormaslik uchun Telegram-kanalimizga obuna boʻling.
Buxgalterlarning oʻzlari gap turistik yigʻimda ekanini fahmlab qolishdi. Turistik yigʻim MXIK kodi (11199008003000001) ushbu summaga QQS solinmasligini koʻrsatishga imkon bermaydi. Shu sababli, EHF yuborishda yoki NKT chekini berishda 6 foizlik QQS stavkasi avtomatik tarzda, jumladan, turistik yigʻim summasiga ham qoʻllanadi, vaholanki, qonunchilikka koʻra turistik yigʻimga soliq solinmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida turistik (mehmonxona) yigʻimni undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 8-bandiga muvofiq
joylashtirish vositalari va davolash muassasalari tomonidan undiriladigan turistik (mehmonxona) yigʻim summalari ularning tushumi (foydasi) deb e’tirof etilmaydi hamda ularga foyda soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq, QQS va boshqa majburiy toʻlovlar va yigʻimlar solinmaydi.
Soliq qoʻmitasi nima dedi?
Buxgalter.uz ushbu muammo boʻyicha Soliq qoʻmitasiga soʻrov yubordi. Idora bu texnik xato ekanligini tasdiqladi – mutaxassislar allaqachon uni bartaraf etish ustida ishlamoqda.
Yangilanish: 2026 yil 10 iyul holatiga koʻra, mehmonxonalar turar joy xizmatlari boʻyicha EHFni kontragentlarga bemalol rasmiylashtirib, yuborishi mumkin — turistik yigʻim bilan bogʻliq xatolik bartaraf etildi.
![]()